Sport | 21:07 / 10.10.2024
14626
3 daqiqa o‘qiladi

JCh-2026 saralashi. O‘zbekiston 10 kishi qolgan Eron bilan durang qayd etdi

JCh-2026 hal qiluvchi saralash bosqich 3-turi doirasida O‘zbekiston milliy jamoasi Eronga qarshi maydonga tushdi.

Foto: UFA

Toshkentdagi «Bunyodkor» stadionida 33 800 tomoshabin qarshisida A guruhi peshqadamlari o‘rtasida o‘tgan qarama-qarshilikning dastlabki bo‘limida maydonda tengkurash kuzatilib, aytarli yaqqol golli vaziyat yuzaga kelmadi.

Ikkinchi bo‘limdagi kulminatsion voqea 57-daqiqada raqib futbolchi Solih Hardanining maydondan chetlatilishi bo‘ldi. Bosh hakam Eldor Shomurodovga nisbatan ushbu qo‘pollikka dastlab e’tibor qaratmagan bo‘lsa, VAR tekshiruvidan keyin eronliklar maydonda 10 kishi bo‘lib qolishdi. Qolgan yarim soatdan ko‘proq vaqt davomida mezbonlar son jihatdan ustunlikka erishgan bo‘lsa-da, bundan foydalana olishmadi.

Aksincha, 90+2-daqiqada jarima maydoni ichida Rustam Ashurmatov to‘pni qo‘li bilan o‘ynagani uchun O‘tkir Yusupov darvozasi tomon penalti belgilandi. Forslar 11 metrlik jarima zarbasini tepishga hozirlik ko‘rayotganda esa hakam VAR’ni ko‘rib chiqib, penaltini bekor qilindi.

Shu tariqa, juda muhim bahsda bosh murabbiy Srechko Katanetssiz to‘p surgan vakillarimiz durang qayd etishdi – 0:0. Jamoalar o‘rtasidagi so‘nggi uch o‘yinda ham durang qayd etildi.

A guruhida O‘zbekiston va Eron 7 ochko bilan qo‘shhokimlik qilishda davom etishmoqda. Guruhdagi qolgan ikki o‘yin ham bugun bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston 15 oktyabr kuni Toshkentda BAA milliy jamoasini qabul qiladi.

JCh-2026 saralashi. A guruhi. 3-tur

O‘zbekiston – Eron 0:0
O‘zbekiston
: 1.O‘tkir Yusupov, 2.Abduqodir Husanov, 4.Farrux Safiyev (3.Hojiakbar Alijonov, 46), 5.Rustam Ashurmatov, 7.Otabek Shukurov, 9.Odil Hamrobekov, 10.Jaloliddin Masharipov, 13.Sherzod Nasrullayev, 14.Eldor Shomurodov, 22.Abbosbek Fazullayev (11.Oston O‘runov, 71), 23.Husniddin Aliqulov.
Eron: 1.Ali Rizo Beyranvand, 2.Solih Xardani, 4.Shojai Xalilzoda, 5.Milod Muhammadiy, 6.Said Izzatullohiy, 7.Ali Rizo Jahonbaxsh (11.Ali Gulizoda, 78), 8.Muhammad Muhibi (10.Mehdi Goyedi, 55), 9.Mehdi Toremiy, 13.Ali Ne’mati, 14.Somon Quddus (21.Umid Norafkon, 71), 20.Sardor Ozmun (19.Shahriyor Moganlo, 78).

Ogohlantirish: Farruh Safiyev (19), Odil Hamrobekov (30), Somon Quddus (66).

Chetlatish: Solih Hardani (Eron), 57.

Mavzuga oid