Iqtisodiyot | 22:50 / 16.08.2024
11246
3 daqiqa o‘qiladi

GTL zavodi dizel ishlab chiqara boshlaganidan keyin dizel importi 7 barobarga oshdi

O‘zbekistonda neft mahsulotlari importi katta sur’atlarda oshishda davom etmoqda. 2024 yilning yanvar-iyul oylarida benzin importi 1,5 barobardan ko‘proqqa, mazut importi esa 2 barobarga oshdi. GTL zavodida dizel ishlab chiqarish boshlanganidan keyingi davr, ya’ni oxirgi 2 yilda bu mahsulot importi 7,3 barobarga oshib ketgan.

Qashqadaryo viloyatida qurilgan Uzbekistan GTL zavodi / Foto: "O‘zbekneftgaz"

Bojxona qo‘mitasi O‘zbekistonga eng ko‘p import bo‘layotgan tovarlarga oid ma’lumotlar bazasini ishga tushirdi. Kun.uz ochiqlangan ma’lumotlarni o‘rgangan holda, yoqilg‘i-energetika va neft mahsulotlari importi katta sur’atda oshayotganiga e’tibor qaratdi.

Qayd etilishicha, 2024 yilning yanvar-iyul oylarida 694,2 mln dollarlik yoqilg‘i-energetika va neft mahsulotlari import qilingan. Bu guruhdagi tovarlar importi o‘tgan yilga nisbatan 52,4 foizga o‘sgan.

Avvalo suyuq yoqilg‘ilar importidagi anomal yuqori o‘sish diqqatga sazovor. O‘tgan yilning yanvar-iyul oylarida 1943 tonna suyuq turdagi yoqilg‘ilar olib kirilgan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 19 025 tonnaga yetgan. O‘sish – 879 foiz yoki 9,8 barobarga teng bo‘lgan.

Mazut importi esa ikki barobarga: 416,5 ming tonnadan 843,6 ming tonnaga oshgan. O‘sish – 102,6 foiz.

Yanvar-iyul oylarida O‘zbekistonga 76,4 mln tonna benzin import qilingan bo‘lib, bu – o‘tgan yilning mos davri (48 mln tonna)ga nisbatan 28,4 mln tonnaga ko‘p. O‘sish – 59,1 foiz.

Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlari

Dizel importida 22,4 foizlik o‘sish kuzatilgan: 7 oy davomida bu turdagi yoqilg‘ini olib kirish hajmi 169 ming tonnadan 206,9 ming tonnaga yetgan.

Dizel importini 2022 yilning yanvar-iyul oylari (28,2 ming tonna) bilan taqqoslaganda, o‘sish 7,3 barobar bo‘lganini ko‘rish mumkin.

E’tiborlisi, 2022 yil 29 iyunda Uzbekistan GTL zavodi dizel ishlab chiqarishni boshlagandi. 3,42 mlrd dollarga barpo etilgan zavod yiliga 500 mln dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishi ko‘zda tutilgandi.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda 499,6 ming tonna dizel ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu – o‘tgan yilning shu davri (539,4 ming tonna)ga qaraganda 7,4 foizga kamaygan.

Mavzuga oid