O‘zbekiston | 23:22 / 14.04.2020
28185
3 daqiqa o‘qiladi

Kooperatsiya asosida xonadonlarda parranda boqish keng joriy etiladi, ipak qurti boqishga 750 ming kishi jalb qilinadi

Bunda parrandachilik korxonasi xonadonga 3 kunlik jo‘jalarni tarqatib, ozuqasini yetkazib beradi. 40 kundan keyin kooperatsiyaning o‘zi go‘shtni markazlashgan holda sotib oladi.

14 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini yanada rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yig‘ilishda parrandachilik tarmog‘ida aholi bilan kooperatsiyani rivojlantirish kerakligi ta'kidlangan.

«Kooperatsiya asosida xonadonlarda parranda boqish tajribasi keng joriy etiladi. Bunda parrandachilik korxonasi xonadonga uch kunlik jo‘jalarni tarqatib, ozuqasini yetkazib beradi. Qirq kundan keyin kooperatsiyaning o‘zi go‘shtni markazlashgan holda sotib oladi.

Ma'lumki, baliqchilik uchun ham barcha huquqiy-tashkiliy asoslar yaratilgan. O‘tgan yili yurtimizda 200 ming tonna baliq yetishtirilgan.

Bugungi kunda 38 ming gektar sun'iy suv havzalarining atigi 0,6 foizida intensiv baliqchilik tashkil etilgan. Qolaversa, ularda hosildorlik darajasi pastligicha qolmoqda.

Yig‘ilishda bu yil baliq yetishtirishni kamida 350 ming tonnaga yetkazish, sun'iy havzalardan foydalanish samaradorligini oshirib, baliqchilik xo‘jaliklari va qayta ishlash korxonalari tashkil qilish bo‘yicha qator topshiriqlar berildi.

Asalchilik tarmog‘iga e'tibor qaratilar ekan, bu yil ishlab chiqarish hajmini 5 barobarga ko‘paytirish, o‘rmon xo‘jaliklaridagi imkoniyatlarni to‘la ishga solish muhimligi ta'kidlandi. Aholiga asalari uyalari tarqatib, ulardan mahsulot sotib oladigan asalarichilik klasterlari tashkil qilish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Qishloq aholisini uy sharoitida ish bilan ta'minlaydigan rezervlardan biri – ipakchilik sohasi. Joriy yilda 382 ming quti ipak qurti boqilishini inobatga olsak, bu kamida 750 ming odamni ish bilan band qilish degani.

«O‘zbekipaksanoat» uyushmasi va Mehnat vazirligiga bu boradagi ishlarni samarali tashkil etish, yaxshi hosil olgan xonadonlarga qo‘shimcha mablag‘lar ajratish topshirildi.

«Ushbu chora-tadbirlar natijasida minglab fuqarolarimizni ish bilan ta'minlash, daromadlarini ko‘paytirishga erishamiz. Bozorlarimizda mahsulot ko‘p bo‘ladi. Har bir vazir, sektor rahbari buni yuragidan o‘tkazib, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashda mening o‘rnim qanday bo‘ladi, degan savolga vijdonan javob berishi kerak», – dedi Prezident.

Videoselektor yig‘ilishida qishloq xo‘jaligi tarmoqlari rahbarlari, viloyat hokimlari axborot berdi. Hududlarga biriktirilgan mutasaddilar va hokimlarning pandemiya davrida amalga oshirayotgan ishlari tanqidiy ko‘rib chiqildi», deyiladi davlat rahbari matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid