18:00 / 09.08.2021
10174

Dronlarga ruxsat berish vaqti kelmadimi? Xorij tajribasiga nazar

2019 yilda noqonuniy ravishda dron uchirish O‘zbekiston Jinoyat kodeksiga kiritilgan edi. Biz bu borada xorijiy davlatlar qonunchiligidagi me'yorlarga nazar tashladik. Guvohi bo‘ldikki, ko‘plab rivojlangan davlatlarda fuqarolarning dron uchirishiga ruxsat berilgan. Taqiqlar esa asosan rivojlanayotgan davlatlarda saqlanib qolmoqda.

Richard Brenson va Jyeff Bezos. Jahon ommaviy axborot vositalarining so‘nggi kunlardagi eng trendga chiqqan xabarlaridan biri ayni shu milliarderlar nomi bilan bog‘liq bo‘ldi. Ularning yaqin kosmosga chiqqani, bunda xususiy kompaniyalar tomonidan ishlab chiqilgan raketalardan foydalanilgani alohida e'tirof etildi.

«Bojxona nazorat postida dron olib o‘tayotgan fuqaro ushlandi». Bu esa O‘zbekiston OAVda bot-bot uchrab turadigan xabarlarning umumiy sarlavhasi. Xabarlarda, dronlarning noqonuniy olib o‘tilayotgani qayd etiladi.

Soddagina qilib «dron» deb ataluvchi uchuvchisiz uchar moslamalar dunyoda allaqachon oddiy maishiy texnika darajasidagi matohga aylanib ulgurdi. Dronlarning mukammalroq variantlari esa iqtisodiyotning turli sohalari, xususan, qishloq xo‘jaligi, yer maydonlari nazorati, kartografiya va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda keng qo‘llab kelinmoqda. Hatto, bir necha davlatlarning harbiy qurol-aslahalar arsenalidan ham joy olishga ulgurdi.

O‘zbekistonda esa dronlardan foydalanish – jinoyat. Jazosining og‘irligi 10 yillik qamoqqacha borishi mumkin. Albatta, ayrim istisnolar yo‘q emas, biroq umuman olganda, aholiga drondan foydalanishga ruxsat yo‘q.

Vaholanki, insoniyat ilm-fan va texnologiya rivojining yana bir mahsulini turli sohalar rivoji uchun qo‘llashi quvonarli. Aslida shunday bo‘lishi ham kerak...

Dronlar va xorij tajribasi

Dunyoning 143ta mamlakatida dronlardan foydalanish qoidalari qonunchilik darajasida tartibga solingan. Ta'kidlash o‘rinliki, qoidalar ko‘proq qurilmalarni olib kirishni taqiqlash emas, balki ulardan foydalanishga doir jihatlarni o‘z ichiga oladi.

Dronlar parvoziga nisbatan eng mo‘'tadil munosabat Yevropada desak adashmaymiz: Yevropa mamlakatlarining 27 foizida uchuvchisiz uchar moslamalarni uchirish cheklanmagan.

Shimoliy Amerika va Sharqiy Osiyo mamlakatlari qonunchiligida ham dronlarga nisbatan munosabat ancha mo‘'tadil. Buning aksi o‘laroq, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo davlatlarida holat ancha farq qiladi: bu ikki mintaqa mamlakatlarining 21 foizi, jumladan, Eron, Iroq va Kuvaytda uchuvchisiz uchar moslamalardan foydalanish butunlay taqiqlangan. Shuningdek, dronlar to‘g‘risidagi qonun ishlab chiqilgan Afrika mamlakatlarining 21 foizida ham bu moslamalar parvozi man etilgan.

Keling, xorijiy davlatlarning ayrimlarida dronlardan foydalanish qanday tartibga solinganini ko‘rib chiqsak. Dastlab, Osiyoning yirik davlatlaridagi tartib-qoidalar xususida.

O3sqwB9V36E77UaNncw1k6PFVs3j_HQR.jpg (1000×624)
Foto: Getty Images

Xitoy

Xitoy Xalq Respublikasida dronlarni uchirishga Xitoy fuqaro aviatsiyasi ma'muriyati qoidalariga muvofiq ruxsat etiladi. Uning asosiy bandlari quyidagicha:

— drondan buyumlarni tashish yoki yuqoridan tashlashda foydalanish mumkin emas;

— boshqaruvchi dronni bevosita ko‘rib turgan masofada uchira oladi;

— kunduz kunlari uchirish mumkin;

— 120 metr balandlikkacha uchira olasiz;

— albatta, dronni uchirishdan avval mahalliy hokimiyat idoralarida ro‘yxatdan o‘tkazish kerak bo‘ladi.

— dronlar fuqarolik javobgarligi bo‘yicha sug‘urta polisiga ega bo‘lishi zarur;

— Xitoyda dronlardan tijorat maqsadida foydalanish ham mumkin, buning uchun biznes-litsenziya olish kifoya;

— aeroportlar, xalqaro chegaralar, harbiy hududlar, davlat idoralari, elektr va transformator stansiyalari, doklar, portlar, temir yo‘llar va jamoat joylaridan uzoqroq bo‘lish talab etiladi.

Yaponiya

Kunchiqar yurtda dronlar egalari Yer resurslari, infratuzilmalar, transport va turizm vazirligi qoidalariga rioya etishlari lozim. Bu qoidalarning ayrimlari quyidagicha:

— 150 metr balandlikkacha, kunduzi uchirsa bo‘ladi;

— drondan har qanday ashyoni tashlash mumkin emas;

— aholi punktlari osmonidan boshqa hududlarda uchish mumkin;

— binolar, insonlar va transport vositalaridan 30 metrgacha yaqinlikda, bevosita ko‘rish masofada uchirsa bo‘ladi;

— aeroportlar yaqinida, odamlar yig‘ilgan joylarda yoki 150 metrdan balandroq uchirmoqchi bo‘lganlar mahalliy aviatsiya byurosi direktoridan ruxsat olishi kerak;

— portlovchi yoki boshqa turdagi xavfli moddalarni tashishda drondan foydalanish taqiqlanadi.

Tayvan

Tayvan fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi 250 grammdan og‘ir dronlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, 2 kg va undan ortiq moslamalarni maxsus testdan o‘tkazishni talab qiladi. Shunda bemalol undan foydalanish mumkin.

Hongkong

Hongkongda dronni 91 metrgacha uchirish mumkin. Qolaversa, bu yerda birmuncha yirikroq moslamalarni ham uchirishga ruxsat bor, faqat uning vazni 7 kg.dan ortiq bo‘lmasligi kerak.

Singapur

Singapurda dronlarni 60 metrgacha balandlikda uchira olasiz. Shu bilan birga, aeroportlardan 5 km uzoqlikda, aholi punktlaridan tashqarida 7 kg.gacha bo‘lgan dronni osmonga ko‘tarish mumkin. Buning uchun ko‘rish cheklanmagan yoki ob-havo sharoiti qulay bo‘lishi zarur.

Tailand

Osiyoning yana bir turistik maskanlaridan biri bo‘lgan Tailandda, e'tibor bering, 2 kg.dan og‘ir dronlargina ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Anchagina yirik moslamadan foydalanish uchun alohida ruxsatnoma olish kifoya qiladi. Mabodo, 25 kg.dan ortiq vazndagi dron sohibi bo‘lsangiz, bevosita transport vaziri ruxsati talab etiladi.

Bu yerda, shuningdek, jinoiy yoki ma'muriy javobgarlik ham nazarda tutilgan. Mamlakat fuqaro aviatsiyasi boshqarmasining nisbatan mo‘'tadil qoidasini buzish 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki 40 ming bat (1245 dollar) jarima solinishiga, yoxud ikkisining baravar qo‘llanilishiga olib keladi.

Janubiy Koreya

Bu respublikada dronlarni 150 metr balandlikkacha uchirishga ruxsat bor, lekin aeroportlardan kamida 9,3 km uzoqlikda.

Qoidalarda shaxsiy hayot daxlsizligi alohida qayd etilgan va boshqalarning ruxsatisiz ularni tasvirga olish ham taqiqlangan.

Dron 12 kg.dan ortiq vaznga ega bo‘lsagina, hukumat ruxsati zarur. Shuningdek, 12 kg.dan ortiq barcha turdagi dronlardan tijorat maqsadida foydalanish uchun litsenziya ham talab etiladi. Xavfsizlik qoidalarini buzganlarga 2 mln von (1768 dollar) jarima solinishi mumkin.

Yevropa Ittifoqi

Dronlar masalasida YeIning yagona qonunchiligi mavjud emas. Ittifoqqa a'zo har bir mamlakat dronlarni ro‘yxatga olish va ulardan foydalanish qoidalarini mustaqil ravishda hal qiladi. Ta'kidlash kerak, Yevropa mamlakatlarining aksarida qoidalar va talablar bir-biriga o‘xshash, quyida farqli jihatlarini e'tiboringizga havola qilamiz.

Daniya

Daniya qirolligida dronlarni uchirishda jamoat joylari va xususiy yerlarda rasmga tushirish qoidalariga rioya qilish lozim. Dron boshqa dronlardan uzoqroq uchishi alohida belgilangan. Boshqaruvchi 18 yoshdan kichik bo‘lmasligi kerak.

120 metrgacha uchira olasiz, biroq 250 grammdan og‘ir yoki soatiga 50 km.dan tez uchadigan kopterlar Daniya transport va uy-joy vazirligidan ro‘yxatdan o‘tkazilishi belgilangan.

Dronda, shuningdek, egasining ism-sharifi, telefon raqami va ro‘yxatdan o‘tkazilgan raqami qayd etiladi. Dronni uchiruvchi shaxs guvohnoma olishi kerak.

Islandiya

Islandiyada dronlarning har bir parvozidan oldin geo-hududlarni tekshirib, havo harakatiga xalaqit qilmaslik lozim. Xalqaro aeroportlardan 2 km, mahalliy aeroportlardan 1,5 km uzoqlikda bo‘lish kifoya qiladi.

Dron uchirish uchun joy shaharda bino va turar joylardan 50 metr, qishloq joylarda esa 150 metr uzoqlikda bo‘lishi kerak. Shaharda 7 kg.gacha, qishloq hududlarda 25 kg.gacha bo‘lgan dronlardan bemalol foydalansa bo‘ladi. Faqat, 20 kg.dan og‘ir kvadrokopterlar uchun sug‘urta olish zarur bo‘ladi.

Foto: Getty Images

Shveytsariya

Shveytsariyaning ayrim kanton va munitsipalitetlari dronlar parvoziga doir qat'iy qoidalarini ishlab chiqqan. Umumiy qoidaga ko‘ra, 500 grammdan og‘ir dron uchirishni xohlagan kishi ehtimoliy zararlarni qoplash uchun 1 mln frank (1 mln 85 ming AQSh dollari) miqdoridagi sug‘urtaga ega bo‘lishi kerak, buning xarajati ming dollarga bormaydi.

Niderlandiya

Niderlandiya qirolligidagi qoidalarga ko‘ra, 25 kg.gacha bo‘lgan dronlardan shaxsiy tartibda foydalanishga ruxsat beriladi.

Buyuk Britaniya

Birlashgan qirollikda droningiz 20 kg.gacha bo‘lsa, bemalol foydalana olasiz. Shu bilan birga, 7-20 kg.lik dron sohibi tegishli davlat organi (CAA) sayti orqali qo‘shimcha yo‘riqnomalar bilan tanishib olgani maqsadga muvofiq.

Germaniya

Germaniya Federativ Respublikasi fuqarolari uchuvchisiz uchar qurilmalarini 100 metrgacha balandlikda uchira olishadi. Uchiruvchilar sug‘urtaga ega bo‘lishlari talab etiladi.

250 grammdan og‘ir dronlarga taniqlilik tasmasi yopishtirilishi belgilangan. 2 va undan ortiq kilogramm vazndagi kopterni uchirish uchun maxsus sertifikat beriladi.

Navbat okeanorti mamlakatlariga. Shimoliy Amerika mamlakatlarida dronlardan foydalanish qanday tartibga solingani bilan ham qisqacha tanishaylik.

AQSh

Bugungi kunda birgina AQShning o‘zida 1,8 mln donaga yaqin dron ro‘yxatdan o‘tgan. Ya'ni ularda ham bu moslamalar ro‘yxati yuritiladi.

Amerikaliklar, Federal aviatsiya ma'muriyati (FAA) qoidalariga muvofiq, dronlarini 120 metr balandlikkacha ko‘tarishlari mumkin. Xavfli hududlar osmonida parvoz taqiqlangan. Dronni uchirishdan oldin alkogolli ichimlik ichish mumkin emas.

Agar uchuvchisiz uchar qurilma 250 gr.dan og‘ir bo‘lsa, misol uchun, bu talabga mos tushuvchi DJI dronlarining barchasini FAA saytida ro‘yxatdan o‘tkazish kerak. Bu yerda tijorat maqsadlarida ham drondan foydalansa bo‘ladi, illo maxsus ruxsatnoma olsangiz kifoya.

Ta'kidlash kerak, AQShda dron egalari uchun buning javobgarligi anchagina jiddiy. Dronni ro‘yxatdan o‘tkazish talabini buzganlar Amerika sharoitida ham yaxshigina jarima – 27 ming dollargacha jarima to‘lashiga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, 25 kg.gacha bo‘lgan dronlarni uchirish mumkin.

Foto: Getty Images

Kanada

Kanadada dronlarni 90 metrgacha balandlikda, faqat kunduzi uchira olasiz. Dronda egasining ismi, yashash manzili va telefon raqami qayd etilgan bo‘lishi kerak. Shuningdek, kopterni o‘zingizdan 500 metrgacha uzoqlashtira olasiz.

1-35 kg.gacha bo‘lgan Phantom seriyasidagi dronlarni transport vositalari, kemalar va odamlardan kamida 75 metr masofa uzoqda parvoz etishiga yo‘l qo‘yiladi. 250 grammdan 1 kg.gacha bo‘lgan Mavic Air, Mavic Pro va Spark rusumidagi dronlarni 30 metrgacha yaqinlikda uchirsa bo‘ladi.

MDH mamlakatlaridan Rossiya va Gruziyada dronlar parvozi qanday tartibga solinganiga doir qisqa ma'lumotlar bilan ham tanishamiz.

Rossiya Federatsiyasi

Rossiyada dronlardan foydalanish anchagina liberallashgan desak, xato qilmaymiz. Qurilma vazni 250 grammdan 30 kilogrammgacha bo‘lsa, uchirish hududini aniqlamasdan, kunduz kuni, 150 metr balandlikkacha uchirsa bo‘ladi.

Albatta, aerodromlar, taqiqlangan va maxsus hududlar, shuningdek, ommaviy tadbirlar osmonida uchirish cheklangan.

Gruziya

Gruziyada uchuvchisiz uchar moslamalardan foydalanishni tartibga soluvchi qonun 2017 yil kuzidan amal qila boshlagan. Unga ko‘ra, 5 kg.dan og‘ir bo‘lgan barcha turdagi uchuvchisiz uchar moslamalarni Fuqaro aviatsiyasi agentligidan ro‘yxatdan o‘tkazish lozim. Ro‘yxatdan o‘tmagan dronlarni uchirish mumkin emas.

Moslamalar 2 yil oraliq bilan mamlakatga olib kirilsa, uni yana ro‘yxatdan o‘tkazasiz. Qurilmaga beshta raqamdan iborat maxsus ID beriladi.

250 grammgacha bo‘lgan dronlardan erkin foydalanib, 122 metrgacha uchira olasiz. 25 kg.dan og‘ir dronlarni havoga ko‘tarishdan avval ruxsatnoma olish talab etiladi. Bunday qurilmaning eng yuqori tezligi soatiga 54 km.ni tashkil etishi kerak.

O‘zbekiston

Va nihoyat, O‘zbekistondagi tartibot haqida. Mamlakatimizda nafaqat dronlarni olib kirish yoki ulardan foydalanish, balki uchirish uchun ruxsat olish ham anchagina «boshog‘riq» ekani sir emas.

Foto: IIV axborot xizmati

O‘zbekiston havo bo‘shlig‘ida uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalanish va ularni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 26 noyabrdagi 322-sonli qarori va 2016 yil 31 avgustdagi 287-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.

Qurilmadan foydalanish ruxsatnomasi bevosita Vazirlar Mahkamasidan olinadi. Bunday ruxsatni faqat yuridik shaxs faqatgina idoraviy vazifalarni bajarishi uchun ololadi.

Drondan foydalanish uchun ruxsat olingach, buyurtmachi foydalanish va ro‘yxatdan o‘tkazish uchun “Davavianazorat”ga ariza beradi. Buyurtmachi mazkur idoradan ruxsat olgandan keyin dronni bemalol uchira oladi, deb o‘ylasangiz, biroz adashasiz. Uni navbatdagi ruxsatni olish bosqichi kutib turibdi. Endi u O‘zbekiston havo hududidan foydalanish uchun Havo hududidan foydalanishni boshqarish yagona tizimidan ruxsat olishi kerak. Shundagina dronni uchira oladi.

Ta'kidlash o‘rinliki, mamlakat qonunchiligi bilan 2016 yilga qadar dronlarni olib kirish va ularni uchirish taqiqlangan edi. 2016 yildan e'tiboran aviatsiya qonunchiligida o‘zgarishlar bo‘ldi, biroq jiddiy yengilliklar kuzatilmadi. Aksincha, ilgari dronlar bilan noqonuniy muomalada bo‘lish, uni olib kirish, sotish, uchirish kabilar ma'muriy javobgarlikni keltirib chiqargan bo‘lsa, 2019 yil may oyida kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, bu moslamani olib kirgan shaxs noqonuniy xatti-harakati uchun birinchi martaning o‘zidayoq jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarishi mumkin.

O‘zbekistonda avval dronlardan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun birmuncha yengilroq – ma'muriy jazo chorasi qo‘llangan bo‘lsa, 2019 yil 2 mayda qabul qilingan qonun bilan bunday qilmishga to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoyat deb qaraladigan bo‘ldi. Shuningdek, faqatgina ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazo choralari belgilandi.

Jinoyat kodeksining 2444-moddasiga muvofiq, uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish qilmishning og‘irlik darajasiga ko‘ra, 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Nazarimizda, O‘zbekistonda dronlardan foydalanish sohasini liberallashtirish lozim.

Masalan, bugungi kunda, jahon agrar sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar bu qurilmadan juda keng foydalanmoqda. Zararkunanda hasharotlar tarqalishi, o‘simliklar kasalliklari yoyilgan maydonlarni o‘z vaqtida aniqlash va profilaktikasini amalga oshirish, shuningdek, yovvoyi o‘simliklar tarqalgan dalalar ko‘lamini tez fursatlarda aniqlash, qurg‘oqchilik ro‘y berayotgan maydonlari ko‘lamini belgilashda dronlar qo‘l kelmoqda.

Aholini xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash barobarida oziq-ovqat mahsulotlari hosildorligini yanada oshirish tobora kun tartibiga chiqayotgan ekan, fermerlar va qishloq xo‘jaligida faoliyat yurituvchi tadbirkorlarning ma'lum bir vazndagi dronlarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazgan holda foydalanishlariga ruxsat berish ayni muddao bo‘ladi.

Bundan tashqari, bevosita fuqarolarga ham dronlardan foydalanishga ruxsat berilishi maqsadga muvofiq. Chunki, yuqorida ko‘rib o‘tganimizdek, rivojlangan davlatlar tajribasi fuqarolarning ma'lum qoidalar asosida dron uchirishi jinoyat emasligini ko‘rsatmoqda.

Bunda, dronlar parvozi uchun ruxsat etiluvchi hududlar xaritasi ishlab chiqilib, onlayn yangilab turilsa, drondan foydalanishni istagan kishida turli savollar paydo bo‘lmas edi. Ya'ni, dronlardan foydalanish amaliyotini tartibga soluvchi qonunlarni taqiqlash va jazolash prinsipidan ruxsat berish orqali nazorat qilish prinsipiga o‘zgartirish foydaliroq, nazarimizda.

Tolib Rahmatov

Mavzuga oid
Top