San'at instituti talabasi 5 kundan beri komada. Kursdoshlar janjali jiddiy oqibatga olib keldi
O‘zbekiston san'at va madaniyat institutining 20 yoshli talabasi 5 kundan buyon komada qolmoqda. Namanganlik yigitni kursdoshining ukasi «turtib yuborgani» aytilyapti.
Holat bo‘yicha Jahongir Akramovning otasi Odiljon Valiyev Kun.uz'ga murojaat qilib, o‘g‘li Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida bir necha kundan beri hushsiz yotgani, aybdorlar haqida ma'lumot yo‘qligini ma'lum qildi.
Ota o‘g‘lining kasalxonaga tushganini eshitgach, Rossiyadagi ishini tashlab, 21 fevral kuni Toshkentga yetib kelganini aytmoqda.
«O‘g‘lim O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti 1-bosqichida o‘qiydi. Men Rossiyada ishlayman. Yaqinlarim o‘g‘limning og‘ir ahvolda kasalxonaga tushgani xabarini berishdi. Shundan so‘ng Toshkentga yetib keldim.
O‘g‘lim 20 fevraldan beri koma holatida yotibdi. Shifokorlarga rahmat. Barcha kerakli muolajalarni qilishmoqda. Lekin o‘g‘limni kim urgan, necha nafar bola bo‘lgan – menga qorong‘i.
Hozircha ikki kishi urganganini aytishmoqda. Lekin men buni ikki kishi qilganiga ishonolmayapman. Aybdorlar jazosini olishi kerak», – deydi bemorning otasi Odiljon Valiyev.
Jahongir Akramov yotgan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Neyroxirurgiya bo‘limi shifokorlarilarning aytishicha, Jahongir 19 fevral kuni tez tibbiy yordam markaziga olib kelingan. Jarohatlar jiddiyligi sababli bu haqda IIBga ma'lum qilingan.
Shifokorlar talaba kechasi soat 2:00larda operatsiya qilingani, kerakli barcha muolajalar olib borilgani, bemor hamon koma holatida ekanini aytishdi.
«Jahongirga shikast yetkazgan bolani tanimaymiz, u bola bizning institut talabasi emas» — institut kafedra mudiri
Holat bo‘yicha izoh olish uchun Jahongir Akramov tahsil olayotgan O‘zbekiston san'at va madaniyat institutiga bordik.
«Qo‘g‘irchoq san'ati» kafedrasi mudiri A'zamjon Abduxalilovning aytishicha, Jahongir bilan urishgan va unga shikast yetkazgan bola institut talabasi emas. Shuningdek, janjal institut hududida bo‘lmagan.
«19 fevral, juma kuni tushlik vaqtida janjal haqida eshitdik. Janjal institut hududidan tashqarida bo‘lgan. Men ko‘chaga chiqqanimda Milliy gvardiya mashinasida Jahongirni urgan bolani olib ketishayotgan edi.
Zudlik bilan tez tibbiy yordam chaqirtirildi. Jahongir kasalxonaga olib borilayotgan vaqtda hushida bo‘lgan, gapirgan. Ustozlari va universitet vakillari bir necha kundan beri borib, xabar olishmoqda.
Shundan so‘ng tezda Jahongirning yaqinlariga xabar berdik. Shu yerda ishlaydigan ukasi keldi. Jahongirni urgan bola bizning talaba emas. Biz uni tanimaymiz ham. Jahongir bilan oldin bunaqa holat bo‘lmagan. Darslarda ham quvnoq va faol talaba edi», – dedi kafedra mudiri.
Ichki ishlar bo‘limi profilaktika katta inspektori: «Jahongir e'tirozim yo‘q deb yozib bergan»
Voqea tafsilotlarini o‘rgangan profilaktika katta inspektori Ravshan Qurbonaliyev bilan bog‘landik.
«Kelishmovchilik dastlab Jahongir va uning kursdoshi o‘rtasida boshlangan. Jahongir uning yuziga urib, burnini qonatgan. Buni eshitgan kursdoshining ukasi institutga kelib, Jahongirni tashqariga olib chiqqan.
Kursdoshining ukasi o‘zaro tortishuv vaqtida bexosdan Jahongirni itarib yuborgan. Jahongir boshi bilan yerga tushgan. Orqa miyasi shikastlangan va tez yordam mashinasi bilan shifoxonaga olib borilgan.
Men o‘zim shifoxonada Jahongir bilan suhbatlashdim. Ahvoli yaxshi edi. U «da'voyim yo‘q» deb yozib berdi. Buni videotasvirga ham olganman. (Inspektor videoni ko‘rsatdi, unda haqiqatan ham Jahongir da'vosi yo‘qligini aytgan – tahr.).
Jahongir koma holatiga tushgandan so‘ng buvasi qayta ariza berdi. Uni urgan bola bundan oldin ham bir necha bor institutga kirib-chiqib yurgan. Sababi, shu yerga o‘qishga kirish uchun darslarga qatnashar ekan. Biz bu bo‘yicha qorovullardan tushuntirish xatlarini ham oldik.
U yigit bizning nazoratimizda. Har kuni chaqirilgan vaqtda oldimizga kelib ketadi. Hozirda tergov organi surishtiruv ishlarini olib boryapti.
Jahongir hushiga kelsa, tibbiy ekspertizadan o‘tkaziladi. Hozir uni urgan bolani qamab qo‘yishga haqqimiz yo‘q. Surishtiruv ishlari yakunlangandan so‘ng chora ko‘riladi», – deydi profilaktika katta inspektori Ravshan Qurbonaliyev.
Keyinchalik Ravshan Qurbonaliyev bilan qayta bog‘langanimizda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma'lum qildi.
Yoshlik – beboshlikmi?
To‘g‘ri, ayni 20 yoshda inson qiziqqon, oqibatini o‘ylamay ish qilishga moyil bo‘lishi tabiiy. Chunki ota-onasi yoki ustozlari ularni doim ham orqasidan kuzatib yurishlariga vaqti, imkoniyati yo‘q.
Lekin oddiy bir gapning yoxud tushunmovchilikning orqasidan katta xatolar kelib chiqadi. Bunda bir jon butun umr nogiron bo‘lib qolishi yoxud bu olamni bevaqt tark etishi ham hech gap emas.
Bu holat barchaga, xususan farzand o‘stirayotgan ota-onalar, ta'lim muassasalari, yoshlar bilan ishlash va jamoat tartibi uchun mas'ul idoralar xodimlariga saboq bo‘ladi, deb umid qilamiz. Zero, eng katta jinoyat bu – befarqlik.
Rahmatillo Isroilov
Mavzuga oid
17:10
Toshkentda Askiya bozori joylashgan yer investorga beriladi
09:10 / 15.11.2024
Toshkentda dorilar savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar ushlandi
18:38 / 13.11.2024
“Sharoitidan ham, o‘qituvchilaridan ham qo‘rqib ketdim” - Toshkentdagi o‘quv markazidan odamlar norozi
15:05 / 12.11.2024