O‘zbekiston | 09:30 / 23.06.2021
5672
3 daqiqa o‘qiladi

Senat shu hafta davlat tili va vijdon erkinligiga oid qonunlarni ko‘rib chiqadi

Oliy Majlis Senatning 16-yalpi majlisi 25 iyun, juma kuni chaqiriladi.

Foto: Senat matbuot xizmati

21 iyun kuni Senat kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisni Senat raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Majlisda Senatning 16-yalpi majlisini 2021 yil 25 iyun kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu haqda rasmiy relizda aytilgan.

Yalpi majlisda bir qator masalalar ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan. Senatning davlat organlarida ochiqlik va oshkoralikni ta'minlash sohasidagi faoliyatini takomillashtirish, Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta'minlash masalalari qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risidagi masalalar shular jumlasidan.

Bundan tashqari, “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi, “Sudlar to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi, “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish tartibi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar muhokama qilinishi nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on, Ohangaron, Bekobod, Bo‘stonliq, Bo‘ka, Zangiota, Yuqori Chirchiq, Qibray, Parkent, Piskent, O‘rta Chirchiq, Yangiyo‘l tumanlari va Olmaliq, Chirchiq, Angren, Yangiyo‘l, Bekobod shaharlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.

Qolaversa, qon donorligi sohasini rivojlantirish yuzasidan ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida, oqova suv tozalash inshootlarida vujudga kelayotgan muammo va kamchiliklarning atrof-muhit hamda aholi salomatligiga ta'siri yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovlari yuborish haqidagi masalalar ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarda nazarda tutilgan infratuzilmani yaratish, sanoatlashuv va innovatsiyalarga ko‘maklashish maqsadiga erishish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari va boshqa masalalar muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Senat hamda Xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish bo‘yicha Respublika komissiyasi tomonidan mahallalardagi holat, ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligini ta'minlash va sohaga oid belgilangan chora-tadbirlarning ijro etilishi bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganish natijalari ko‘rib chiqilishi nazarda tutilmoqda.

Mavzuga oid