O‘zbekiston | 17:48
6731
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyevning hokim bo‘lib ishlagan davrdagi xizmat kabineti va xizmat avtomobili ko‘rsatildi

Prezident 23 aprel kuni Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligiga tashrif buyurdi.

Davlat rahbari dastlab hokimlik binosi yonidagi Salar kanali ustiga qurilgan ko‘prikni ko‘rdi, hududdagi ko‘kalamzorlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdi va shu yerda ko‘chat ekdi. Shundan so‘ng tuman hokimligi binosida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.

Prezidentimiz 1992-1996 yillarda Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan. Hokimlik binosida Shavkat Mirziyoyev hokim bo‘lib ishlagan davrdagi qiyofada qayta tiklangan xizmat kabineti va xizmat avtomobili ko‘rsatildi.

Foto: Minbar ortida / Telegram

Davlat rahbari hokimligi paytida qabul qilgan eng muhim qarorlar ko‘rgazmaga qo‘yilgan. Tanishuv chog‘ida prezident o‘sha vaqtdagi faoliyatidan xotiralari bilan bo‘lishdi.

Shu paytgacha Mirzo Ulug‘bek tumanida jamoat xavfsizligi, transport, ijtimoiy yordam, kommunal, moliya va bank kabi 30 ta tashkilot o‘z yo‘nalishi bo‘yicha alohida va tarqoq holda ishlayotgan edi. Yagona tizim yo‘qligi aholi murojaatini tezkorlik bilan hal qilishga katta to‘siq bo‘layotgan, ortiqcha vaqt va sarsongarchilikka sabab bo‘lardi.

Hozir hokimlikda vaziyatlar markazi tashkil etilib, sun’iy intellekt asosida tahlil qilish, muammolarni tezkor aniqlash va hal etish bo‘yicha “Aqlli tuman” platformasi yaratildi. Muhimi, tumandagi barcha mahalla vakillari bilan onlayn muloqot qilish, vaziyatdan doimo xabardor bo‘lish imkoniyati yaratilgan.

Bu yerda ijtimoiy va kommunal muammolar monitoring qilinadi, aholi murojaatlari ijrosi nazoratga olinadi, favqulodda holatlarda tegishli xizmatlar faoliyati tezkor boshqariladi va muvofiqlashtiriladi.

Platforma tarkibidagi “Xavfsiz tuman” tizimi huquqbuzarliklarni monitoring qilish va jamoat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi. Tadbirkorlik sub’yektlarining raqamli xaritasi sun’iy intellekt tahlili asosida soliq tushumlarini prognoz qilish va ularning yig‘iluvchanligini ta’minlashga qaratilgan. “AI Davomat” tizimi esa maktablarda sababsiz dars qoldirish holatlarini bartaraf etish, voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlikning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday platformalar Chilonzor, Shayxontohur va Olmazor tumanlarida ham ishga tushirildi.

Prezident vaziyatlar markazi faoliyati bilan tanishib, ushbu yangi tizimni poytaxtning qolgan tumanlarida ham joriy etishga topshiriq berdi. Barcha viloyat hokimlari, prokurorlari, ichki ishlar, xavfsizlik va soliq idoralari rahbarlari Mirzo Ulug‘bek tumaniga kelib, ushbu yangi tizimni o‘rganishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid