Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukrainlar ayozda issiqliksiz qoldi, Tramp Eronga zarba bermadi - hafta dayjesti
Assalomu alaykum. Bugun 18 yanvar, yakshanba. Qishning odatdagidan issiq kelgan kunlari ortda qolib, sovuq kunlar boshlandi. Afsuski, kunlar sovishi bilan elektr va gazda uzilishlar ko‘paydi, yana gaz quyish shoxobchalari oldida tirbandlik. Qishning yarmi energetika tizimiga og‘irlik qilmaydigan darajada iliq o‘tganiga qaramay, baribir uzilishlar bo‘lyapti. Mayli, qachondir xulosa qilishar.
Bizga o‘xshab 15 yil avval gazdan uzilgan qishloqda yashasangiz, maslahatim «svet»ga ishonib qolmang. «Shum bola»dagi Omon aytganiday, birinchidan, qimmat, ikkinchidan, istalgan vaqtda o‘chib qolishi mumkin. Ota-bobolarimizni asrlar davomida qishdan olib chiqqan o‘tin va ko‘mirdan ishonchlisi yo‘q, aytib qo‘yay. Biz odatdagidek haftaning ba’zi muhim voqealarini birgalikda eslaymiz.
Eronda namoyishlar
Bu hafta ham Eronda namoyishlar tinchigani yo‘q. Endi bemalol aytsak bo‘ladi, bu mamlakat zamonaviy tarixidagi eng jiddiy namoyishlar bo‘lyapti. Xalqaro tashkilotlar qurbonlar soni mingdan oshganini aytmoqda, eronliklar mamlakatdagi o‘likxonalardan olingan videolarni ming kilometrlab internet qidirib, tashqi dunyoga yetkazyapti. Boshqa davlatga chiqib keta olgan eronliklar jurnalistlarga o‘liklar juda ko‘p ekanini aytib bermoqda.
Ilon Mask Starlink’ni Eronda tekin qilib qo‘ygani aytilmoqda. Tehron esa butun mamlakatni internetdan uzib qo‘yishni eplaganidan ruhlanib endilikda Eronni to‘liq tashqi internetdan uzish haqida o‘ylayotgani borasida xabarlar bor. Yana ba’zi xabarlarga ko‘ra, Rossiya Eronda internetni bloklashga yordam berayotgan ekan.
Xullas, eronliklar juda yomon kunlarni boshdan kechirmoqda. Narx-navo oshganidan norozilik kayfiyatida boshlangan namoyishlar qonli to‘qnashuvlarga aylanib ketdi. Eng yomoni, u yerda nima bo‘layotganini bilib borish imkonsiz. Rejim bor kuchi bilan namoyishlarni bostirishga intilmoqda, lekin namoyishchilar bu gal bo‘sh kelmoqchi emas. Ular neftga va iste’dodli insonlarga boy eronliklar hozirgidek inqirozda, xalqaro yakkalanishda emas, ozod, boy, tamaddunning bir qismi sifatida yashashga haqli, deyishmoqda.
«Yordam yo‘lda»
AQSh prezidenti Tramp Erondagi voqealarni diqqat bilan kuzatib bormoqda. U namoyishchilarni qatl etish davom etsa, Eronga zarba berish bilan tahdid qildi. Tramp Eronga zarba berishga qaror ham qildi, mamlakatning Qatardagi harbiy bazasidan askarlar evakuatsiya qilindi, Eron bir muddat osmonini har qanday parvozlar uchun yopdi. Tramp Maduroni olganidan keyin endi uning tahdidlarini jiddiy qabul qilishmoqda. Balki shuning uchundir, Tehron namoyishchilarni qatl etmasligini ma’lum qildi. Tramp bunga javoban Eronga zarba bermaslikka qaror qildi. Aytgancha, arab davlatlari Trampdan «Eronga yana bir imkon berishni so‘ragani» aytilmoqda.
Bu voqealar fonida AQSh va Eron o‘rtasida maxfiy muloqot haqida xabarlar chiqdi. Ko‘ramiz, yaqin kelajakda Erondagi tuzum hokimiyatni saqlab qolib, AQSh bilan yadro kelishuvi imzolasa, bu xabarlar rost bo‘lib chiqadi. Darvoqe, juma kuni Putin do‘sti Netanyahu bilan Erondagi vaziyatni muhokama qildi. Balki Moskva ham qandaydir kelishuvlarda vositachilik qilayotgandir, buni tez orada bilib olamiz.
Solovyov yangi «SVO» umidida
O‘zbekistonda eng ko‘p muxlisga ega, efirlari eng ko‘p kuzatiladigan jurnalistlardan biri Vladimir Rudolfovich Solovyov. Men bu gapni osmondan olib gapirayotganim yo‘q, yurtimizda «Rossiya 24» kanali kuni bilan yoniq turadigan, asosan rus kanallari tomosha qilinadigan xonadonlar son mingta. Biz Solovyovga o‘xshagan propagandachilarning butun mintaqaga tahdid o‘laroq aytilgan gaplarini tanqid qilganimiz uchun juda ko‘p insonlar tomonidan haqorat qilinganmiz.
Hafta davomida Rossiya bosh propagandachisi Solovyov boshqa davlatlarda, xususan, O‘zbekistonda ham «SVO» boshlashga chaqirdi. Yanada aniqroq tushuntiraman, Solovyov Rossiyani Ukrainada qilayotgan ishlarini boshqa davlatlarda ham, xususan, O‘zbekistonda ham qilishga chorladi.
