Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochish uchun ittifoqchilaridan yordam so‘radi
Erondagi urush global bozorlarni larzaga keltirayotgan vaziyatda Donald Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochish uchun koalitsiya tuzmoqchi. Ammo ittifoqchilar bu taklifni e’tiborsiz qoldirmoqda: Yaponiya va Avstraliya harbiylarini yubormoqchi emas, Yevropa va Xitoy sukut saqlamoqda.
Foto: REUTERS
AQSh-Isroilning Eronga hujumi uchinchi haftadirki Yaqin Sharq bo‘ylab tartibsizliklar keltirib chiqarmoqda: global energiya bozorlarini larzaga kelgan, ko‘plab davlatlarda havo hududlari yopilgan. Shunday pallada AQSh prezidenti Donald Tramp yakshanba kuni, Ko‘rfaz neftiga qattiq tayanadigan davlatlar dunyo energiyasining 20 foizi o‘tadigan bo‘g‘ozni himoya qilish mas’uliyatiga ega ekanligini ta’kidladi.
“Men bu davlatlardan kelib, o‘z hududlarini himoya qilishni talab qilyapman, chunki bu ularning hududi. Bu ular energiya oladigan joydir”, dedi Tramp Floridadan Vashingtonga yo‘l olgan Air Force One bortida jurnalistlarga.
President Trump said his administration is talking to seven countries about helping to secure the Strait of Hormuz amid the Iran war, calling on them to help protect ships in the vital waterway that Tehran has mostly blocked to oil tanker traffic https://t.co/m4aIPHSFtG pic.twitter.com/mVk9tb94C6
— Reuters (@Reuters) March 16, 2026
Tramp uning ma’muriyati allaqachon yetti mamlakat bilan bog‘langanini aytdi, biroq u davlatlarni nomma-nom keltirmadi. Lekin, u oldinroq ijtimoiy tarmoqdagi postida Xitoy, Fransiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Britaniya va boshqalar bu missiyada ishtirok etishiga umid qilganini aytgandi.
Yaponiya va Avstraliya rad qildi
Reutersʼning yozishicha, Trampning ashaddiy tarafdorlaridan bo‘lgan Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi Ho‘rmuzga harbiylarini yubormasligini bildirdi. Xususan, Takaichi o‘z mamlakati urushdan voz kechish haqidagi konstitutsiya bilan cheklangani sababli, o‘z neftining 95 foizini oladigan Yaqin Sharqqa kemalarni kuzatib borish uchun harbiy kemalar jo‘natmoqchi emas.
“Biz ekskort kemalarini jo‘natish bo‘yicha hech qanday qaror qabul qilganimiz yo‘q. Biz Yaponiya mustaqil ravishda nima qila olishi va huquqiy doirada nimalar qilinishi mumkinligini o‘rganishda davom etamiz,” dedi Takaichi parlamentda.
AQShning Hind-Tinch okeani mintaqasidagi yana bir xavfsizlik bo‘yicha ittifoqchisi bo‘lgan Avstraliya ham bo‘g‘ozni qayta ochishga yordam berish uchun harbiy kemalar yubormasligini bildirdi.
“Biz bu qanchalik muhimligini bilamiz, lekin bu bizdan so‘ralgan yoki biz hissa qo‘shayotgan narsa emas”, dedi Bosh vazir Entoni Albaneze kabineti a’zosi Ketrin King ABC davlat teleradiokompaniyasiga bergan intervyusida. Shunga qaramay, Avstraliya – Yaqin Sharq xom neftidan olingan yoqilg‘iga qattiq tayanadi.
Tramp Xitoydan qo‘llov kutmoqda
Tramp Financial Times nashriga bergan intervyusida, shu oy Si Jinping bilan rejalashtirilgan uchrashuvidan oldin Xitoy bo‘g‘ozdagi to‘siqlarni ochishga yordam berishini kutayotganini aytdi. Trampning aytishicha, agar yordam berilmasa, u Pekinga safarini qoldirishi mumkin.
«Menimcha, Xitoy ham yordam berishi kerak, chunki Xitoy o‘z neftining 90 foizini bo‘g‘ozlardan oladi», dedi Tramp. Agar Xitoy Ko‘rfazda yordam taklif qilmasa, u o‘z tashrifiga ishora qilib: «Biz (tashrifni) kechiktirishimiz mumkin,» dedi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi hozircha Trampning bayonotlari bo‘yicha izoh bermadi.
NATOga bosim
Donald Tramp, shuningdek, yevropalik ittifoqchilarga bo‘g‘ozni himoya qilishda yordam berish uchun bosimni kuchaytirgan. U, agar shimoliy alyans a’zolari Vashingtonga yordamga kelmasa, NATOni «juda yomon» kelajak kutayotgani haqida ogohlantirdi.
Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari 16 mart kuni Yaqin Sharqdagi kichik harbiy-dengiz missiyasini kuchaytirishni muhokama qilishi kutilmoqda. Biroq diplomatlar va rasmiylarning aytishicha, bu missiyaning rolini yopib qo‘yilgan Ho‘rmuz bo‘g‘oziga qadar kengaytirish bo‘yicha qaror qabul qilinishi kutilmayapti.
Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer ham Tramp va Kanada Bosh vaziri Mark Karni bilan bo‘g‘ozni qayta ochish zarurligini muhokama qilgan. Lekin aniq qadamlar haqida ma’lumot yo‘q. Janubiy Koreya esa Trampning so‘rovini diqqat bilan ko‘rib chiqishini bildirdi.
Yopiq qolayotgan bo‘g‘oz yo‘li va aviaqatnovlardagi uzilish
Garchi ba’zi Eron kemalari o‘tishda davom etgan va boshqa mamlakatlarning bir nechta kemalari suv yo‘lini muvaffaqiyatli kesib o‘tgan bo‘lsa-da, 28 fevral kuni AQSh va Isroil Eronga hujum qilganidan beri bu yo‘lak dunyo tankerlar harakatining aksariyati uchun amalda yopiq qolmoqda.
Reutersʼning yozishicha, avia yoqilg‘i ta’minoti ham xavotirga aylanmoqda. Xususan, Vetnam hukumati mamlakat aviatsiya sanoatini aprel oyidan boshlab parvozlarning ehtimoliy qisqarishiga tayyorlanish haqida ogohlantirdi, chunki Xitoy va Tailand Eron urushi tufayli avia yoqilg‘i eksportini to‘xtatgan.
AQSh rasmiylarining Eronning harbiy salohiyatini yakson qilgani haqidagi takroriy da’volariga qaramay, dushanba kuni dron hujumlari Ko‘rfaz davlatlariga tahdid solishda davom etdi. Dubay rasmiylari yoqilg‘i bakiga dron hujumi uyushtirilganidan so‘ng yong‘in jilovlanganini, biroq aeroportda parvozlar vaqtincha to‘xtatilganini bildirdi. Saudiya Arabistoni bir soat ichida sharqiy mintaqada 34 ta dronni urib tushirdi.
Bu kabi hujumlar natijasida Dubay, Doha va Abu-Dabi kabi Yaqin Sharqning asosiy xablari yopib qo‘yilmoqda yoki vaqtincha cheklanmoqda. Aviakompaniyalar minglab reyslarni bekor qilishga majbur bo‘lgan va o‘n minglab yo‘lovchilar aeroportlarda qolib ketmoqda.
Ho‘rmuz nega muhim va xavfli?
Eron va O‘mon o‘rtasidagi Fors ko‘rfazini O‘mon qo‘ltig‘i bilan bog‘laydigan ushbu tor suv yo‘li Kuvayt, Eron, Iroq, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklari kabi neft va gaz ishlab chiqaruvchi davlatlar uchun yagona dengiz chiqish yo‘lidir.
2011 yilda Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi qo‘mondoni bo‘g‘ozni yopish «bir stakan suv ichishdan ham osonroq» ekani haqida ogohlantirgan edi. Shundan so‘ng bunday ogohlantirish ko‘p marta yangradi. Tahlilchilar bo‘g‘ozning yopilishini har doim «so‘nggi chora» sifatida ko‘rib kelishgan.
28 fevral kuni Eron oliy rahnamosining o‘ldirilishi bilan boshlangan hujum ushbu muvozanatni o‘zgartirib yubordi. Eron rasmiylari bu urushni «mavjudlik uchun kurash» deb ta’riflamoqda.

SSY Global kema brokerining ma’lumotlariga ko‘ra, kema qatnov yo‘llarining kengligi bor-yo‘g‘i ikki dengiz milini tashkil etadi. Kemalar Eron orollari va xavfsizlik kuchlari uchun pana bo‘ladigan tog‘li qirg‘oqlar qarshisida burilish yasashga majbur.
Eronning an’anaviy dengiz flotining katta qismi yo‘q qilingani aytilmoqda. Ammo Muhofizlar korpusi ixtiyorida hali ham ko‘plab variantlar: tezyurar hujum katerlari, kichik suvosti kemalari, minalar va hatto portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan gidrosikllar mavjud.
«Urush hali davom etadi»
Yuzaga kelgan iqtisodiy noaniqlikka javob berayotgan AQSh rasmiylari urush bir necha hafta ichida tugashini va undan keyin energiya xarajatlari pasayishini bashorat qilishdi. Donald Tramp esa Eronning asosiy neft eksport markazi Xarq oroliga yana zarbalar berish bilan tahdid qildi.
Tramp, avvalroq Eron muzokaralar olib borishni xohlayotganini va AQSh Eron bilan gaplashayotganini aytgan edi. Biroq Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bu da’voni rad etdi.
«Biz hech qachon o‘t ochishni to‘xtatishni so‘ramaganmiz va hatto muzokaralar haqida ham so‘ramaganmiz. Biz qancha vaqt kerak bo‘lsa, shuncha o‘zimizni himoya qilishga tayyormiz», dedi Aroqchi CBC telekanaliga bergan intervyusida.