Iste’molchilarga bazaviy me’yordan ortiq ishlatilgan gaz-svet haqida SMS yuborilmoqda. Bu qanday ishlaydi?
Maishiy iste’molchilarga foydalanilgan elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha oylik ma’lumotni bazaviy me’yor va undan ortiq hajmlar kesimida ola boshladi. Mas’ullar Kun.uz'ga bergan intervyusida hisob-kitoblar qanday amalga oshirilishini tushuntirib berdi.
1 maydan boshlab O‘zbekistonda elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha ijtimoiy norma joriy etildi. Ijtimoiy norma deganda aholiga elektr energiyasi va tabiiy gazning tannarxidan ancha arzonga sotiladigan miqdori tushuniladi. Bu miqdor elektr energiyasi uchun oyiga 200 kWh’gacha; tabiiy gaz uchun mart-oktyabr oylarida oyiga 100 kub metrgacha, noyabr-fevral oylarida esa oyiga 500 kub metrgacha deb belgilangan.
Vazirlar Mahkamasining shu yil aprelda qabul qilingan 204-sonli qarori bilan 1 iyundan boshlab foydalanilgan elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha oylik ma’lumot bazaviy me’yor va undan ortiq hajmlar kesimida iste’molchilarga yuborilishi kerak. Hozirda Hududiy elektr tarmoqlari va Hududgaz aksiyadorlik jamiyatlari iste’molchilarga ma’lumot yuborishni boshlamoqda.
“Hududgazta’minot” AJ raqamlashtirish ofisi bo‘lim boshlig‘i Nurbek Do‘stovning ta’kidlashicha, iste’molchilarga oylik ma’lumot yuborilishi 5 iyundan boshlanadi.
“Shu qaror bo‘yicha “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ASKUG tizimi joriy qilingan. Bu orqali gaz hisoblagichlaridan keladigan ko‘rsatkichlarning hisob-kitobini amalga oshirish yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu dasturiy ta’minot orqali hukumat qaroriga asosan bazaviy me’yor va undan yuqori me’yor bo‘yicha hisob-kitob qilish mexanizmi ishlab chiqildi va bu bo‘yicha iste’molchilarga joriy yilning 5 iyunidan boshlab SMS ko‘rinishida xabarnoma yuborilishi ishga tushadi.
Shuningdek, iste’molchilar o‘zi ishlatadigan kunlik gaz iste’moli haqidagi ma’lumotni bilib borish uchun “Hududgazta’minot” saytida shaxsiy kabinetni ishga tushirganmiz. U orqali bazaviy me’yor va undan ortiq ishlatilgan gaz, qancha gaz hajmiga nisbatan qancha to‘lov qilishlari bo‘yicha ma’lumotlarni bilib borishlari mumkin”, – deydi Nurbek Do‘stov.
Uning ta’kidlashicha, “Hududgazta’minot” saytidagi gaz kalkulyatori orqali isitish mavsumi va undan tashqari vaqtni tanlab iste’molchilar ishlatgan gaz hajmnini kiritib, to‘laydigan to‘lovlarini ko‘rib borishlari mumkin. Mas’ullar iste’molchilardan mobil telefon raqamlarini zarurat tufayli o‘zgartirgan bo‘lsa, “Hududgazta’minot” AJga murojaat qilishni so‘radi.
“ASKUG tizimiga tegishli qarorlar bilan kiritilgan ko‘p qavatli uylarda yashaydigan 300-400 ming nafar fuqarolarimiz ulanmagan. Ular jismoniy va yuridik shaxslar uchun shaxsiy kabinetga kirib, uylaridagi hisoblagichlaridan ko‘rib, iste’moli to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritib borishlari kerak. Iste’molchi o‘zi ishlatadigan gaz hajmlarini kiritib borsa, bizning kalkulyator orqali qancha to‘lov hisoblanishini ko‘rib borishlari mumkin”, – deydi kompaniya mas’uli.
"Hududiy elektr tarmoqlari" AJ Elektr energiyasini avtomatlashirish markazi filiali direktor o‘rinbosari Diyorbek Nishonovning so‘zlariga ko‘ra, 1 iyundan boshlab elektr energiya iste’moli 200 kilovattdan ortganda, iste’molchilarga bazaviy me’yordan ortiq ishlatilgan elektr toki borasida SMS yuboriladi.
“Deylik siz 200 kWh’dan ko‘proq, ya’ni 250 kWh elektr toki ishlatdingiz. Sizga yuborilgan SMSda 200 kWh’gacha bo‘lgan elektr toki 450 so‘mdan, qolgan 50 kilovatti 900 so‘mdan hisoblanishi yozilgan bo‘ladi. Iste’molchilardan agar ularning telefon raqami hisobiga bog‘lanmagan bo‘lsa, elektr ta’minoti korxonasiga murojaat qilib, o‘zining hisobiga telefon raqamini bog‘lab berish borasida murojaat qilishlarini so‘raymiz. Shunda oyma-oy ma’lumotlar SMS tarzida yuboriladi”.
“Hududgazta’minot” AJ mas’uli ham iste’molchilardan faol telefon raqamini hisobraqamiga bog‘lab qo‘yishni so‘radi.
Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy norma doirasida, ya’ni 200 kWh’gacha elektr toki iste’molchilarga 450 so‘mdan yetkazib beriladi. Bundan ortig‘i esa, 201 kWh’dan 1000 kWh'gacha 900 so‘mlik tarifda hisob-kitob qilinadi. Tariflar shu zaylda o‘sib boradi.
Tabiiy gaz uchun esa mart-oktyabr oylarida 100 kub metrlik, isitish mavsumida esa 500 kub metrlik ijtimoiy norma amal qiladi. Norma doirasida 1 kub metr gaz uchun 650 so‘mdan to‘lov qilinadi, normadan ko‘p yoqilgan gaz uchun yuqoriroq tariflarda hisob-kitob qilinadi.
Madina Ochilova tayyorladi.
Mavzuga oid
23:15 / 05.09.2024
Poyezdlar to‘xtab turganida ham konditsioner o‘chmaydigan bo‘ladi - O‘TYY rahbari
08:47 / 23.08.2024
Iste’molchilarga suv ta’minoti xizmatlari ko‘rsatish qoidalariga o‘zgartirish kiritildi
13:09 / 21.08.2024
Mijozlardan 1,3 mlrd so‘m ortiqcha to‘lov undirgan temiryo‘lchilarga chora ko‘rildi
15:45 / 16.08.2024