Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp yangi dedlayn belgiladi – endi Putin o‘t ochishni 10-12 kun ichida to‘xtatishi kerak
AQSh prezidenti yana bir bor rossiyalik hamkasbidan xafsalasi pir bo‘lganini ta’kidladi hamda unga Ukrainadagi urushni to‘xtatish uchun berilgan 50 kunlik muhlatni qisqartirganini aytdi.
AQSh prezidenti Donald Tramp Vladimir Putinga Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish uchun bergan 50 kunlik muddatini qisqartirayotganini aytdi. Bu haqda u Buyuk Britaniyaga tashrifi chog‘ida mamlakat bosh vaziri Kir Starmer bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.
«Prezident Putindan xafsalam pir bo‘ldi, undan juda xafsalam pir bo‘ldi. Men unga bergan 50 kunimni kamroq muddatga qisqartirmoqchiman, chunki nima bo‘lishini allaqachon bilaman, deb o‘ylayman», – dedi Tramp. U aynan nimani bilishini aytayotganini ochiqlamagan.
AQSh prezidenti Putin bilan bir necha bor telefon orqali gaplashgani, biroq bu suhbatlardan keyinoq RF qo‘shinlari Ukraina shaharlarini o‘qqa tutishda va «ko‘plab odamlarni o‘ldirish»da davom etganini ta’kidladi. «Biz buni hal qilishimiz kerak bo‘ladi», – dedi Tramp.
Bu bayonotidan taxminan bir soat o‘tganida Tramp yangi ultimatum muddatiga oydinlik kiritdi. «Bugundan hisoblanganda 10 yoki 12 kun muddatga yangi dedlayn belgilamoqchiman», – degan u.
Rossiya bozori Trampning so‘zlariga salbiy reaksiya ko‘rsatdi. Moskva birjasi indeksi AQSh prezidentining ilk bayonotidan keyin yarim soatdan kamroq vaqt ichida 1,5 foizga pasaygandi (2777 punktdan 2737 punktgacha). Keyinroq indeks yana o‘sishni boshlagandi, ammo Trampning yangi dedlayn muddatiga aniqlik kiritishi ortidan yanada pastga quladi – 2730 punktlik nuqtagacha.
Rossiyada urushni yakunlash uchun 50 kun borligi haqida Tramp 14 iyul kuni e’lon qilgandi – shu bilan bir vaqtda u Ukrainaga yangi qurollar yetkazib berilishiga ham va’da bergan. U nima uchun shunday muddat o‘rnatganiga izoh bermagan.
Tramp Moskva o‘t ochishni to‘xtatishdan bosh tortadigan taqdirda Rossiyadan energetika resurslarini xarid qiladigan barcha mamlakatlarga AQSh bilan savdoda 100 foizlik bojlar joriy etilishini aytgan. Bunday cheklovlar ta’siriga tushishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar qatorida Xitoy va Hindiston ham bor.
RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Moskva Trampning bayonotlariga «juda jiddiy» qarashi hamda ularni «tahlil qilishi»ni bildirgandi. Peskov «agar lozim deb topsa» Putinning o‘zi Trampning ultimatumiga shaxsan munosabat bildirishi mumkinligini aytgandi. Lekin o‘tgan vaqt mobaynida u buni «lozim deb topmadi».
Mavzuga oid
11:53
Ukraina RKK rahbari Denis Kapustin halok bo‘lgani haqidagi xabarni rad etdi
09:43
Varshava aeroportida Ukraina fuqarosi radiosignal to‘suvchi qurilma bilan ushlandi
08:56
Xerson gubernatori dron hujumida 24 kishi halok bo‘lganini aytdi
08:44