Jamiyat | 18:52 / 24.08.2015
3394
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil sudi shanba kunlari futbol o‘yinlari o‘tkazishni taqiqladi

Isroilning mehnat ixtiloflari bo‘yicha sudi shanba kunlari futbol o‘yinlari o‘tkazishni taqiqladi. Bu haqda Isroil televideniyesi orqali xabar qilindi.
Sud qarori Isroil futbol uyushmasini 7 sentabrga qadar shanba kunlari o‘yin o‘tkazishni to‘xtatishga chaqiradi. Shu kuni sudning navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tadi.

Yahudiylik dini qonunlariga ko‘ra, shanba haftaning yettinchi kuni bo‘lib, dam olish kuni hisoblanadi. Shu bois bir guruh futbolchilar sudga murojaat qilib, o‘z kasblari tufayli shanba kunlari ishlashga majbur bo‘layotganlaridan arz qilishgan edi.

“Shanba kunlari futbol o‘yinlari o‘tkazish jinoyatdir, shu bois men bu o‘yinlarni o‘tkazishga ruxsat bera olmayman, - dedi sudya Ariela Giltser-Kats. – Ayni paytda mamlakatda shanba kunlari ishlash taqiqlangan. Isroil qonunchiligiga binoan futbolchilar shanba kuni maydonga tusha olmaydi”.

Isroilda shanba kunlari ishlaydigan korxonalar bunga iqtisodiyot vaziridan maxsus ruxsatnoma olishi kerak. Ayni paytda bu lavozimni ultradiniy ortodoksal ShAS partiyasi rahbari Are Deri egallab turibdi. Shu bois futbolchilarning undan ruxsatnoma olishi ehtimoldan uzoq deb hisoblanmoqda.

E`lonlar