Jamiyat | 20:42 / 21.12.2021
7410
10 daqiqa o‘qiladi

Mahalladagi chiqindizor va betonlangan daraxtlar - Abgor manzillar

Toshkent hududiga kiruvchi Ulug‘bek posyolkasidagi mahallada chiqindixonaning yonginasi chiqindizor bo‘lib yotibdi. Yashnobod tumanida esa Qorasuv kanalining yoqasidagi o‘nlab daraxtlar osti betonlab tashlangan.

“Abgor manzillar” yangi manzillardan ko‘rsatuvlarni davom ettiradi. Bu daf’a loyihamizga kelib tushgan murojaatlar bo‘yicha ikki joyga borishimizga to‘g‘ri keldi. Dastlab bu murojaatlar ko‘rsatuvimiz nomiga mosmi, yo‘qmi, biroz o‘ylandik. Biz taklif etilgan manzillarga borgach esa, amin bo‘ldikki, bu haqda o‘ylanib o‘tirishga hojat yo‘q.

Avvalgi ikki ko‘rsatuvimizda tashlandiq holga keltirilgan bog‘lar haqida hikoya qilgan bo‘lsak, bu safar aholi yashash punktlari atrofidagi abgor holatlarga guvoh bo‘ldik.

Obod mahallaga yarashmagan chiqindizor

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumaniga kiruvchi Ulug‘bek posyolkasidan tushgan murojaatda o‘sha hududdagi tashlandiq va chiqindixonaga aylanib qolgan joy haqida ma’lumot berishdi. Biz holatni joyiga chiqib o‘rgandik. Haqiqatan ham Qibray tumani bilan chegaradosh hududda, 2-sonli Respublika klinikasi orqasidagi joy chiqindixonaga aylangan.

Fuqarolar turli instansiyalarga bir necha bor murojaat qilishlariga qaramay, masala ijobiy hal etilmagan. Kamiga, shu yerdagi simyog‘ochlardan biri avariyaviy holatda ekani, u ag‘anasa, kimningdir ustiga tushib, zarar yetkazishi; yoki ma’lum hudud elektr tokisiz qolishi mumkin. Bu haqda ham aholi mas’ul tashkilotlarga murojaat qilganlari haqida bildirdilar.

Biz bu borada mahalla oqsoqoli bilan uchrashdik. U mavjud muammoni tan olgan holda, bizni uning mahallasida amalga oshirilgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan tanishtirdi. Aytish joizki, mahallaning hozirgi holati juda obod va chiroyli. Avvalroq abgor bo‘lib yotgan joylar zamonaviy va tartibli ko‘rinishga kelgan. Muammoli hudud borasida esa, “Mirzo Ulug‘bek” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi aholini biroz sabr qilishga chaqirdi:

“Ozmuncha ish qilinmadi. “Obod mahalla” dasturi doirasida “Yoshlar markazi”, sport maydonchalari, bolalar o‘yingohlari foydalanishga topshirildi; mahallalar ichki ko‘chalari asfalt qilindi; yo‘laklar yangilandi, o‘rindiqlar, urnalar o‘rnatildi; daraxt va butalar ekildi. Bu hammasi bir kunda bo‘lib qoladigan ish emas. Sabr qilishsa, biz o‘sha ko‘rsatilgan hududni ham obod qilamiz.

Avvalroq biz o‘sha chiqindixonaga aylangan joyni tozalagan edik, biroq odamlarning o‘zlari yana chiqindi tashlab, shu holatga keltirib qo‘yishyapti. Muammolardan biri shundaki, o‘sha yer Qibray tumani bilan tutash joy va o‘sha tumandagilar qurilish chiqindisini to‘kib ketayotgan holatlar bor. Chiqindini MSP – chiqindi yig‘ish punkti qabul qilmaydi, shuning uchun ko‘chaga tashlab ketishadi.

Ishga xalal beradigan yana bir jihat – yer ostida suv quvurlari bor va u yerga katta, og‘ir texnika kira olmaydi. Biz ehtiyotkorlik bilan ish tutishimiz lozim. Shu o‘rinda mahalla ahliga murojaatim bor: iltimos, o‘zingizni va hududni tozalayotganlarni hurmat qiling, atrofni ozoda tuting, deyman. Aholining o‘zi chiqindixonaga aylantirib tashlamasa, bu muammo ham yo‘q. Axir shundoqqina o‘sha yerda – 5 metr narida chiqindi yig‘ish punkti bor-ku!” deydi mahalla raisi.

Uning yozg‘irganicha bor. Biz bunga guvoh bo‘ldik. Suhbat asnosida u simyog‘ochni ham almashtirish ko‘zda tutilgani, bu ishlarning barchasi yaqin kunlarda amalga oshirilishini aytib o‘tdi.

Betonlangan daraxtlar

Bizning keyingi manzilimiz Toshkent shahar Yashnobod tumani bo‘ldi. Qorasuv kanali bo‘yidagi daraxtlar atrofi betonlab tashlangani haqida tahririyatimizga yo‘llangan murojaat bo‘yicha yo‘lga chiqdik. Qorasuv kanali bo‘yiga yetib borganimizda murojaat asosli ekaniga amin bo‘ldik.

“Do‘stlik” istirohat bog‘i yonidan oqib o‘tgan Qorasuv kanali qirg‘oqlaridagi daraxtlarning ayrimlari hudud va kanalbo‘yini obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan vaqtda betonlab tashlangan. Buning oqibatida ayrim daraxtlar bo‘g‘ilib, kasallangan va chiriy boshlagan. Bir qarasangiz, hudud ancha chiroyli, obod, batartib, lekin yaqinlashganingiz sari muammolar ko‘zga tashlanaveradi.

Daraxtlar borasida Yashnobod tumani kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarga mas’ul boshqarma irrigatori Ubaydulla Safarov va tuman ekologiya inspeksiyasi boshlig‘i Ilhom Hakimov bizga holat yuzasidan tushuntirish berdilar.

Irrigatorning aytishicha, bu ishlar amalga oshirilganda u ishlayotgan boshqarma bilan hamkorlik qilinmagan, natijada ular holatdan bexabar qolgan. Tuman inspektori esa tayinlanganiga 6 oy bo‘lganini, voqealar boshida turmaganini aytdi.

Har ikki mas’ul daraxt va butalarni ko‘zdan kechirib, xatlov o‘tkazib, butalash, kesib tashlash lozim bo‘lganlarini aniqlash, atrofini ochish lozim bo‘lganlarini ochish haqida ishlar olib borishlarini ta’kidlashdi.

Bizda paydo bo‘lgan yana ikki savol esa ochiq qoldi. Birinchisi: Ubaydulla Safarov u ishlaydigan boshqarma kanallar va ularga tutash hududlarga xizmat ko‘rsatishini aytsa-da, bu hudud o‘lchami haqida aniq ma’lumot bera olmadi. Ya’ni tushunishimizcha, suv bo‘yidan necha metr ekani aniq keltirilmagan. Ayrim joylarda 4 metr, ayrimlarida 10 metr, degan javob oldik. Irrigator boshqarmaning asosiy vazifasi tutash hududlarni tozalash, obodonlashtirish emas, balki noqonuniy qurilmalar va shunga o‘xshash holatlarning oldini olish ekanini ta’kidladi.

Ikkinchi savol: Ekoinspektor hududiy inspeksiyaga rahbar bo‘lganidan beri bu yerdagi muammodan bexabar ekani bizni taajjublantirdi. Biror fuqaro murojaat qilmaguncha inspektorlar holatdan bexabar bo‘lib yuraveradilarmi? Hududlarga biriktirilgan inspektorlar o‘z hududlaridagi mavjud holatdan birov xabar berishini kutib o‘tirmasdan, o‘zlari joriy nazorat o‘tkazib, tekshirib turishlari kerak emasmi?

Ikki mutasaddi ham o‘z vakolatlari doirasida muammoni bartaraf etishlarini aytishdi. Biz ularning so‘zdan amaliy ishga o‘tishlarini istardik. Lozim bo‘lsa, bu ishga mana shu hududni obodonlashtirgan pudratchi, tuman hokimligi, hokimlik qoshidagi obodonlashtirish boshqarmasi, shahar hokimligi, MFY raisi va noziri ham o‘z hissalarini qo‘shishlari kerak. Nega MFY raisi va profilaktika noziri? Hozir tushuntiramiz.

Muammo muammoni ochdi: buzg‘unchi yoshlar

Hududda suratga olish ishlarini olib borayotganimizda “Do‘stlik” parki direktori o‘rinbosari G‘ofurjon Tangriyev bizga bir muammo haqida so‘zlab berdi. Park atrofi va ungacha bo‘lgan kanal atrofidagi yo‘lkalarni toza va soz holda saqlash bog‘ xodimlari zimmasida ekan. Tangriyevga ko‘ra, ular hududning o‘zlariga ajratilgan qismini doim obod va ozoda holda saqlashadi, biroq aholi orasidagi yoshlar tungi vaqtlarda bu yerdagi inventarlarni sindirib, buzib, o‘g‘irlab ketishayotganini aytib, bu muammoni yoritib berishimizni so‘radi.

Darhaqiqat, ayrim o‘rindiqlar sindirilgan, kanal atrofidagi panjaralar sindirib ketilgan. Urnalar ham yo‘q, aftidan o‘g‘irlab ketilgan. “Odamlar piyoda sayr qilishi uchun mo‘ljallangan joyga mashinalar kirmasligi uchun yo‘lak boshiga o‘rnatilgan temir quvurli qoziqlargacha sindirib tashlashdi, kuni kecha yangisini o‘rnatdik”, deya kuyunib gapirdi bog‘ rahbari o‘rinbosari.

Uning aytishicha, hudud profilaktika inspektoriga zararkunandalarni tartibga chaqirib qo‘yishini so‘rab, bir necha bora murojaat qilgan, ammo befoyda.

Biz bu muammo yuzasidan shu hudud qarashli bo‘lgan “Shirinobod” MFY raisi Abdunazar Mirbaratov bilan gaplashdik. Mahalla raisi muammo borligini tan olgani holda, uning yechimi borasida o‘zi ham bosh qotirayotganini aytib o‘tdi. Mahalla noziri Baxtiyor Kaspayev esa biz bilan gaplashishni ham istamadi. Unga vaziyatni tushuntirsak ham foydasi bo‘lmadi. U intervyu bermasligini aytib, tinch qo‘yishimizni, xonani tark etishimizni so‘radi. Ochig‘i, bunday keskin muomaladan hayron bo‘ldik. Bog‘ ma’muri aytganidek, bezorilarga chora ko‘rilmayaptimi yoki...

Hozircha shu. Biz ko‘rsatilgan holatlar bo‘yicha ijobiy yechimlarni mas’ullardan kutib qolamiz. “Abgor manzillar” ko‘rsatuvi borgan manzillarning taqdiriga befarq emas, biz u joylarga albatta qaytamiz.

Bobur Akmalov,
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi:
Azimjon Vohidov

Mavzuga oid