Putinning qo‘lidan yaqindagina navbatdagi mukofotni qabul qilib olgan Rossiya bosh propagandachisi Markaziy Osiyoni «Rossiyaning ta’sir doirasidagi hudud» deb atadi. Va bu gaplarni AQSh Venesuelada qilgan ishlarini misol qilib gapirdi. Tasavvur qilyapsizmi, urush boshlanganidan beri Italiyadagi dachasiga borolmayotgan tovarish Solovyov nima demoqchi ekanini?
Urush boshlanishini orzu qilgan, lekin urushni jonlantirish bo‘limida kutib olib, ikki oydan keyin o‘lgan Jirinovskiy avval Rossiyaning maqsadlarini o‘zining mujmal chiqishlarida aytib ketardi. Jirinovskiy o‘lgach, endi Solovyov shu pozitsiyani egalladi. Unga Rossiya bosh telekanalida cheksiz efir, katta-katta shartnomalar, son-sanoqsiz medallar berishdi.
Uning Ukraina manziliga aytayotgan jirkanch so‘zlarini millionlab odamlar, xususan, juda ko‘p o‘zbekistonliklar sehrlanganday tomosha qilishdi. Va ajoyib kunlarning birida tovarish Solovyov «endi Markaziy Osiyoda ham SVO o‘tkazish kerakligini» aytib chiqdi. Vladimir Rudolfovichning O‘zbekistondagi muxlislariga salomatlik tilayman. Qishdan eson-omon chiqib oling, «svet»ingiz o‘chmasin.
«Zelenskiy aybdor», dedi Tramp
AQSh prezidenti Donald Tramp Venesuelada Nikolas Maduroni olib qochgan bo‘lsa ham, Rossiya prezidenti Putin bilan yaxshi munosabatlarni saqlab qolgan. Bu Trampning navbatdagi intervyusida o‘z isbotini topdi. Trampning aytishicha, Putin tinchlik istayotgan, Zelenskiy esa tinchlik kelishuviga xalaqit berayotgan ekan. To‘g‘ri aytasiz, mister Tramp, Kiyevda havo -19 darajaga tushganda ukrainlar o‘zlari svetni, issiqlikni o‘chirib o‘tirishibdi, hech kim ularga raketa otayotgani yo‘q, podstansiyalar ham raketa bilan portlatilmayapti, «Oreshnik» degan ajabtovur raketa ham Polsha chegarasiga o‘zi borib tushgan. Shundaymi?
Ukrainada navbatdagi mojaro
Urush davrida Ukrainada navbatdagi korrupsion mojaro avj oldi. «Batkivshina» partiyasi asoschisi, mamlakatdagi eng mashhur siyosatchilardan biri Yuliya Timoshenko deputatlarni, xususan, boshqa fraksiyalardagi deputatlarni sotib olishda gumonlanmoqda.
Prezidentga ham bo‘ysunmaydigan NABU aksilkorrupsiya tashkiloti e’lon qilgan audioga ko‘ra, Timoshenko deputatlarga bir sessiyada kerakli ovoz berish uchun 10 ming dollar taklif qilgan. Pulni olgan deputatlar Zelenskiyning tayinlovlarini to‘xtatib qo‘yishi kerak bo‘lgan. Timoshenko xonim o‘ziga nisbatan ayblovlarni siyosiylashgan deb atadi va videodagi 40 ming dollarni kompensatsiya ko‘rinishda AQShdan olganini aytdi.
Kichik Qodirov «avariya»ga uchradi
Juma kuni Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning vorisi 18 yoshli Adam Qodirov yo‘l transport hodisasiga uchragani haqida xabarlar chiqdi. Buni avvalo chechen muxolif kanallari yozib chiqishdi. Keyinroq Grozniy ko‘chalaridagi tirbandlik videolari tarqaldi, Grozniydan Moskvaga Qodirovga aloqador ekani aytiladigan bir nechta samolyotlar uchdi. Rus nashrlari Adam Qodirov davolanish uchun Moskvaga yuborilgani haqida xabar berdi. Ma’lum bo‘lishicha, Qodirovning o‘g‘li hayotiga xavf yo‘q.
- 19 daraja sovuqda «svet»siz
Ukraina xalqi beshinchi yilki juda og‘ir qishni o‘tkazmoqda. Rossiya har yilgi odatiga ko‘ra Ukraina bo‘ylab ayozli kunlar hukm so‘rayotganda energetika obektlariga zarba berishni kanda qilmayapti. Rossiya Ukraina bo‘ylab navbatdagi seriyali zarbalar yo‘lladi. Kiyevda issiqlik, elektr energiyasi, ichimlik suvi ta’minoti bo‘yicha vaziyat izdan chiqdi. Shu kunlarda Ukrainada juda sovuq havo hukmron. Havo harorati -19 darajagacha tushgan. Energetiklar bu qishni urush davridagi eng qiyini deyishmoqda. Havo sovuqligi uchun Rossiya zarbasi sabab zararlangan stansiyalarni tiklash yanada qiyinlashgan.
Rossiya ayniqsa Kiyevga hujumni qoraladi. Ukraina poytaxtida markazlashgan isitish tizimi amalda va Rossiya zarbalari sabab tizim ishdan chiqqan. Oqibatda minglab poytaxtliklar issiqliksiz qolgan.
Albatta, Stiven Uitkoff do‘sti Donald Jon Trampga kiyevliklar - 19 daraja sovuqda elektr va issiqliksiz qolgani haqida emas, Putin shaxsiy cherkovida Trampning sharafiga sham yoqqanini aytib beradi. Trampning hozir -19 darajada odamlar qanday isinishi bilan ishi ham yo‘q, u bundan-da sovuqroq bir orolni qanday qilib egallash ustida bosh qotirmoqda. «Ayting-chi kuyov, bosib olsammi yoki sotib olsammi?» deb kuyovi va maslahatchisi Jared Kushnerga yuzlanayotgan bo‘lsa kerak prezident Tramp...