O‘zbekiston | 12:50 / 02.07.2022
17357
4 daqiqa o‘qiladi

“Uzbekistan GTL” – dunyoda sohaga ixtisoslashgan eng yirik beshta zavodning biri

“Uzbekistan GTL” zavodida joriy yilning 29 iyun kuni O‘zbekiston neft va gaz-kimyosi sanoati tarixida birinchi sintetik GTL dizel mahsuloti ishlab chiqarildi.

Foto: Kun.uz

Mazkur voqea respublikaning zamonaviy neft-kimyo va neft-gazni qayta ishlash sanoati rivojida yangi texnologik bosqich hisoblanadi. Ushbu kun O‘zbekistonda ilk bor sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilganligi bilan muhim ahamiyatga ega.

“O‘zbekneftgaz” AJ tashabbusi bilan “Uzbekistan GTL” zavodiga pres-tur tashkil qilindi.

 

“O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev nafaqat O‘zbekiston, balki mintaqada neft-gaz sanoati sohasidagi eng yirik korxona hisoblangan “Uzbekistan GTL” zavodida sintetik yoqilg‘i mahsulotlari ishlab chiqarila boshlangani ko‘plab tarmoqlarning rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etishini ma’lum qildi. Boshqaruv raisi yuqori xalqaro standartlarga javob beradigan GTL mahsulotlari birinchi navbatda, respublikaning neft mahsulotlariga, xususan, dizel yoqilg‘isi va kerosinga, shuningdek, suyultirilgan gazga bo‘lgan ichki ehtiyojini qoplash uchun yetkazib berilishini, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar yuqori sifatli bo‘lgani uchun eksport qilish imkoniyati ham mavjud ekanligini aytib o‘tdi.

“Uzbekistan GTL” zavodi ahamiyati jihatidan dunyodagi beshta zavodning biri hisoblanadi. Biz mana, sanoat va qishloq xo‘jaligi uchun muhim bo‘lgan dizel yoqilg‘isini tayyorlashni yo‘lga qo‘ydik. Bu sohaga hamma mamlakatlar ham qo‘l uravermaydi. Sababi jarayon juda murakkab va nozik hisoblanadi. Davlat rahbarining shaxsiy tashabbusi va hukumat qo‘llab-quvvatlashi bilan biz ushbu murakkab jarayonni amalga oshira oldik. Aytishim lozim, dizel mahsulotiga bugungi kunda butun dunyoda talab yuqori. Biroq biz avvalo mamlakat ehtiyojini qondirishni rejalashtirganmiz.

Ushbu zavodimiz ishga tushirilishi va mahsulot olina boshlangani bizga xalqaro hamjamiyatda ham bir qator ustunliklar beradi. Allaqachon dunyoning yetakchi banklari, yirik korxonalar biz bilan hamkorlik qilishni istayapti. Kelgusi loyihalarimizni ham qo‘llab-quvvatlash taklifi bildirildi” ­– dedi Mehriddin Abdullayev. 

 

Ahamiyatli tomoni, zavodning asosiy ishga tushirish jarayonlari, 11 mingga yaqin uskuna va ishlab chiqarish qurilmalarini sinxron ishlashini ta’minlash, shuningdek, ularni to‘liq nazorat qilish va boshqarish O‘zbekiston fuqarolari – “Uzbekistan GTL” zavodining mahalliy muhandislari va yosh mutaxassislari tomonidan mustaqil ravishda, xorijiy mutaxassislarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirokisiz amalga oshirilmoqda.

Zavodning umumiy maydoni 135 gektar maydonni egallab, zavodda to‘rt turdagi yoqilg‘ilar ishlab chiqariladi (aviakerosin, siqilgan gaz, dizel, nafta). “Uzbekistan GTL” dunyodagi eng yirik 5 ta zavodlardan biri hisoblanadi.

 

Zavodning tantanali ochilish marosimida Prezident tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini amalda bajarish maqsadida talabalar amaliyotini GTL zavodida o‘tashlari to‘la ta’minlanayotgani ma’lum qilindi.

O‘z navbatida, “Uzbekistan GTL” zavodi ehtiyojlari uchun zarur bo‘ladigan mahsulotlar, butlovchi buyum, materiallar hamda sanoat xizmatlarini mahalliylashtirish, mahalliy korxonalar bilan sanoat kooperatsiyasi aloqalarini o‘rnatish ishlari borasida ham ma’lumotlar berildi.

Eslatib o‘tamiz, zavodida yiliga 3,6 mlrd. metr kub tabiiy gaz qayta ishlanib, 1,5 mln tonna tayyor suyuq mahsulotlar ishlab chiqariladi. Jumladan, 307 ming tonna aviakerosin, 724 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 437 ming tonna nafta, 53 ming tonna suyultirilgan gaz tayyorlanadi. Yiliga umumiy qiymati 1 milliard AQSh dollari yoki 12,8 trillion so‘mdan ortiq import o‘rnini bosuvchi neft mahsulotlari va uglevodorod xomashyolarini ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

“O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid