Jamiyat | 19:58 / 24.09.2025
6722
4 daqiqa o‘qiladi

 “Tutunli Albion”: Qashqadaryoda shunday joy borligini bilarmidingiz?

Qarshi tumani Mang‘it mahallasi aholisi Kun.uz’ga murojaat qilib, yillar davomida ularni bezovta qilib kelayotgan og‘ir ekologik muammoga e’tibor qaratishni so‘ragan. G‘uzor va Qarshi tumanlari chegarasidagi chiqindixonada deyarli har kuni yong‘in kelib chiqishi va aholi sog‘lig‘iga zarar yetkazayotgani ma’lum qilingan.

Mang‘it mahallasida istiqomat qiluvchi Arslon Yavqochdiyev aholi bu holatdan zada bo‘lib qolganini aytmoqda.

«Kechki 18:00-19:00 atrofida chiqindixona yonadi. Ertalab butun qishloq tutun ichida qoladi. Bolalarimiz, keksalarimiz nafas yo‘llari bilan bog‘liq kasallikka chalinyapti. Ko‘pchilikning terisida yara-chaqa ko‘paygan. Hech kim bu muammoga jiddiy e’tibor qaratmayapti», – deydi Yavqochdiyev.

Kun.uz’ga yuborilgan videolarda butun chiqindixona yong‘in ichida qolgani, ayollar qo‘lida esa kasallik alomatlari paydo bo‘lgani aks etgan.

Qashqadaryo bo‘yicha poligonlar direksiyasi rahbari Jamshid Usmonov bilan bog‘landik. Uning ma’lumot berishicha, mazkur chiqindixona 2017 yilda tashkil etilgan va 2025 yil yanvaridan direksiya nazoratiga o‘tgan.

«Chiqindilarni yoqib yuborishdan bizga hech qanday manfaat yo‘q. Aksincha, 2027 yilda chiqindi qayta ishlash zavodi qurilishi rejalashtirilgan. Shuning uchun chiqindi zaxirasini saqlab borishimiz foydali», – deydi Usmonov.

Shu bilan birga, u chiqindixonada tez-tez yong‘in sodir bo‘layotganini tasdiqladi va 24 sentabr kuni G‘uzor tumani IIBga bu holat yuzasidan murojaat qilinganini ma’lum qildi.

20 sentabr kuni Qashqadaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda iqlim o‘zgarishi boshqarmasi axborot xizmati rahbari Karima Yadgarova bilan ham telefon orqali bog‘landik. U avvaliga «Chiqindilar eski, turib-turib o‘zi yonib ketyapti», – degan javobni berdi.

Biroq, bu noodatiy javobdan qoniqmay, mutaxassislar bilan maslahatlashib, munosabat berishlarini so‘radik. Xodimning keyingi javobi ham oldingisidan unchalik farq qilmadi: «Chiqindixonada hech qanday yong‘in kuzatilmagan, sizlarga tashlangan ma’lumot ikki-uch oy avvalgi» degan munosabatni berdi ekologlar.

Ammo Kun.uz tahririyatidagi videolar va mahalliy aholi ko‘rsatmasiga ko‘ra, 16 sentabr kuni chiqindixonada yong‘in qayd etilgan. 21 sentabrda ham chiqindixona tutun ichida qolgan.

Muammo haqida Qashqadaryo viloyati hokimligiga ham xabar berilgan. Ammo hokimlik masalaga jiddiy qaramayapti shekilli, vaziyatni bartaraf etish bo‘yicha hech qanday tashabbus ko‘rsatmadi.

Mang‘it mahallasi va atrof qishloqlar aholisiga ko‘ra, chiqindixonada yong‘inlar so‘nggi besh yildan beri muntazam davom etib kelgan. Ularning mas’ul idoralarga qilgan murojaatlari esa samarasiz qolmoqda.

Holatdan aziyat chekayotganlar manzarani «Tumanli Albion», ya’ni Angliyaga qiyoslashdi. Biroq Qashqadaryoda paydo bo‘lgan «tutunli Albion» romantik manzara emas, aholi hayotini izdan chiqarayotgan, sog‘liqni xavf ostiga qo‘yayotgan hodisa.

Savol tug‘iladi: Qashqadaryoning «tutunli Albion»ga aylangan hududi qachongacha e’tiborsiz qoladi?

Isomiddin Po‘latov,

Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid