Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yevropa grandlari bu forvardlar uchun navbatda. Kim qayerga o‘tadi?
«Arsenal», «Liverpul», «MYu», «Yuventus», «Napoli» va ko‘plab boshqa jamoalar yozda tarkibni kuchaytirib olish uchun ovga chiqqan.
Foto Global Look Press
Kuchli forvardlar – transfer bozoridagi eng ko‘p qiziqishlarga sabab bo‘luvchi «mahsulot». Bu yozda ko‘plab shov-shuvli transferlar amalga oshirilishi kutilmoqda. Quyida top-klublar o‘rtasida kuchli raqobat keltirib chiqarayotgan hujumchilar haqida ma’lumotlar jamlandi. «Chelsi» allaqachon Liam Delap bilan hujum chizig‘ini mustahkamladi, Jonatan Devid erkin agent sifatida «Yuventus»ga borib qo‘shildi. Endi navbatda kimlar?
Aleksander Isak, 25 yosh («Nyukasl»)

2024/2025 yillar mavsumidagi statistikasi: 42 o‘yinda 27+6
Transfer qiymati: 120 mln yevro
Da’vogarlar: «Liverpul», «Arsenal»
2022 yil yozida «Nyukasl» Isak uchun «Real Sosiyedad»ga 70 mln yevro to‘laganida, bu keragidan ortiq mablag‘dek ko‘ringandi. O‘shanda uning oldingi mavsumdagi ko‘rsatkichlari yuqori emas, La Liganing 17 o‘yinida oltitagina gol urgandi. Yakunda esa «qarg‘alar»ning tanlovi o‘zini oqladi. Shvetsiyalik hujumchi jamoa uchun 109 o‘yinda 62 gol va 11 golli pas amalga oshirdi. APLning yakunlangan mavsumida undan ko‘proq golni faqat Saloh urdi (29 ga qarshi 23). FourFourTwo portali Aleksanderni jahonning eng kuchli forvardlari reytingida to‘rtinchi o‘ringa qo‘ygan: Mbappe, Levandovski va Dembeledan keyin. Va endi Isak yanada kattaroq jamoaga o‘tishga tayyor.
The Telegraph ushbu hujumchi «Liverpul»ning asosiy nishoni ekani haqida yozgan. «Liverpul» allaqachon Jyeremi Frimpong, Milosh Kerkez va yarimhimoyachi Florian Virsni sotib oldi, bu futbolchilar uchun jami 200 million yevrodan ko‘proq mablag‘ sarflandi. Ammo transfer mashinasi to‘xtamoqchi emas. The Athletic ham mersisaydliklar Isakka qiziqishini yo‘qotmagani haqida yozgan.
Asosiy muammo – narxda. «Nyukasl» shved hujumchisini 150 million yevrodan kamiga sotmasligi ma’lum qilingan. Qolaversa, jamoa yangi mavsumda Chempionlar ligasida ishtirok etishi futbolchini ham qoniqtiradi.
Jurnalist Ben Jyeykobs Florian Virs katta mablag‘ga xarid qilingani qizillar uchun to‘siq bo‘la olmasligini bildirgan: «Ular bir yoz ichida ikkinchi marta Buyuk Britaniyaning transfer rekordini yangilashga tayyor va agar Isakni olishning imkoni bo‘lsa, uni sotib olishga qat’iy qaror qilishgan – hatto rekord narxga ham».
Avvalroq boshqa bir insayder Devid Ornshteyn Isakka «Chelsi», «Barselona» va «Arsenal» ham qiziqayotgani haqida xabar qilgandi. Kataloniyaliklar moliyaviy muammolari tufayli bunday katta xaridni o‘ziga ep ko‘ra olishi dargumon. «Ko‘klar» esa allaqachon Delapni sotib olishdi, Jyekson ham hech qayerga ketmoqchi emas. «Kanonirlar»ga esa Isakdek hujumchi juda zarur. Ammo jamoada boshqa variantlar ham bor.
Viktor Dyokeresh, 27 yosh («Sporting»)

2024/2025 yillar mavsumidagi statistikasi: 52 o‘yinda 54+13
Transfer qiymati: 100 mln yevro
Da’vogarlar: «Arsenal», «Yuventus», «Manchester Yunayted»
Dyokeresh Portugaliya chempionatida shov-shuv ko‘tardi va 39 gol urib, «Oltin butsa» uchun jiddiy raqobat ko‘rsatdi. Agar koeffitsiyentlar bo‘yicha murakkablik bo‘lmaganida, mukofot uniki bo‘lardi: lekin chempionatlar darajasidagi farq tufayli uning har bir goliga 1,5, Mbappenikiga esa 2,0 koeffitsiyent hisoblandi va yakunda fransiyalik hujumchining 31 goli yuqori baholandi. Va baribir shvetsiyalik hujumchining statistikasi kamyob. Chempionat darajasi tufayli ham unga talabgorlar ko‘p bo‘lmadi va «Sporting» ham unga juda katta narx qo‘ya olmadi.
Futbolchiga avvaldan «Arsenal» tomonidan qiziqish mavjud edi, ammo londonliklarda variantlar ko‘p bo‘lib, unga ustuvor maqsad sifatida qaralmadi. Orada Corriere dello Serra «Yuventus» 70 mln yevrolik taklif bilan chiqayotgani haqida xabar tarqaldi. Keyin esa Dyokeresh «Manchester Yunayted» variantidan bosh tortgani — faqat YeChLda qatnashadigan jamoa safiga o‘tishni xohlayotgani xabar qilindi. So‘nggi kunlarda u klub rahbariyatiga ultimatum qo‘yib, o‘zini «Arsenal»ga sotishni talab qilayotgani, keyingi mavsumda baribir klub safida o‘ynamasligini ma’lum qilgani haqida xabarlar tarqaldi. Londonliklar ham boshqa nomzodlar bilan (Isak, Sheshko) kelisha olmagach, ushbu variantga qaytdi. Ishonchli manbalar tasdiqlayotgan so‘nggi xabarlarga ko‘ra, futbolchi «Arsenal»ga o‘tishi masalasi hal bo‘lgan. «Sporting» 80 million yevro so‘rayotgandi, London klubi sport direktori Andrea Berta esa narxni 65 million yevrogacha tushirishga harakat qilmoqda.
Benyamin Sheshko, 22 yosh («RB Leypsig»)

2024/2025 yillar mavsumidagi statistikasi: 45 o‘yinda 21+6
Transfer qiymati: 70 mln yevro
Da’vogarlar: «Arsenal», «Bavariya», «Manchester Yunayted»
Sloveniyalik hujumchi «Red Bull» iyerarxiyasi bo‘ylab muvaffaqiyatli harakatlandi: Avstriyada 123 o‘yinda 51+17 ko‘rsatkichga erishdi, «Zalsburg»dan «Leypsig»ga o‘tib, 87 o‘yinda 39+8 ko‘rsatkich qayd etdi. Bu esa grand klublar qiziqishiga sabab bo‘ldi. Xususan, «Arsenal» ustozi Mikel Arteta uni asosiy nishon sifatida belgilab olgandi.
Bundan tashqari, «Bavariya» uni Harri Keynga o‘rinbosar sifatida ko‘rib chiqmoqda. Bild agar myunxenliklar Sheshkoni safiga qo‘shib oladigan bo‘lsa, Keyn hujumchi ortidagi pozitsiyaga o‘tishi mumkinligi haqida yozdi.
Shuningdek, jurnalist Kristian Falk «Manchester Yunayted» tomonidan qiziqish mavjudligi haqida xabar bergan: mankunianliklarda bu futbolchi uchun kurashda kichik ustunlik bor, jamoa skautlar bo‘limini boshqarayotgan Kristofer Vivell o‘z vaqtida sloveniyalik futbolchini «Zalsburg»ga olib kelgandi va aynan u tufayli futbolchi top-darajaga chiqishga erishdi. Ruben Amorim ham Zirkzeye va Hoylunddan (u «Inter»ga ijaraga berilishi mumkin) mamnun emasligi tayin, shu tufayli yuqori saviyadagi to‘purar hujumchiga ehtiyoj sezmoqda.
So‘nggi xabarlarga ko‘ra, «Leypsig» klubi sport direktori Marsel Shefer 90 mln yevrodan kam takliflar bo‘yicha muzokara o‘tkazilmasligini ma’lum qilgan. Shundan keyin «Arsenal» futbolchi uchun kurashdan chiqqan va bor e’tiborini Viktor Dyokereshga qaratgan.
Rodrigo, 24 yosh («Real»)

2024/2025 yillar mavsumidagi statistikasi: la ligada 30 o‘yinda 6+6
Transfer qiymati: 90 mln yevro
Da’vogarlar: «Arsenal», «Manchester Siti», «PSJ»
O‘tgan mavsumda chempionlik kurashini «Liverpul»ga boy bergan «Arsenal» yozgi transferlarda ham ushbu klub bilan raqobatda ortda qolmoqda. Jamoa faqat so‘nggi kunlarda zaxira darvozaboni Kepa Arrisabalaga hamda tayanch yarimhimoyachisi Martin Subimendi transferini e’lon qildi. Lekin klub yozning ilk kunlaridanoq tarkibni mustahkamlash ustida ish olib bormoqda. Jamoani tark etgan yarimhimoyachilar Jorjinio va Tomas Parti o‘rniga Subimendi bilan birga «Brentford» sardori Kristian Nergor ham olib kelinishi kutilmoqda.
Londonliklar keyingi mavsumda APL va YeChL g‘olibligi uchun kurashishga bel bog‘lagan. Buning uchun esa yarimhimoyadan tashqari hujum chizig‘ini ham kuchaytirish talab etiladi. Klub markaziy hujumchi pozitsiyasini Viktor Dyokeresh bilan yopmoqda, o‘ng qanotda Sakaga o‘rinbosar sifatida «Chelsi» asosiy tarkibidan tushib qolgan Noni Madueke nomzodi ko‘rib chiqilmoqda, hujumchi orti pozitsiyasiga «Kristal Pelas» yetakchisi Eberechi Eze olinishi mumkin.
Jamoadagi yana bir muammoli chiziq esa chap qanot vingeri bo‘lib qolmoqda. O‘tgan mavsumda bu pozitsiyada Martinelli va Trossar u qadar ishonchli o‘ynay olmadi. Endi bu muammo «Real»da asosiy tarkibdan tushib qolgan Rodrigo bilan hal qilinishi mumkin. Ushbu braziliyalik futbolchi klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida zaxira futbolchisiga aylandi, madridliklar shu yozda uning qanotiga «River Pleyt»dan Franko Mastantuononi olib keladi va futbolchining asosiy tarkibga kirishi yanada qiyinlashadi.
Ispaniyadagi AS nashri klublar o‘rtasidagi jahon chempionatidan keyin «Arsenal» Rodrigo bo‘yicha «Real» bilan muzokaralarni boshlashi haqida xabar qilgan. The Athletic esa shunday qo‘shimcha qilgan: braziliyalik futbolchi sotuvga qo‘yiladi, u jamoaning yangi bosh murabbiyi Xabi Alonsoning rejalaridan o‘rin olmagan. «Arsenal» ushbu futbolchi transferi uchun 90 mln yevrodan ortiq mablag‘ sarflashga tayyor. «Real» uning transferidan tushgan mablag‘larni Alonsoning yangi yarimhimoyachilar bo‘yicha talablarini qondirishga yo‘naltirishni ko‘zlagan.
Jon Duran, 21 yosh («An-Nasr»)

2024/2025 yillar mavsumidagi statistikasi: 47 o‘yinda 24 gol
Transfer qiymati: 35 mln yevro
Da’vogarlar: «Napoli», «Fenerbahche»
Ro‘yxatdagi eng kutilmagan transfer loti. Yarim yil oldin «An-Nasr» kolumbiyalik yosh hujumchi uchun 77 mln yevro to‘lagandi. Futbolchi ham yangi klubga o‘tganidan baxtiyor edi: «Xuddi FIFA o‘yinida karera rejimida o‘ynayotgandekman. Men gollarimni Krishtianu Ronaldu bilan nishonlayman!» Ammo yaqinda Arriyadiyah shunday xabar tarqatdi: «saudiyaliklar klubi ruhiy holatiga va texnik barqarorligiga ta’sir qilayotgan shaxsiy muammolari tufayli Duranni ijaraga berishiga to‘g‘ri keladi». Shu bilan birga, 22 mln yevro miqdoridagi yillik maosh bunday transfer imkonini qiyinlashtiradi.
Turkiyalik jurnalist Serkan Hamzao‘g‘lining yozishicha, Duranning o‘zi «Fenerbahche»ga ijara asosida o‘tishga qarshi emas. Uning hamkasbi Yag‘iz Sabunchio‘g‘li esa boshqa klub nomini tilga olgan: «Napoli» «An-Nasr»ga rasmiy taklif bilan chiqmoqchi. Bu klubda Jon gollarini Lukaku bilan nishonlashi mumkin bo‘ladi.
Ademola Lukman, 27 yosh («Atalanta»)

2024/2025 yillar mavsumidagi statistikasi: 40 o‘yinda 20+7 gol
Transfer qiymati: 60 mln yevro
Da’vogarlar: «Napoli», «Atletiko», «Arsenal»
Nigeriyalik forvard Bergamoda ajoyib uch mavsum o‘tkazdi va faoliyatida yangi qadam tashlash arafasida. Uni o‘z safida ko‘rishni istaydigan jamoalar yetarlicha, «Napoli» va «Atletiko» allaqachon Lukman uchun auksion boshlashgan. Nima bo‘lganda ham, 112 o‘yindagi 52+25 ko‘rsatkichi — grand jamoalar nazardan chetda qoldiradigan statistika emas. Qolaversa, Ademola universal futbolchi: hujumdagi istalgan pozitsiyada o‘ynay oladi. Corriere dello Sport ma’lumotiga ko‘ra, «Atalanta» futbolchini 60 mln yevroga sotishga tayyor. Agar nigeriyalik futbolchi Neapolga o‘tadigan bo‘lsa, Lukaku bilan Luk-Luk bog‘lamini hosil qilishi mumkin.
Shu bilan birga, bu yozda transfer bozoridagi ko‘plab hujumchilar qatori ushbu futbolchi ham «Arsenal» bilan bog‘lanmoqda. TEAMtalk va jurnalist Florian Plettenberg Lukman Rodrigo, Mbeumo va Bayno-Gittens qatorida «kanonirlar» short-listida ekanini xabar qilgandi. Ushbu to‘rtlikdagi futbolchilarning ikkisiga allaqachon boshqa jamoalar jiddiy raqobatlashmoqda, Brayan «MYu» va «Tottenhem»dan biriga o‘tishi oydinlashmoqda, Jyeymi esa «Chelsi» futbolchisiga aylanib bo‘ldi.
Moyze Kin, 25 yosh («Fiorentina»)

2024/2025 yillar mavsumidagi statistikasi: 44 o‘yinda 25+3 gol
Transfer qiymati: 50 mln yevro
Da’vogarlar: «Barselona», «Napoli», «Milan», «Manchester Yunayted», «Al-Qodisiya»
Moyze Kin faoliyatini yana yo‘lga qo‘yib oldi. «Yuventus» o‘tgan yil yozida ushbu hujumchisin arzimagan 13 mln yevroga «Fiorentina»ga qo‘yib yuborgandi. Futbolchi esa o‘zini hisobdan chiqarishga hali erta ekanini namoyish etdi. Endilikda Moyze uchun navbatda turgan jamoalarga qaralsa, florensiyaliklar uni keyingi mavsum uchun ham olib qolishi dargumon. Lekin uning sotuvidan katta mablag‘ ishlab olish mumkin.
Corriere dello Sport Kinga «Napoli», «Manchester Yunayted», «Fenerbahche» va Saudiyaning «Al-Qodisiya» klubidan qiziqish borligini xabar qilgan. La Gazzetta dello Sport esa «Barselona» futbolchining shartnomasidagi 52 mln yevro miqdoridagi tovon pulini to‘lashga tayyorligi haqida yozgan. Sport Mediaset Moyzening iste’dodiga Massimiliano Allegrining shaxsiy simpatiyasi borligini xabar qilgan: murabbiy u bilan yana birga ishlamoqchi va «Milan»dan uni olib berishni so‘ramoqda.
Shu bilan birga, Moyze Italiya milliy jamoasi bilan JCh-2026 ga borish uchun klubini o‘zgartirmaslik va 2029 yilga qadar amal qiladigan yangi shartnoma tuzish haqida ham o‘ylamoqda.
Ugo Ekitike, 23 yosh («Ayntraxt»)

2024/2025 yillar mavsumidagi statistikasi: 48 o‘yinda 22+12 gol
Transfer qiymati: 75 mln yevro
Da’vogarlar: «Chelsi», «Manchester Yunayted», «Liverpul»
Ugo Ekitike o‘zi ko‘p gol urishdan tashqari, jamoadoshlariga vaziyat yaratib berishda ham benazir futbolchi. «Ayntraxt» bir yil oldin uning shartnomasini «PSJ»dan 20 million yevroga sotib olgandi, endi bir necha barobar qimmatga sotishi mumkin.
«Ayntraxt» odatda forvardlarini sotish orqali katta pul ishlaydi, lekin bu klubdan ketgan futbolchilar yangi jamoasida o‘ynab ketolmagan: Kolo Muani, Yovich, Andre Silva. Shu jihatdan, da’vogarlarni klub so‘rayotgan 100 mln yevro cho‘chitib yuborishi ham mumkin. Insayder Kristian Falk Ekitike uchun «Liverpul» va «Chelsi» da’vogar ekanini xabar qilgan. Florian Plettenberg «Manchester Yunayted»dan ham taklif borligini qo‘shimcha qilgan.
Viktor Osimhen, 26 yosh («Napoli»)

2024/2025 yillar mavsumidagi statistikasi: «Galatasaroy» safida 41 o‘yinda 37+8 gol
Transfer qiymati: 70 mln yevro
Da’vogarlar: «Al-Hilol», «Manchester Yunayted», «Liverpul», «Yuventus»
Bu ro‘yxatga Osimhenni qo‘shmay bo‘lmasdi. Nigeriyalik hujumchi o‘tgan yil yozida «Napoli» rahbariyati bilan ziddiyatga borgan, ammo na Saudiyadagi, na Angliyadagi klublar bilan ham shartnoma tuzolmagandi. Yakunda mavsumni ijara asosida Turkiyada o‘tkazishga to‘g‘ri keldi. Fanatik ma’lumotiga ko‘ra, unga yana «Al-Hilol»dan jiddiy qiziqish bo‘lmoqda, ushbu jamoa futbolchining shartnomasidagi 75 mln yevrolik tovon pulini to‘lashga tayyor. Muammo maosh miqdorida: Viktor to‘rtta taklifni rad etgan, endi beshinchisi ham bor — yiliga 50 mln yevrolik.
APLda Osimxenga bunday pul bermasliklari aniq. Ammo agar OAVga ishonilsa, unga Yevropada qolish uchun variantlar yetarlicha. Footmercato «Manchester Yunayted» «Napoli» bilan muzokaralar o‘tkazayotgani va futbolchi uchun 12 mln yevro miqdorida yillik maosh berishga tayyorligini yozgan. TEAMtalk ma’lumotiga ko‘ra, «Liverpul» ushbu futbolchi transferiga Kiyeza yoki Nunesni qo‘shish variantini ko‘rib chiqmoqda. Janluka Di Marsio esa «Yuventus»dan qiziqish borligini xabar qilgan. Futbolchida yangi klub tanlash uchun sentabrgacha yetarlicha vaqt bor.
Mavzuga oid
20:34 / 15.08.2025
APLda yangi mavsum boshlanmoqda. Grandlar yozgi transferlarni qanday o‘tkazdi?
18:24 / 15.08.2025
Ikki turlicha kampaniya. «Real» va «Barsa»ning yozgi transferlari haqida
14:12 / 27.07.2025
«Liverpul» bozorni portlatmoqda: klub yangi futbolchilar uchun allaqachon 300 mln yevrodan ortiq mablag‘ sarfladi
11:12 / 23.07.2025