O‘zbekiston | 10:11 / 03.12.2020
20040
3 daqiqa o‘qiladi

Mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini kadastr qiymati asosida hisoblash tizimi joriy etiladi 

Yer uchastkalari va ko‘chmas mulk obektlariga soliq solishni yanada takomillashtirish maqsadida prezidentning “Resurs soliqlari va mol-mulk solig‘ini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Hujjatda bir qator yangiliklarni joriy etish nazarda tutilgan, deb xabar bermoqda DSQ matbuot xizmati.

Foto: Fotolia

Mahalliy davlat hokimiyati organlariga yer solig‘i stavkalarini (qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan tashqari) belgilash huquqini berish mo‘ljallangan.

Ko‘chmas mulk (binolar, inshootlar va yer uchastkalari) obektlarini bozor qiymatiga yaqin bo‘lgan kadastr qiymati asosida mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini hisoblash tizimi joriy etiladi

Bu ikki bosqichda amalga oshiriladi:

2021-2023 yillarda ko‘chmas mulk bo‘lgan turar joy fondi obektlari (kvartiralar, yakka tartibdagi uy-joylar, dala hovlilar), shuningdek ushbu obektlar egallab turgan yer uchastkalariga;

2022-2024 yillarda yashash uchun mo‘ljallanmagan alohida ko‘chmas mulk obektlari, shuningdek ushbu obektlar egallab turgan yer uchastkalariga.

Quyidagilar orqali yer va suv resurslaridan, yer qa'ri qazilmalaridan foydalanish samaradorligi oshiriladi:

qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun soliq solishning yagona tartibi joriy etiladi;

kommunal xizmatlar ko‘rsatuvchi korxonalarga suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 2020 yil darajasida saqlab qolinadi. 

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish qismi va baliq yetishtirish, shu jumladan dehqon xo‘jaliklari suv hajmi bo‘yicha 1 kub metr uchun 40 so‘m miqdorida yagona soliq stavkasi belgilanadi.

Jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqning 2018 yilda belgilangan kadastr qiymati asosida hisoblangan summasi 2020 yil uchun hisoblangan soliq summasining 1,3 barobaridan oshmasligi kerak.

Yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha yillik hisobotni taqdim etish bilan bir vaqtda yer qa'ridan foydalanuvchilar soliq organlariga foydali qazilmalar zaxirasi harakati to‘g‘risidagi hisobotni soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali elektron shaklda taqdim etish tartibi belgilanadi.

Farmonda Soliq kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish ham nazarda tutilgan (2021 yil 1 yanvardan kuchga kiradigan normalar bo‘yicha). Ko‘chmas mulk obektlarini soliqqa tortishning yangi tizimini joriy etish bozor qiymatidan kelib chiqqan holda vazirlik va idoralar o‘rtasida, xalqaro moliya institutlari va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda (o‘zaro choralar ko‘rish, ma'lumot to‘plash va boshqalar) hamkorlikda amalga oshiriladi.

Mavzuga oid