O‘zbekiston | 18:33 / 26.10.2023
16369
3 daqiqa o‘qiladi

Emmanuel Makron O‘zbekistonga keladi

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 1 noyabr kuni Qozog‘istonga, 2 noyabrda esa O‘zbekistonga keladi. Bu haqda Yelisey saroyi rasmiy axborot tarqatdi.

Foto: O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati

“Fransiya bu ikki mamlakatni islohotlar va yangilanishlar yo‘lida qo‘llab-quvvatlashga, xalqaro aloqalarini diversifikatsiya qilishida hissa qo‘shishga, ularning mustaqilligi, suvereniteti va Yevropa bilan munosabatlarini mustahkamlashga intilishini qo‘llab-quvvatlashga tayyor”, – deyiladi Makron ma’muriyatining bayonotida.

“Fransiya va ushbu ikki davlat iqtisodiy sohada, ayniqsa energetika, eng muhim xomashyo turlari ta’minoti, transport infratuzilmasi, sog‘liqni saqlash, oziq-ovqat mustaqilligi va hatto mudofaa sohalarida o‘zaro yaqinlashib bormoqda”, – deya qayd etgan Fransiya tomoni.

Ta’kidlanishicha, bu ikki tashrif bilan Fransiya kompaniyalari ishtirokida iqtisodiy forumlar o‘tkazila boshlaydi.

“Fransiya mintaqa mamlakatlari bilan, shuningdek, jiddiy global muammolar, shu jumladan ekologiya, suv resurslarini boshqarish va oziq-ovqat xavfsizligi borasida hamkorlik qilmoqda”, – deyiladi kommyunikeda.

Rasmiy Parij Ostona va Toshkent bilan xavfsizlik sohasida, xususan Afg‘oniston bilan bog‘liq terroristik tahdidlar va giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish yuzasidan ham hamkorlik qilayotganini alohida qayd etgan.

“Shu bilan birga, davlat rahbari oldida inqirozlar kuchayib borayotgan va dunyoning bo‘linish xavfi sharoitida barcha qit’alardagi davlatlar bilan muloqotni davom ettirish, xalqaro huquqqa hurmat asosida tinchlik va barqarorlikni himoya qilishni davom ettirish masalasi ham turibdi”, – deya ta’kidlagan Yelisey saroyi o‘z bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil oktyabr va 2022 yil noyabr oylarida ikki kunlik tashrif bilan Parijda bo‘lgan edi.

Emmanuel Makron esa O‘zbekistonga kelgan Fransiyaning ikkinchi prezidenti bo‘ladi. O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov 1993 yilda Yevropa bo‘ylab GFR, Niderlandiya, Fransiya va Buyuk Britaniyaga safar qilgan, bunga javoban 1994 yilda Fransiyaning 21-prezidenti Fransua Mitteran Samarqandga tashrif buyurgandi.

Mavzuga oid