Jahon | 17:31 / 08.03.2026
5508
10 daqiqa o‘qiladi

Ko‘rfaz olov ichida – hafta dayjesti

Assalomu alaykum, azizlar. Bugun 8 mart, yakshanba. Ortda qolayotgan haftamiz Amerika Yaqin Sharqda boshlagan navbatdagi qonli urush bilan yodda qoldi. Isroil va Amerika bombalayotganiga qaramay, Eron qulagani yo‘q. Tehron arab davlatlarini xavfli hududga aylantirishda davom etmoqda. Amerika Yaqin Sharqni Eron dronlaridan himoya qilish uchun Ukrainadan yordam so‘radi. Haftaning shu va boshqa muhim mavzularini birgalikda eslaymiz.

Urush davom etmoqda

Hafta davomida Amerika va Isroil boshlagan Eronga qarshi urush davom etdi. Tehron uch kunda qulamadi, tezkor harbiy maqsadga erishish sodir bo‘lmadi. Eron 40 yillik rahbari o‘lganidan keyin ham oyoqda turib kurashyapti. O‘zi urush ochib, uni qisqa muddatda tugatish bilan maqtanish hozirgi harbiy derjavalar uchun odatga aylandi.

Amerika uzoq muddatli urush uchun reja tuzmagani ko‘rinib turibdi. Ularning maqsadi katta ehtimol Ali Xominaiyni o‘ldirish bilan kifoyalangan. U o‘lgach rahbariyat o‘zgarishi, tuzum qulashini taxmin qilishgan. Lekin Erondagi boshqaruv tizimi ular taxmin qilganidek markazlashgan diktatura ko‘rinishida bo‘lib chiqmadi. Maduroni olishgach, Venesuela «qulagandi», Asad ag‘darilgach, Suriya «quladi», lekin Eron butunlay boshqacha davlat ekanini unutishdi. Qaytaga Eron avvalgidan ham yaxshiroq kurashmoqda. Odamlar Trampning chorloviga qaramay, ko‘chaga chiqib hokimiyatni qo‘liga olgani yo‘q.

Arab davlatlari endi xavfli

Eron urushning ilk kunlaridayoq Amerika va Isroil hujumiga javoban arab davlatlarini o‘qqa tutishni boshlagandi. Sabab oddiy, arab davlatlarida Amerikaning harbiy bazalari bor. Tehron uchun asosiy nishon Dubay bo‘ldi. Arab olamining sayyohlar uchun eng mashhur shahri aynan Dubay. Eronning hujumlaridan keyin Dubay sharpalar shahriga aylanib qoldi, ko‘chalar bo‘sh, aeroportlar huvillab qolgan, odamlar Dubaydan qochish umidida. Bir necha kun ichida Eron dunyodagi sayyohlar eng serqatnov shahar bo‘lgan Dubayni dunyodagi eng xavfli shaharlardan biriga aylantirib qo‘ydi.

Amerika va Isroil boshlagan urush sabab endi Eron va arab davlatlarining munosabatlari avvalgidek bo‘lmasligi aniq. Fors davlati arab davlatlarga nafratini ochiqchasiga namoyish qilmoqda, bu nafrat anchadan beri yuzaga chiqmayotgandi. Endi ko‘rfaz aslo avvalgidek bo‘lmaydi, urush ko‘p narsani o‘zgartirib yubordi.

Amerika Ukrainadan yordam so‘radi

Urush insonga shunday saboq beradiki, u beixtiyor dono ixtirochiga, muvaffaqiyatli strategga aylanib qoladi. 2022 yil fevraldagi voqealarni eslang, Ukraina qo‘shnisi Rossiya bosqiniga dosh berish uchun Amerikadan, Yevropa davlatlaridan qurol so‘rab yurgandi, chunki o‘sha paytda bir necha ming kishilik armiyaga ega bo‘lgan, SSSR davridan qolgan qurollarga qarab qolgan Ukraina qo‘shnisiga qarshilik qilishi qiyin edi. Lekin urushning beshinchi yiliga kelib Amerika degan dunyodagi eng qudratli davlat Ukrainadan Eron dronlariga qarshi kurashda yordam so‘rab o‘tiribdi. Qoyilmisiz?

Rossiya shunaqa ko‘p Shahed dronlari uchirdiki, ukrainlar ularni tutish bo‘yicha mutaxassisga aylanib ketdi. Axir yashash kerak, Trampning qosh-qovog‘iga qarab o‘tirsa, bugun mamlakat vayronaga aylanadi. Bugun Ukraina maktablarida bolalarga dron uchirish o‘rgatilmoqda, ukrainlar Eron dronlarini boshqa arzon dron bilan urishni ham o‘rganishdi.

Shu sabab amerikaliklar Yaqin Sharqdagi davlatlarni himoya qilish uchun Ukrainadan Shahedʼlar bo‘yicha yordam so‘ragan. Arablarda qurol ko‘p, pul ham ko‘p, lekin pastlab uchadigan kamikadze dronlarni qimmat raketalar bilan urib bo‘lmaydi. Bundan tashqari, arablar tomi ustiga chiqib dronni miltiqda otib o‘tirmaydi, amerikaliklarga aloqaga chiqishadi, tamom.

Buni qarangki, qimmatbaho qurollarga zo‘r bergan o‘sha amerikaliklar ham arzon-garov urushga tayyor emaskan, buning ustasi bo‘lib ketgan ukrainlardan yordam so‘rashdi. Bu kelishuv amalga oshib, ukrainlar Yaqin Sharqni Eron dronlaridan himoya qila olsa, keyinchalik Amerikadan yordam olishga umid qilishi mumkin.

«VSUga Orbanning manzilini beraman»

Hafta davomida Ukraina va Mojariston o‘rtasida navbatdagi tortishuv avj oldi. Ukrainaning yon qo‘shnisi bo‘lgan Mojariston Yevropa Ittifoqiga a’zo va ittifoqning Ukrainaga ajratgan 90 milliard yevrolik yordamini to‘sib turibdi. Chunki Mojariston bosh vaziri Viktor Orban urush boshlangach, Rossiya manfaatlariga ishlayotganini hamma bilib bo‘ldi.

«Umid qilaman, Yevropa Ittifoqidagi bir odam 90 milliardlik yordamga to‘sqinlik qilmaydi va ukrain harbiylarida qurol bo‘ladi. Aks holda o‘sha bir odamning manzilini qurolli kuchlarimizga beraman. Ular qo‘ng‘iroq qilib o‘sha odam tushunadigan tilda gaplashishsin», dedi Zelenskiy Orbanga ishora qilib.

Maktabga hujum

Eronning Minob shahrida joylashgan maktabga zarba urushning qonli ramziga aylangani haqida aytgandik. Amerika nashrlari va harbiy tahlilchilarning bayonotlariga qaraganda, bu maktabga amerikalik harbiylar hujum qilganiga shubha qolmadi. Reutersʼning yozishicha, maktabga katta ehtimol aynan Amerika harbiylari zarba bergan. NYT maktabga hujum uning yonidagi harbiy obektga hujum bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelganiga e’tibor qaratdi.

Maktabga hujum sabab kamida 175 kishi halok bo‘lgan, qurbonlarning aksari maktab o‘quvchilari. Amerika tomoni holat surishtirilayotgani haqida aytib, fuqarolik obektiga zarba berganini rad etmoqda. Lekin Vashington hamon hech qanday isbot keltirmaganiga qaraganda, maktabga aynan ular zarba bergan.

Eron tomoni 7 mart kuni amerikaliklarning BAAdagi Al Darfa harbiy bazasiga zarba berdi. Eronliklarga ko‘ra, Amerika aynan shu bazadan turib Minobdagi maktabga zarba yo‘llagan. Eron bosh shtabi rasmiysi bergan axborotga ko‘ra, bu bazaga berilgan zarba sabab o‘lgan va yaralangan amerikalik harbiylar soni 200 nafardan oshadi. Aynan shu bazaga zarbalar haqida xabarlar fonida Donald Tramp «Eronga juda kuchli zarba berilishi» haqida aytdi. Bu esa amerikaliklar orasida qurbonlar soni chindan ko‘p bo‘lganini bildirishi mumkin.

«Biz dunyoni qutqaryapmiz»

Hafta iqtibosi Binyamin Netanyahu og‘zidan yangradi. Isroil bosh vaziri dunyoni xaos holatiga tushirgan navbatdagi urushning start tugmasini bosgan ikki odamdan biri. Isroildagi Eron raketasi tushgan joydan turib jurnalistlar savollariga javob bergan Netanyahu qiziq gap aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp ikkalasi dunyoni qutqarayotgan ekan.

«Eron yadro quroliga ega bo‘lsa, butun dunyoga xavf solgan bo‘lardi. Bizga qo‘shilgan do‘stim, dunyo yetakchisi Donald Trampga rahmat aytaman. Biz birgalikda dunyoni qutqaryapmiz», dedi Netanyahu. Isroil bosh vaziri bu gapini hech qanday istehzosiz jiddiy ohangda gapirdi. Anig‘i shuki, Tramp va Netanyahu «dunyoni qutqarish» operatsiyasi boshlashidan avval dunyo ancha tinch edi. Hozir esa butun dunyoda qo‘rquv, urush sharpasi kezib yuribdi.

«Ularni kutyapmiz»

Hafta davomida Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Amerika telekanaliga intervyu berdi. Qoyil qolish kerak, Eron bosh diplomati onlayn bo‘lsa ham Amerika telekanaliga intervyu berib, suhbat davomida biror marta so‘kinmadi, jahl ham qilmadi. Taqqoslash uchun, Amerika bosh diplomati Marko Rubio, aytaylik, Eronning Tasnim agentligiga intervyu bergani yo‘q.

Jurnalist suhbat davomida Abbos Aroqchidan «davlatingiz amerikalik harbiylar bostirib kirishida qo‘rqmaydimi?» deb so‘radi. «Yo‘q, aksincha, biz ularni kutyamiz», deb javob berdi Eron bosh diplomati. Bu juda kuchli chorlov bo‘ldi.

Albatta, birovning davlatiga bostirib kirish yaxshi emas. Lekin atrofdagi davlatlarni ham xavf ostida qoldirib, uzoqdan raketa otib qochgandan ko‘ra, yerda, yuzma-yuz jang qilgan ancha mardlik bo‘larmidi. Lekin menimcha, amerikaliklar bunga jur’at qilmaydi. Axir ularning juda ko‘p quroli, son-sanoqsiz samolyotlari bor. Eronga kirib jang qilish Maduroni vertolyotda olib qochish emas. Bir kishini o‘ldirish bilan ish bitsa, Eron allaqachon qulagan bo‘lardi.

Xullas, Amerika hech qachon boshlanmasligi kerak bo‘lgan urushni boshlab qo‘ydi. Endi uni qanday tugatishni bilmayotganga o‘xshaydi, xuddi Yevropa sharqidagi bir davlat kabi.

Ўткир Жалолхонов
Muallif Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid