O‘zbekiston | 16:29 / 18.08.2021
13642
4 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro fan olimpiadalari sovrindorlari va ularning o‘qituvchilari taqdirlandi

Nufuzli fan olimpiadalarida sovrindor bo‘lgan o‘quvchilar 49 mln so‘mdan 122,5 mln so‘mgacha, ularning o‘qituvchilari 36,8 mln so‘mdan 110 mln so‘mgacha miqdorda pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Shu yilning iyul-avgust oylarida o‘tkazilgan xalqaro fan olimpiadalarida o‘zbekistonlik o‘quvchilar jami 10ta (3ta oltin, 2ta kumush va 5ta bronza) medal qo‘lga kiritgandi.

Kecha, 17 avgust kuni Toshkent shahrida olimpiada g‘oliblari va ularning o‘qituvchilarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Tadbirda ishtirok etgan bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev o‘zbek sportchilari Tokioda o‘tgan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarida munosib ishtirok etgani hamda shu kabi yutuqlar nufuzli fan olimpiadalarida ham davom etgani haqida gapirdi.

“Bugungi qahramonlarimiz matematika, biologiya, fizika va kimyo fanlari bo‘yicha dunyoning eng nufuzli olimpiadalarida jami 10ta medal jamg‘arishdi. 2020 yilda esa biz 6ta medal olgandik. Xursand bo‘ladiganimiz – bizda natijalar ham son, ham sifat jihatidan oshib boryapti”, – dedi u.

Marosimda matematika (IMO), fizika (IphO), kimyo (IChO), biologiya (IBO), informatika (IOI) fanlari bo‘yicha xalqaro nufuzli fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar va ularning o‘qituvchilari bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

1-o‘rin (oltin medal) uchun – o‘quvchiga 122.5 mln so‘m, o‘qituvchisiga – 110,25 mln so‘m;

2-o‘rin (kumush medal) uchun – o‘quvchiga 73.5 mln so‘m, o‘qituvchisiga – 61,25 mln so‘m;

3-o‘rin (bronza medal) uchun – o‘quvchiga 49 mln so‘m, o‘qituvchisiga – 36,75 mln so‘mlik sertifikatlar topshirildi.

Nufuzli xalqaro olimpiadalarda sovrindor bo‘lgan o‘quvchilar oliy ta'lim muassasalariga imtiyozli ravishda qabul qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, iyul-avgust oylarida o‘tkazilgan xalqaro fan olimpiadalarida O‘zbekiston nomidan qatnashgan quyidagi o‘quvchilar sovrindor bo‘lgan:

Yaponiyada o‘tkazilgan 53-Xalqaro kimyo olimpiadasida:

Sobirjon Amanov — Toshkent pediatriya tibbiyot instituti qoshidagi akademik litsey o‘quvchisi, oltin medal;

Firdavs Sobirov — Buxoro shahri 35-maktab o‘quvchisi, bronza medal;

Durdona Muxtorxo‘jayeva — Ibn Sino maktabi o‘quvchisi, bronza medal;

Ikromiddin Boymahammadov — Ibn Sino maktabi o‘quvchisi, bronza medal.

Rossiya Federatsiyasida o‘tkazilgan 62-Xalqaro matematika olimpiadasida:

Diyorbek Tolipov — Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani

5-ixtisoslashgan matematika maktabi o‘quvchisi, kumush medal;

Olimjon Olimov — Buxoro viloyati Xalqaro matematika maktabi o‘quvchisi bronza medalga sazovor bo‘ldi.

Ma'lumot uchun, yurtimiz o‘quvchilari mazkur olimpiadada so‘nggi bor 2017 yilda kumush medalni qo‘lga kiritgan.

Portugaliyada bo‘lib o‘tgan 32-Xalqaro biologiya olimpiadasida:

Xumoyun Norbekov — Jizzax davlat pedagogika universiteti qoshidagi akademik litsey o‘quvchisi, oltin medal;

Aziza Abduvaliyeva — Toshkent pediatriya tibbiyot instituti qoshidagi akademik litsey o‘quvchisi, oltin medal;

Yorqinbek Turdiboyev — Navoiy viloyati Navoiy shahri

11-ixtisoslashgan kimyo-biologiya maktabi o‘quvchisi, kumush medal oldi.

Xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar 2019 yilda qabul qilingan prezident qaroriga asosan taqdirlab kelinmoqda.

Mavzuga oid