10:14 / 03.01.2021
61876

BHM oshishi talabalarning kontrakt to‘lovi bo‘yicha savollarni tug‘dirmoqda

O‘zbekistondagi talabalar ish haqi, nafaqa va stipendiya miqdori oshirilishi haqidagi yangilikni hadik bilan kutib olishadi. Sababi, ularning aksariyati to‘laydigan kontrakt miqdori ham oshadi.

Prezident qaroriga muvofiq, 2021 yil 1 fevraldan budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, nafaqa va stipendiya miqdori 10 foizga oshirilishi belgilangan.

  • mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori - 747,3 ming so‘m miqdorida (hozir 679,3 ming so‘m);
  • bazaviy hisoblash miqdori - 245 ming so‘m miqdorida (hozir 223 ming so‘m) belgilangan.

Tabiiyki, qonunchilikka muvofiq jarimalar va talabalarning kontrakti ham 1 fevraldan 10 foizga oshishi kerak. Sababi aniq – kontraktlar mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga bog‘lab qo‘yilgan. Demak, endigina dastlabki yarim yillik kontraktni to‘lab qutulgan talabalar va ota-onalar aynan ikkinchi yarim yillikda, ya'ni mart oyida yangi oshirilgan to‘lovning harakatini qilishlari zarur bo‘ladi.

Bu mavzu ko‘tarilganda qator savollar tug‘iladi.

Masalan, o‘tgan yil 8 avgust kuni Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Inomjon Majidov kontrakt to‘lovi o‘zgarishi masalasida so‘zlarkan, 2020-2021 o‘quv yilida kontrakt to‘lovi miqdori o‘zgarishsiz qolishi haqida aytgandi.

Vazirning bu so‘zlari yuqoridagi qaror bo‘yicha yangi narxlarga tatbiq etiladimi, yo‘qmi?

Yana ma'lumki qator oliy ta'lim muassasalari, masalan, Toshkent davlat yuridik universitetiga moliyaviy mustaqillik belgilangan va bu OTM kontrakt miqdorini o‘zi belgilaydi. Ish haqlari va stipendiyalar oshishi natijasida moliyaviy mustaqil OTMlar kontrakti qanday o‘zgaradi?

Shuningdek, ayrim ota-onalar kontraktni to‘liq yillik to‘lab qo‘yishgan, endi ular qo‘shimcha mablag‘ to‘lashlari zarur bo‘ladimi?

Ayni paytda dam olish kunlari bo‘lgani uchun vazirlik va idoralar bu borada rasmiy izoh bermadi. Ammo ish kunlari boshlanishi bilan bu mavzu alohida matbuot anjumani uyushtirishga arziydi.

Kun.uz’ning vazirliklardan biridagi manbasi ma'lum qilishicha, ayni paytda kontraktlar oshirilishi rejalashtirilmayapti.

Ta'kidlash joiz, so‘nggi yillarda kontrakt to‘lovlari bo‘yicha qator islohotlar o‘tkazildi. Xususan, tarixda kuzatilmagan voqea yuz berib, kontrakt miqdori tushirildi. Shu bilan birga, to‘lovni oyma-oy bo‘lib to‘lash imkoniyati ham berilgani e'lon qilindi.

Eslatib o‘tamiz, prezident farmoni bilan 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab respublika oliy ta'lim muassasalari talabalariga o‘quv yili davomida o‘qish uchun to‘lovlarni teng ulushlarda kamida to‘rt marotaba amalga oshirish imkoniyati taqdim etilishi belgilangan.

Mavzuga oid
Top