O‘zbekiston | 13:08 / 28.11.2025
3020
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston 2030 yilga qadar “ortiqcha byurokratiyadan xoli hudud”ga aylantiriladi – Prezident

Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida byurokratiyani bartaraf etish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro forum ochilish marosimida ishtirok etar ekan, 2030 yilga qadar O‘zbekistonni ortiqcha byurokratiyadan xoli hududga aylantirishga qaratilgan maxsus dastur ishga tushirilganini ma’lum qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Toshkent shahrida byurokratiyani bartaraf etishga bag‘ishlangan xalqaro forum ish boshladi. Ochilish marosimida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Forumda O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari hukumatlari, xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar va ekspert doiralaridan yuqori martabali vakillar qatnashmoqda.

Davlat rahbari o‘z nutqida tadbirni tashkil etishdagi ko‘magi uchun BAA hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviyga minnatdorlik bildirib, BAA rahbariyati va xalqini mamlakat tashkil etilgan kun munosabati bilan qutladi.

Prezident Yangi O‘zbekistondagi davlat boshqaruvi falsafasini quyidagi so‘zlar bilan ifodaladi: “Biz Yangi O‘zbekistonni barpo etishda ‘Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak’ degan insonparvar g‘oyaga amal qilyapmiz”.

Shavkat Mirziyoyev so‘nggi yillarda byurokratiyani qisqartirish, davlat xizmatlarini soddalashtirish va raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlarga to‘xtaldi.

Asosiy ko‘rsatkichlar:

  • 2017 yilda 444 turdagi davlat xizmati mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda ular soni 1 040 taga yetgan;
  • ko‘rsatilgan xizmatlar soni qariyb 10 barobarga oshib, 55 milliondan ortiq operatsiya amalga oshirilgan;
  • 90 dan ortiq xizmatlar proaktiv va kompozit shaklda ko‘rsatilmoqda;
  • tug‘ilish bilan bog‘liq xizmatlarning kompozit shaklda ko‘rsatilishi yiliga qariyb 1 million fuqaroga qulaylik yaratayotgani qayd etildi;
  • ijtimoiy nafaqalar va yoshga doir pensiyalar aholi murojaatisiz avtomatik tarzda tayinlanmoqda;
  • 30 turdagi xizmatni real vaqt rejimida olish imkoniyati yaratilgan;
  • joriy yilning o‘zida 8 millionga yaqin xizmat avtomatik ko‘rsatilgan;
  • hujjat almashinuvining elektron shaklga o‘tkazilishi hisobidan aholining yiliga 23 milliard so‘m mablag‘i tejalmoqda.

Biznes uchun ham katta yengilliklar yaratildi: 160 dan ortiq litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi; 150 dan ziyod ruxsatnomalar elektron shaklda berilyapti; 140 turdagi hujjat va ma’lumotlarni talab qilish amaliyotiga chek qo‘yildi; “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili joriy etilmoqda.

Prezident ta’kidlaganidek, so‘nggi yillarda byurokratiyani qisqartirishga qaratilgan 9 ta farmon va qaror qabul qilingan, “Yagona portal”, “Raqamli hukumat”, davlat xizmatlari markazlari kabi platformalar faoliyati samara bermoqda.

Davlat rahbari forum doirasida byurokratiyani bartaraf etish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinganini e’lon qildi.

Dasturning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat: 2030 yilga qadar O‘zbekistonni “ortiqcha byurokratiyadan xoli hudud”ga aylantirish; davlat va aholi, davlat va biznes, shuningdek, davlat tuzilmalarining ichki munosabatlarida byurokratiyani keskin kamaytirish; qulay, shaffof va insonparvar davlat xizmatlari ekotizimini shakllantirish.

Rejalashtirilayotgan vazifalar: davlat xizmatlari sonini 1,5 mingtaga yetkazish; elektron xizmatlar ulushini 95 foizgacha ko‘tarish; kelgusi yilning o‘zida 250 ta xizmatni elektron shaklga o‘tkazish; avtotransportni ro‘yxatdan o‘tkazish, QQSni qaytarish kabi xizmatlarni to‘liq onlaynga o‘tkazish; “Qog‘ozsiz hukumat” tizimiga to‘liq o‘tish, qog‘oz hujjat aylanmasidan voz kechish; mavjud 40 mln hujjatdan 25 millionini raqamlashtirish, keyingi yilda yana 5 million hujjatni raqamlashtirish; proaktiv va kompozit xizmatlar sonini 400 taga yetkazish (kelgusi yilda 180 tasini joriy etish).

Natijada, prezident qayd etganidek: “Fuqaro murojaat qilmasdan unga xizmat ko‘rsatiladigan tizimga o‘tamiz”.

Lisenziya va ruxsatnomalar, kommunal tarmoqlarga ulanish, qurilish sohasidagi 300 dan ortiq xizmat soddalashtiriladi, 4 ta kommunal tarmoqqa yagona ariza asosida ulanish imkoniyati yaratiladi.

100 dan ziyod davlat xizmatlarining ko‘rsatish muddati 50 foizgacha qisqartiradi, 110 dan ortiq ma’lumot va hujjatlarni talab qilish to‘liq bekor qilinadi.

Davlat xizmatlari portali, “Lisenziya” tizimi, “Yagona darcha” bojxona platformasi va koll-markazlar sun’iy intellekt asosida ishlashga o‘tadi.

Dastur ijrosini baholash va jamoatchilikni jarayonga keng jalb etish maqsadida vazirlik va idoralar faoliyati maxsus raqamli platforma orqali baholanadi, eng yaxshi natija ko‘rsatgan idoralar va xodimlar rag‘batlantiriladi, dastur natijadorligini monitoring qilish va muvofiqlashtirish uchun alohida Dastur ofisi tashkil etiladi, aholi va biznes vakillari o‘z tashabbuslarini to‘g‘ridan to‘g‘ri kiritishi, shuningdek idoralar faoliyatini baholash imkoniga ega bo‘ladi, bu maqsadda 3 million dollar miqdorida mukofot jamg‘armasi yo‘lga qo‘yiladi.

Ushbu jamg‘arma hisobidan byurokratiyani bartaraf etish bo‘yicha yangi tashabbus bilan chiqqan aholi, biznes vakillari va davlat xizmatchilari pul mukofotlari bilan rag‘batlantiriladi.

“Byurokratiyani bartaraf etish – davlatning xalqqa xizmat qilishga qaratilgan ustuvor vazifasidir. Biz birgalikda shunday tizimni yaratishimiz kerakki, fuqaro davlat idorasiga emas, davlatning o‘zi har bir fuqaroning oldiga borishi va muammosini hal qilishi lozim”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Marosim yakunida prezident ramziy tugmani bosib, Byurokratiyani bartaraf etish dasturini rasman ishga tushirdi va forum ishtirokchilari bilan suhbatda “Inson qadri uchun” g‘oyasi barcha islohotlarning asosini tashkil etishi zarurligini yana bir bor ta’kidladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid