Ingliz klublari transfer bozorini ostin-ustun qilayotgan bir paytda Ispaniyaning ikki grandi xotirjam tarzda mavsumga tayyorgarlik ko‘rdi. Bu safargi Ispaniya chempionati, xususan klasikodagi raqobat avvalgilardan ortiq bo‘lsa bo‘ladiki, kam bo‘lmasligi tayin. Tizimlashish yo‘lidagi «Real», mukammal mavsumni takrorlash ilinjidagi «Barselona» yozda nimalar bilan shug‘ullandi? Quyida championat.com materiali ma’lumotlari asosida ushbu mavzuga chuqurroq kirildi.

O‘tgan mavsumda «Barselona» Ispaniyada barcha sovrinlarni o‘ziniki qilib, Chempionlar Ligasi finaliga bir qadam yetmay qolgandi. «Real» esa faqat kichik sovrinlar bilan kifoyalandi – UYeFA Superkubogi hamda Qit’alararo kubok. Klub Ispaniyada barcha sovrinlarni «Barselona»ga boy berdi, Chempionlar Ligasida «Arsenal» qarshisida yaqqol ojiz qoldi.

Bu farq transfer oynasida ham sezilmoqda. «Barselona» faqat kichik «kosmetik» o‘zgarishlarga qo‘l urayotgan bo‘lsa, «Real» kapital ta’mirni boshlab yuborgan. Ayni damda «Real» sokin ko‘rinayotgan bo‘lsa-da, asosiy transferlarni klub ertaroq, klublar o‘rtasidagi jahon chempionatidan avval amalga oshirgandi, tabiiyki, Habi Alonso kelganini ham hisobga olish kerak. Ushbu mutaxassis Karlo Anchelottidan tubdan farq qiladi. Umuman, «Real» va tizimli murabbiy tushunchasi anchadan beri birgalikda tilga olinmayotgandi.

Yangi mavsumda bu ikki granddan nimalarni kutish mumkin? Transfer oynasi yopilguncha yana yangiliklar bo‘ladimi? Quyida shu haqida.

Madridda katta islohotlar

Karlo Anchelotti, shubhasiz, buyuk murabbiy, «Real» uchun juda ko‘p ishlarni amalga oshira olgan. Ammo so‘nggi mavsumlarda ko‘rindiki, jamoaga yangi g‘oyalar juda zarur. Ispaniyada juda ham pastga qulashning iloji yo‘q, «Real»ning tarkibi bunga yo‘l qo‘ymaydi. Ammo alohida top-o‘yinlarda va ba’zi yaxshi tizimlashgan jamoalarga qarshi o‘yinlarda «Real»da muammolar tez-tez ko‘zga tashlana boshladi. Individual mahorat evaziga o‘yinlarni, hatto katta turnirlarni yutish mumkin, buni ayniqsa «Real» juda yaxshi bilsa-da, baribir bu yo‘l bilan muvaffaqiyatni barqaror yo‘lga qo‘yish qiyin. Muxlislar ham faqat ayrim yulduzlardan mo‘jiza kutib o‘tirishdan ko‘ra, «Real»ning raqiblardan har jabhada ustunligini ko‘rishni xohlashadi.