«Muhataram vatandoshlar, siz azizlarni, ko‘p millatli O‘zbekiston xalqini yangi 2025 yil bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Jahondagi murakkab vaziyatga qaramasdan, o‘tayotgan yil mamlakatimiz uchun qutli va barakali bo‘ldi. Buning uchun har qancha shukrona aytsak arziydi», — deb boshladi tabrikni prezident.
Muhtaram vatandoshlar! Siz, azizlarni, ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqini yangi – 2025 yil bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Jahondagi murakkab vaziyatga qaramasdan, o‘tayotgan yil mamlakatimiz uchun qutli va barakali bo‘ldi. Buning uchun har qancha shukrona aytsak, arziydi.
Mehnatkash xalqimizning fidokorona mehnati, siyosiy-ijtimoiy faolligi bilan Yangi O‘zbekiston g‘oyasi real voqelikka aylanmoqda.
Oliy Majlis va mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tgan saylovlar demokratik islohotlarning yangi davriga qadam qo‘yganimizni yana bir marta tasdiqladi.
Yurtimizda yuqori texnologiyali yangi sanoat majmualari, infratuzilma va logistika tarmoqlari, avtomobil va temir yo‘llar barpo etildi. Biznes, IT va turizm sohalari izchil rivojlanmoqda. Aholi daromadlari va turmush sifati oshmoqda.
Mirishkor dehqon va fermerlarimiz, klasterlarimiz ishchi-xizmatchilari mardona mehnat qilib, mo‘l hosil yetishtirdilar.
Yangi uy-joylar, bog‘cha va maktablar, oliygohlar, madaniyat va sport maskanlari qad ko‘tarmoqda. Yurtimiz tobora obod qiyofa kasb etmoqda. Minglab yurtdoshlarimiz Yangi yilni yangi uylarda kutib olmoqda.
Bilimli va shijoatli, navqiron yoshlarimiz ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda. Ayniqsa, Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida erishilgan rekord natijalar milliy sportimiz tarixida yangi sahifa ochdi.
Fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, mahallaning roli va ta’siri kuchaymoqda. Ma’naviy yuksalish jarayonlari hayotimizda yangi kuch, yangi harakatga aylanmoqda.
Global ahamiyatga ega tashabbuslarimiz jahon hamjamiyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xalqaro maydonda O‘zbekistonning raqobatbardosh mamlakat, ishonchli hamkor sifatidagi obro‘-e’tibori yuksalib bormoqda.









