Jahon | 21:36
1597
4 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston AZAL samolyoti halokati tergovining dastlabki tafsilotlarini oshkor qildi

Havo kemasining shikastlanishiga jangovar qurolning shikastlovchi elementlari sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda, biroq ularning kimga tegishli ekanini aniqlashning imkoni bo‘lmadi, deyiladi hisobotda.

Foto: news.ru / Global Look Press

Qozog‘iston Transport vazirligi 2024 yil 25 dekabr kuni Oqtov shahri yaqinida Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Embraer 190 samolyoti bilan sodir bo‘lgan aviahalokatni tekshirish jarayoni haqida oraliq ma’lumotni e’lon qildi. Bu haqda Tengrinews xabar berdi.

Hujjatda aytilishicha, samolyot Boku (Ozarboyjon) - Grozniy (Rossiya) yo‘nalishi bo‘yicha reysni amalga oshirgan. Hodisa oqibatida 38 kishi halok bo‘lgan (shundan 3 nafari ekipaj a’zosi), 29 kishi turli darajadagi tan jarohatlari olgan.

Ta’kidlanishicha, hodisani tekshirish bo‘yicha tayinlangan komissiya aviatsiya halokati sabablari va unga imkon bergan omillarni aniqlash bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda. Komissiya ishida Ozarboyjon, Rossiya, Braziliya vakillari, shuningdek, ICAO kuzatuvchilari ishtirok etmoqda.

Oraliq xabarni tayyorlash vaqtida komissiya haqiqiy ma’lumotlarni, jumladan, ekipaj va dispetcherlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, parvozga tayyorgarlik ko‘rish va uni amalga oshirish bo‘yicha hujjatlarni, meteorologik ma’lumotlarni va texnik xizmat ko‘rsatish materiallarini to‘pladi va tahlil qilgan. Bort jurnali va parvoz bilan bog‘liq boshqa hujjatlarning nusxalari olingan.

Bort o‘ziyozar qurilmalari tekshirilgan, parvoz ma’lumotlari registratoridan parvoz parametrlari chiqarib olingan, identifikatsiya va deshifrovka qilingan, shuningdek, bort ovozli o‘ziyozar qurilmasi deshifrovka qilingan.

Komissiya havo kemasi konstruksiyasi elementlarining fazoviy holatini qayd etgan holda aviatsiya halokati joyini batafsil tekshiruvdan o‘tkazdi. Foto va video qayd etish, samolyot agregatlarini yig‘ish va halokat joyidan olib chiqish ishlari amalga oshirilgan.

Tekshiruv doirasida begona metall buyumlar (tashqi obektlar) kompleks ekspertizadan o‘tkazilgan. Ularning natijalariga ko‘ra, portlovchi modda izlari topilmagan, uchta kislorod ballonida ham portlash izlari yo‘q.

«Havo kemasining shikastlanishiga jangovar qurolning shikastlovchi elementlari sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda, biroq ularning kimga tegishli ekanini aniqlashning imkoni bo‘lmadi», deyiladi hisobotda.

Bundan tashqari, 2-sonli gidravlik tizim quvur qismining trassologik ekspertizasi shikastlanishlar mavjudligini ko‘rsatgan. Ularning hosil bo‘lish mexanizmi qattiq jismlar tegishi oqibatida metallning uzilishi sifatida tavsiflanadi. Teshib o‘tuvchi shikastlanishlar temir asosidagi qotishmadan tayyorlangan metall bo‘laklari (tashqi obektlar) tomonidan hosil bo‘lgani taxmin qilingan.

Komissiya tomonidan ikkita ishchi guruh tuzilgan. Birinchisi ICAO qoidalariga muvofiq mojaro zonalari ustida yoki ular yaqinida parvozlarni amalga oshirishda xavflarni baholash, shu jumladan fuqarolik va harbiy sektorlarning o‘zaro hamkorligi masalalarini tahlil qilish bilan shug‘ullanadi.

Ikkinchi ishchi guruh samolyotning 2-sonli gidravlik tizim elementlarini yotqizish (rekonstruksiya qilish) ishlarini amalga oshirdi. Ushbu ish yakunlandi, materiallar tahlil bosqichida.

«Tergov komissiyasi vazmin pozitsiyada bo‘lib, barcha xulosalar obektiv, faqat faktlarga asoslangan bo‘ladi. Aviatsiya halokatini tekshirish natijalari bo‘yicha yakuniy hisobot Qozog‘iston Transport vazirligi saytida e’lon qilinadi», deyiladi hujjatda. E’lon qilish sanasi aniq belgilanmagan.

AZAL aviakompaniyasining Bokudan Grozniyga uchgan Embraer E190 samolyoti 2024 yil 25 dekabr kuni Qozog‘istonning Oqtov shahrida halokatga uchradi. Samolyot Ukraina dronlarining Kavkaz hududlariga hujumi paytida Kaspiy dengizi orqali Qozog‘istonga parvoz qilganidan keyin qulab tushdi. Halokat oqibatida 38 kishi qurbon bo‘ldi, 29 kishi omon qoldi.

Ozarboyjon hukumati norasmiy ravishda samolyot Rossiyaning havo hujumidan mudofaa raketasi bilan urib tushirilganini ta’kidlab kelmoqda. Rossiya tomoni tergov yakuniga yetmagani bois, xulosaga shoshilmaslik kerakligini aytmoqda. Tergov natijalari 2025 yil oxirigacha e’lon qilinishi qayd etilgan.

Mavzuga oid