Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Ozarboyjon bo‘ysunishga tayyor emas»: Boku va Moskva bahsi nima bilan tugaydi?
Foto: Getty Images
Yekaterinburgda ikki ozarboyjonlik o‘limi Moskva va Boku munosabatlarida misli ko‘rilmagan inqirozni keltirib chiqardi, ammo bu inqiroz sabablari yillar davomida to‘planib qolgandi, deyishmoqda ekspertlar. Ozarboyjon sobiq metropoliyasi bilan munosabatlar xarakterini o‘zgartirishni, Rossiyaning Janubiy Kavkazga ta’sirini kamaytirishni hamda «yaqin xorij» mamlakatidan teng huquqli hamkorga aylanishni xohlaydi. BBC ekspertlardan hozirgi mojaro Ozarboyjonning Rossiyadan to‘liq uzoqlashishiga olib kelishi ehtimoli va mintaqaning boshqa davlatlariga qanchalik ta’sir qilishi mumkinligi haqida so‘radi.
Bokuning Kreml bilan bahsi qancha davom etadi?
Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari tashrifi bekor bo‘lishi, Rossiya huquq-tartibot organlari qiynoqqa solish va o‘ldirishda ayblanishi, Bokuda rossiyaliklar qo‘lga olinishi, Sputnik-Azerbayjan axborot agentligi ofisida reyd o‘tkazilishi va davlat nashrlarida Rossiya natsistlar Germaniyasiga tenglashtirilishi – bu o‘tgan oy oxirida Yekaterinburgda aka-uka Safarovlar vafot etganidan keyin Ozarboyjon tashlagan qadamlarning noto‘liq ro‘yxati.
Bunday javob Moskvadagilarni g‘aflatda qoldirgani ko‘rinib turibdi. Kremldagilar buni demarsh deb atadi hamda Rossiya TIV va televideniyedagi asosiy propagandachilarning ohangi rasmiy ittifoqchining (hozir Rossiya va Ozarboyjon munosabatlari aynan shunday maqomga ega) xatti-harakatlarini tushunmaslik va afsuslanishni ifodalamoqda.
Moskva va Boku o‘rtasidagi munosabatlar «strategik ittifoqchilik xarakteriga ega va shubhasiz, buni yoqtirmaydigan kuchlar ham bor», – deya eslatdi TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova. «Rossiya hech qachon Ozarboyjonga tahdid qilmagan va qilmaydi ham», – dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Ilgari hech qachon bunga o‘xshash epizodlar ikki mamlakat munosabatlariga bu qadar jiddiy ta’sir ko‘rsatmagandi. 2021 yilda Novosibirskda qo‘lga olish chog‘ida bir ozarboyjonlik halok bo‘lgan, 2020 va 2023 yillarda esa Qorabog‘ urushlari doirasida rossiyalik harbiylar Ozarboyjon qo‘shini harakatlari qurboniga aylangan.
Ammo Yekaterinburgdagi hodisa – inqiroz sababi emas, balki o‘tgan yil dekabr oyida «Ozarboyjon havo yo‘llari» samolyoti halokatga uchraganidan keyin to‘planib qolgan kelishmovchiliklarning yuzaga chiqishi xolos, deydi Berlindagi Karnegi markazining Rossiya va Yevrosiyoni o‘rganish bo‘yicha ilmiy xodimi Zaur Shiriyev.
O‘shanda Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi xatolik tufayli ozarboyjonliklarning yo‘lovchi samolyotiga zarba bergan va bortdagi yo‘lovchilar va ekipaj a’zolaridan 38 kishi halok bo‘lgandi. Vladimir Putin o‘zaro telefon muloqotida buning uchun uzr so‘ragan, ammo bu yetarli bo‘lmagandi – Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Rossiyadan aybni rasman tan olish va batafsil tekshiruv o‘tkazishni talab qilgandi.
1 iyul kuni Ozarbayjondagi hukumatga moyil nashrlardan biri 2024 yil dekabr oyida Rossiya raketasi Ozarboyjon samolyotiga zarba berganiga oid lavhani e’lon qildi. Maqolada «o‘t ochish» buyrug‘ini bergan havo hujumidan mudofaa ofitserining tushuntirish xati ham ilova qilingan.
Bularning barchasi Bokudagilar Moskvaning ushbu fojiaga munosabatidan hali ham norozi ekanini ko‘rsatadi. «Vaziyat matryoshkaga o‘xshaydi, faqat buning aksi: har bir yangi hodisa ikki tomonlama munosabatlardagi tobora chuqur va murakkab ziddiyatlarni ochib beradi», – deb hisoblaydi Zaur Shiriyev.
Ushbu qarama-qarshiliklar orasida eng asosiysi – Kremlning possovet hududida asosiy o‘yinchi bo‘lib qolish istagi, bu esa Bokuning Janubiy Kavkazdagi eng yirik iqtisodiyot va eng kuchli armiyaga ega mintaqaviy kuch sifatidagi ambitsiyalariga zid keladi.
So‘nggi yillardagi harbiy va diplomatik muvaffaqiyatlar Ozarboyjonni «salmoqli mintaqaviy kuch»ga aylantirdi, deb yozadi Rossiyaning Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti (MGIMO) yetakchi ilmiy xodimi Sergey Markedonov. Bu muvaffaqiyatlar qatorida 2020 yilda Armanistonga qarshi urushda g‘alaba qozonish, 2023 yilda Qorabog‘ qaytarib olinishi, G‘arb va Eron bilan munosabatlar yaxshilanishi, Turkiya va Isroil bilan harbiy hamkorlik kengayishi kabilar bor.
«Afsuski, bu jarayon ma’lum bir „muvaffaqiyatlardan bosh aylanishi“ bilan birga keladi. Shu bilan birga, Rossiya bilan munosabatlarni izdan chiqarish kerakmi? Ritorik savol», – deya qo‘shimcha qiladi rossiyalik mutaxassis.
Ammo Moskvadan keskin reaksiya bo‘lib ko‘rinayotgan narsa Bokudagi hisob-kitob natijasi bo‘lishi mumkin. U yerda Rossiyaning xatti-harakatlaridan g‘azablanish to‘plangan, ko‘proq mustaqillikka va tashqi ta’sirlardan xoli bo‘lishga intilish ham bor. Ukrainadagi urush tufayli Rossiyaning Janubiy Kavkazdagi pozitsiyalari zaiflashishi esa munosabatlarni qayta ko‘rib chiqish uchun sharoit yaratadi.
«Rossiya „yaqin xorij“ga nisbatan iyerarxiya va nazoratga asoslangan munosabatlarni afzal ko‘radi. Ammo Boku bo‘ysunuvchi sherik rolidan manfaatdor emas», – deydi Shiriyev.
Foto: RF Shimoliy floti matbuot xizmati
Savdo hamkori va mafkuraviy sherik
Moskvaning ham nominal ittifoqchisidan norozi bo‘lish uchun sabablari bor.
Aliyev va Putin 2022 yil fevralida, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanishidan atigi bir necha kun oldin ittifoqchilik to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzolagandi. Ammo ushbu davlatlar baribir haqiqiy ittifoqchilarga aylana olmadi – masalan, Ozarboyjon Ukrainaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlaydi va Kiyevga insonparvarlik yordamlari jo‘natib keladi.
Ammo sanksiyalar va xalqaro izolyatsiya sharoitida Moskva hamkorlarga muhtoj, Ozarboyjon esa Rossiyaga Osiyo bozorlariga chiqish imkonini beruvchi «Shimol-Janub» yo‘lagi ishtirokchisi sanaladi.
«Moskva Ozarboyjondek davlatga avvalgiga qaraganda ko‘proq qaram – va Boku bu makondan ehtiyotkorlik bilan foydalanmoqda», – deydi Shiriyev.
Ammo savdodan tashqari, Putin va Aliyevni mafkuraviy pozitsiyalar bog‘lab turadi, deydi Xalqaro inqiroz guruhining Janubiy Kavkaz bo‘yicha katta tahlilchisi Joshua Kuchera.
«Rossiya Ozarboyjon uchun foydali hamkor bo‘lib qolmoqda, chunki Boku Moskvaning G‘arb gegemonligini zaiflashtirishga intilishini qo‘llab-quvvatlaydi – ayniqsa, inson huquqlari va demokratiya talablari borasida. YeI va AQSh ilgari surayotgan bu normalarni Boku va Moskva G‘arb o‘z manfaatlarini ilgari surish uchun ikkiyuzlamachilik bilan foydalanayotgan vositalar sifatida ko‘radi», – deydi Kuchera BBC uchun bergan intervyusida.
Ekspert inqiroz qanchalik keskin ko‘rinmasin, u uzoq muddatli bo‘lishi dargumonligini ta’kidlaydi.
«Bu Ozarboyjon tashqi siyosatining tashrif qog‘ozi: asosiy hamkorlar – Rossiya, Yevropa Ittifoqi, AQSh yoki Eron bilan muntazam taktik kelishmovchiliklar. Biroq bir necha oy o‘tgach, keskinlik odatda pasayadi. Boku manyovr maydonini kengaytirish uchun bunday muvozanat strategiyasidan yaxshi foydalanadi», – deydi u.
Ukrainadan keyin va Armaniston yonida
Azerbaijani Presidency/Getty Images
Ammo diplomatik mojaro tez orada hal bo‘lgan taqdirda ham, Boku va Kreml o‘rtasidagi munosabatlar mustahkam bo‘lib qolishi dargumon, deydi Zaur Shiriyev. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ozarboyjondagilar hozirda Kreml qo‘shni davlatlar mustaqilligi o‘sib borishiga yo‘l qo‘yayotgani, ammo Ukrainadagi urush tugab, Rossiya o‘z resurslarini tiklaganida, ular fikrini o‘zgartirishi mumkinligini tushunib turibdi.
Buni anglash Bokuni tinchlik kelishuvi bo‘yicha muzokaralarda Armanistonga peshvoz chiqishga undashi mumkin, deydi Shiriyev.
Hozir bu jarayon boshi berk ko‘chaga kirib qoldi, chunki Aliyev bir nechta dastlabki shartlarni ilgari surmoqda, ulardan asosiysi – konstitutsiyani o‘zgartirish. Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan ularni qabul qilishga rozi ekani, ammo buni yolg‘iz o‘zi qila olmasligini bildirmoqda. Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish 2026 yil iyunigacha o‘tkazilmaydigan referendumni talab qiladi va uning natijasini oldindan aytib bo‘lmaydi.
Shu bilan birga, Ozarboyjon hukumatiga yaqin manbalar Pashinyanga ortiqcha bosim o‘tkazish uning muxoliflarini – Ozarboyjon bilan tezroq yarashish va Qorabog‘ga da’volaridan voz kechishni istamaydigan rossiyaparast kuchlarni kuchaytirishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Tarixan Boku 1992-1994 yillardagi Qorabog‘dagi birinchi urushdagi mag‘lubiyatini aynan Rossiyaning Armanistonni qo‘llab-quvvatlagani bilan tushuntiradi va mojaro davom etishi –Moskvaning yangi aralashuviga sabab bo‘lishidan xavfsiraydi.
«Boku va Moskva o‘rtasidagi munosabatlardagi so‘nggi inqiroz – tinchlik kelishuvi cho‘zilishi Rossiyaga aralashish uchun ko‘proq imkon berishi haqidagi fikrni kuchaytirishi mumkin. Agar shunday bo‘lsa, Bokuda Pashinyan hokimiyatda ekan, tinchlikka intilish Moskvaning ta’sirini zaiflashtirish va uning ikki tomonga o‘ynashiga yo‘l qo‘ymaslikning eng yaxshi usuli degan qarash ustun kelishi mumkin».
Ikkala davlat ham hozir bir xil vaziyatga tushib qolgan – Armaniston rossiyalik propagandachilarning Pashinyanga hujumlari tufayli Moskva bilan navbatdagi marta sovuqchilikni boshdan kechirmoqda. Armaniston bosh vaziri bir necha bor Rossiyani tanqid qilgan, endi esa o‘z mamlakatini Yevropa Ittifoqi a’zosi sifatida ko‘rmoqchi.
Pashinyan hokimiyatni egallab olish rejalarida ayblanayotgan Arman apostol cherkovi yetakchilari hamda Rossiya fuqaroligiga ega armanistonlik milliarderga qarshi kurash olib bormoqda. Uning eng yaqin safdoshlari fitnachilar ortida go‘yoki Kreml turganiga shama qilmoqda, Rossiya propagandachilari esa bunga javoban Pashinyan haqida ham Ukraina rahbariyati haqida gapirgan iboralarni qo‘llamoqda.
Armaniston hukumati Ozarboyjon va Turkiya bilan yarashish orqali Moskvaga qaramligini kamaytirmoqchi va Bokudagilar tomonidan yaxshi qarshi olinishiga umid qilmoqda.
Ammo tinchlik jarayoni natijasi va Moskva bilan diplomatik bahs qanday rivojlanishidan qat’i nazar, yaqin yillarda Ozarboyjon Rossiyadan masofani saqlab qolishini kutish mumkin.
Mavzuga oid
20:54
Armaniston TIV targ‘ibotchi Solovyov bayonotlari tufayli Rossiya elchisini chaqirtirdi
09:45 / 30.12.2025
Armaniston va Turkiya vizaviy tartibni qisman soddalashtirdi
09:01 / 30.12.2025
Ozarboyjon: Ukrainada har ikki tomonda urishganlar jazolanadi
21:36 / 25.12.2025