Jahon | 19:17 / 27.11.2025
9690
9 daqiqa o‘qiladi

Venesuela armiyasi AQSh hujumiga qarshi tura oladimi?

AQSh harbiy dengiz flotining «Jyerald Ford» aviatashuvchisi Lotin Amerikasi suvlarida paydo bo‘lishi Qo‘shma Shtatlar va Venesuela o‘rtasidagi keskinlik kuchayishida burilish nuqtasi bo‘ldi.

Foto: Getty Images

Mintaqada Amerika bunday miqyosdagi ishtiroki 1989 yil AQSh Panamaga bostirib kirganidan beri kuzatilmagandi.

O‘shanda, 30 yildan ortiq vaqt muqaddam, Manuel Norega giyohvandlik moddalari savdosida ayblangandi, hozir esa xuddi shunday ayblov Venesuela prezidenti Nikolas Maduro manziliga bildirilmoqda, uning o‘zi esa buni qat’iyan rad etmoqda.

Vashington Venesuela qirg‘oqlariga dunyodagi eng kuchli va zamonaviy aviatashuvchini yuborgan bo‘lsa-da, o‘z niyatlarini oshkor qilmadi. Biroq Karakas eng yomon ssenariyga tayyorlanishni boshlagan.

Xususan, Venesuela mudofaa vaziri Vladimir Padrino Lopes Maduro hukumatiga tahdidga qarshi kurashish uchun butun mamlakat bo‘ylab quruqlik, dengiz, havo va raketa qo‘shinlari, shuningdek, tinch aholi orasidagi ko‘ngillilar keng miqyosda safarbar etilishini e’lon qildi.

Padrino Lopes televideniye orqali qilgan murojaatida ushbu qarama-qarshilik doirasida Maduro 200 mingga yaqin harbiy xizmatchini safarbar qilishga buyruq berganini ma’lum qilgan.

Amerikalik «superaviatashuvchi»ning kelishi AQSh prezidenti Donald Trampning Venesuelada faoliyat yuritayotgan narkokartellarga qarshi harbiy kampaniyasining avj olishi sifatida baholanmoqda. Ushbu kampaniya allaqachon tezyurar katerlar va og‘ir yuk tashish kemalariga zarbalar berilishi oqibatida 80 dan ortiq odam halok bo‘lishiga olib keldi.

Biroq, ba’zi tahlilchilar fikricha, bu qadam AQShning Maduroni zaiflashtirish yoki hatto ag‘darish bo‘yicha keng ko‘lamli rejasining elementi bo‘lishi mumkin. Vashington o‘tgan yilgi prezidentlik saylovlari muxolifat va xalqaro kuzatuvchilar tomonidan soxtalashtirilgan deb topilganidan keyin uning hukumatini noqonuniy deb hisoblamoqda.

«Avvalgilarning soyasi»

Maduro qo‘shini dunyoning eng qudratli armiyasining hujumiga dosh bera oladimi?

Sentyabr oyida Maduro 8 milliondan ortiq odam Venesuela himoyachilari safiga yozilganini aytdi va bu ko‘ngillilarni qurollantirishi mumkinligiga ishora qildi.

Ammo ekspertlar buni oshirib ko‘rsatilgan raqam deb hisoblaydi.

«Bu to‘g‘ri emas. Haqiqiy raqamlar ancha kamroq. Maduro hatto to‘rt million kishini ham yig‘a olmaydi. Qolaversa, armiyada dezertirlik darajasi juda yuqori», – deydi AQShning Bogotadagi sobiq yuqori martabali diplomati (2020-2023) Jyeyms Stori BBC uchun intervyuda.

Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti (IISS) ma’lumotiga ko‘ra, Venesuela qurolli kuchlari ixtiyorida 123 ming nafar amaldagi harbiy xizmatchilar, 220 mingga yaqin ko‘ngillilar va 8 ming nafar zaxiradagilar bor.

Ekspertlar fikricha, qurolli kuchlar zaiflashayotgan bir sharoitda prezident Nikolas Maduro va uning ittifoqchilari partizanlar urushiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Biroq, uni qo‘llab-quvvatlashga tayyor bo‘lgan odamlar soni bo‘yicha shubhalar saqlanib qolmoqda. Foto: Getty Images

Storining so‘zlariga ko‘ra, venesuelalik harbiylar deyarli mashg‘ulot o‘tkazmaydi va texnikalarga xizmat ko‘rsatish bilan deyarli shug‘ullanmaydi, Chavesning ko‘plab ko‘ngillilari esa qurollanmagan.

«Armiyada bir nechta jangovar bo‘linmalar bor bo‘lishi mumkin, lekin ular jangovar kuch sifatida unchalik malakali emas», – deydi Stori.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Venesuela qurolli kuchlari bugungi kunda «avvalgi holatning soyasi» xolos, shu bilan birga, u mamlakatda hali ham «mintaqa uchun noyob bo‘lgan ayrim resurslar» borligini tan oladi.

Ular orasida 2006 yilda Ugo Chaves davrida Rossiyadan sotib olingan «Suxoy» rusumli 20 ga yaqin qiruvchi samolyotlar, shuningdek, Karakas Vashingtonning mintaqadagi asosiy ittifoqchisi bo‘lgan 1980-yillarda sotib olingan o‘ndan ortiq F-16 samolyotlari bor.

«Rossiyaning „Suxoy“lari – mintaqadagi eng yaxshilari va ulardan bir qismi hozir ham foydalanishda. F-16’​​larga keladigan bo‘lsak, o‘ylaymanki, ulardan bir-ikkitasi hozir ham ucha oladi», – deya qayd etgan Stori.

Zenit raketalar va dronlar

Oktyabr oyi oxirida Maduro AQSh bilan munosabatlarning keskinlashuvi fonida Venesuela Rossiyaning besh mingta «Igla-S» ko‘chma zenit-raketa majmualarini «havo hujumidan mudofaaning asosiy nuqtalari»ga joylashtirganini e’lon qilgandi.

«Dunyodagi har qanday armiya „Igla-S“ning qudrati nima ekanini biladi», – degandi Maduro harbiy tadbirlardan birining televizion translatsiyasi chog‘ida.

Ba’zi ekspertlar ta’kidlashicha, Venesuela armiyasi unchalik malakali emas.

«Igla-S» – bu qanotli raketalar, dronlar, vertolyotlar va pastlab uchadigan samolyotlarni urib tushirishga qodir bo‘lgan yaqin masofali ko‘chma havo hujumidan mudofaa tizimi.

Shuningdek, Venesuela Xitoy tomonidan ishlab chiqarilgan VN-4 zirhli mashinalariga ega va so‘nggi yillarda Janubiy Amerikaning zarbdor dronlar bilan qurollangan yagona davlatiga aylandi. Nikolas Maduro ularni 2022 yilgi harbiy paradda namoyish etgan.

Venesuela, shuningdek, Erondan kemaga qarshi raketalarni uchirish moslamalari bilan jihozlangan Peykaap-III tezyurar zarbdor katerlarini sotib olgan.

Venesuelada ishlab chiqilgan Antonio José de Sucre 100 va 200 (ANSU-100 va ANSU-200) dronlari Eron modellarining takomillashtirilgan versiyalari hisoblanadi.

Bundan tashqari, OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu mamlakat Rossiyaning «Pansir-S1» va «Buk-M2E» zenit-raketa komplekslarini sotib olgan, rossiyalik deputat Aleksey Juravlevning so‘zlariga ko‘ra, ular yaqinda Il-76 transport samolyotlarida Karakasga yetkazilgan.

Yo ishlamaydi yoki osonlik bilan zararsizlantirilishi mumkin

«Venesuelaning da’volariga ko‘ra mavjud bo‘lgan va amalda ishlayotgan narsalar o‘rtasida katta farq bor», – deydi 100 dan ortiq tadqiqot markazlarini birlashtirgan Iqtisodiy va ijtimoiy tadqiqotlar mintaqaviy muvofiqlashtirish markazi (CRIES)ning tashqi siyosat va mudofaa bo‘yicha eksperti Andrey Serbin Pont.

Venesuela hududiga to‘g‘ridan to‘g‘ri zarbalar berilishi mumkinligi haqidagi xabarlar fonida uning havo hujumidan mudofaa tizimlariga qiziqish sezilarli darajada oshdi.

Biroq Serbin Pontning BBC’ga aytishicha, bu tizimning aksariyati – masalan, Rossiyaning 1960-yillarda ishlab chiqilgan «Pechora» zenit-raketa tizimlari – yo ishlamaydi, yoki Amerika texnologiyalari bilan osongina zararsizlantirilishi mumkin.

Ba’zi tahlilchilar fikricha, Venesuela harbiy texnikalari eskirgan yoki nosoz holatda bo‘lishi mumkin.

Partizanlar urushi

Ko‘plab tahlilchilar fikricha, Maduro va uning atrofidagilar partizanlar urushiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Sentyabr oyida Venesuela ichki ishlar vaziri Diosdado Kabelo mamlakat uzoq davom etadigan urushga tayyorligi haqida ogohlantirdi.

Ko‘p o‘tmay, Maduro hukumati Venesuela Milliy Bolivar qurolli kuchlari (FANB) askarlariga qashshoq jamoalardagi ko‘ngillilarni qurol ishlatishga o‘rgatishni buyurdi.

Ammo Stori venesuelaliklar AQSh harbiy operatsiya boshlagan taqdirda, Maduroni qo‘llab-quvvatlashiga shubha bilan qaraydi.

«Maduro na armiya, na aholi orasida mashhurlikka ega, shuning uchun odamlar unga ergashadi yoki partizan urushida uni qo‘llab-quvvatlaydi, deb o‘ylamayman», – deydi Stori.

Garchi Venesuela hukumati o‘zining Amerikaga qarshi jangovar ritorikasini tobora kuchaytirayotgan bo‘lsa-da, Serbin Pont Venesuela qurolli kuchlari Qo‘shma Shtatlar bilan haqiqiy to‘qnashuvga tayyor emasligini aytmoqda.

«Qo‘shni davlatlardan birortasi – Kolumbiya yoki Braziliya bilan ziddiyat yuzaga kelgan taqdirda – Venesuelaning qurol tizimlari katta foyda bergan bo‘lardi. Biroq AQSh uchun ular jiddiy xavf tug‘dirishi dargumon», – deya izoh beradi u.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid