Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Peterburg ko‘chalarida hindistonlik migrantlar ishlay boshladi
Uzoq xorij mamlakatlaridan ishchi kuchi jalb etish «tajribasi»ni davom ettirishga qaror qilishgan.
Foto: Sergey Petrichenko
Sankt-Peterburg ko‘chalarini endi Hindistondan kelgan migrantlar tozalamoqda. Primorskiy rayonida ishlayotgan bu ishchilarning egnida o‘z mamlakati va Rossiya bayroqlari aks etgan shevron taqilgan.
«Fontanka» nashri aniqlashicha, hindistonliklarning maoshi 100 ming rublni tashkil etadi. Bundan tashqari, ularning ish beruvchisi hisoblangan «Kolomyajskiy» AJ hujjatlarni tayyorlash, chiptalarni olib berish xarajatlarini qoplagan, ularni yashash joyi, oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa jihozlar bilan ta’minlashni o‘z zimmasiga olgan.
Shuningdek, ular bilan rus tili o‘qituvchisi mashg‘ulot o‘tkazmoqda va ularga ish bilan bog‘liq atamalar, xususan, yo‘lda harakatlanish qoidalari o‘rgatilmoqda. Bu guruh yoshi 19 dan 43 gacha bo‘lgan jami 17 nafar hindistonlikdan tuzilgan.

Migrantlardan biri, 26 yoshli Mukesh Mandal vatanida «Microsoft kabi kompaniyalarda ishlagani, sun’iy intellekt», GPT chati va boshqa shu kabilardan foydalanganini aytgan. «Men aytichiman desam ham bo‘ladi», – deya qayd etgan u va Rossiyada faqat bir yil qolishi, pul ishlab, Hindistonga qaytishini qo‘shimcha qilgan.
Ishlash uchun kelganlar orasida tadbirkor, to‘y marosimlari tashkilotchisi, fermerlar, haydovchilar, arxitektor, haykaltarosh va ko‘nchi ham bor.
«Hindistonliklar o‘zlarini juda yaxshi tomondan ko‘rsatishmoqda: qo‘shni davlatlar fuqarolari bilan solishtirganda ko‘proq va sifatliroq tozalashmoqda», – deydi «Kolomyajskiy» AJ kompleks tozalash bo‘limi boshlig‘i Mariya Tyabina.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozircha kompaniya hindistonliklarni sinov tariqasida ishga olmoqda, ammo rahbariyat allaqachon amaliyotni kengaytirish haqida o‘ylamoqda. U rossiyaliklarning o‘zi farrosh bo‘lib ishlashni «unchalik yoqtirishmasligi»ni qo‘shimcha qilgan.
Bu vaqtda, Sankt-Peterburgda migrantlarning kurerlik va taksi sohasida patent bo‘yicha ishlashiga taqiq amal qilmoqda va keyingi yilga uzaytirildi. Gubernatorning aytishicha, bu «mahalliy bozorni himoya qilish», mahalliy aholi uchun ish o‘rinlarini saqlab qolishning bir usuli.
Shaharda va Leningrad oblastida noqonuniy migrantlarga qarshi muntazam ravishda reydlar uyushtirilmoqda. Yaqinda, 11 dekabr kuni 505 nafar muhojir vaqtinchalik saqlash markaziga joylashtirilgan, ular deportatsiya qilinadi.
Peterburgdagi farroshlar shtati bunday mehnatga zarurat kuchayadigan qish mavsumi oldidan faqat 80 foizga to‘ldirilgan. Hozirda Sankt-Peterburgda Hindistondan kelgan 3000 dan ortiq muhojir ishlaydi, asosan yengil sanoatda.
Avvalroq Hindistonning Sankt-Peterburgdagi bosh konsuli Nilam Rani bozordagi kadrlar tanqisligini yopish uchun Rossiyaga ushbu mamlakatdan 400 ming mehnat muhojirini jalb qilish rejalashtirilayotganini aytgandi.
Dekabr oyida prezident Vladimir Putinning Hindistonga tashrifi chog‘ida tomonlar Rossiya ushbu respublikaning ko‘proq fuqarolarini mehnat muhojirlari sifatida jalb qilishi uchun ishchi kuchi safarbarligi to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. 2025 yilda Rossiya Federatsiyasida hindistonliklarga xorijiy mutaxassislar uchun umumiy kvotadan (234,9 mingdan) 71,8 ming o‘rin ajratilgan.
Mavzuga oid
12:16 / 25.12.2025
Hindiston neft kompaniyasi RF neftini xarid qilishni qayta tikladi
14:34 / 23.12.2025
Titov: 2026 yilda Rossiyaga ishlash uchun 40 ming hindistonlik keladi
21:28 / 22.12.2025
Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga amaliy tashrifi yakunlandi
17:48 / 22.12.2025