Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qashqadaryo viloyat prokuraturasi qamoqxonada o‘zini osib vafot etgan mahkum ishi bo‘yicha munosabat bildirdi
Mahkumning o‘limiga uning o‘z joniga qasd qilgani sabab bo‘lgani, bunda biror bir shaxsning harakatlarida jinoyat alomatlari mavjudligi aniqlanmagani bois holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilgan.
Qashqadaryoda jazo muddatini o‘tayotgan mahkum Shuhrat A'zamov manzilli koloniyaga o‘tkazilishi arafasida qamoqxonada o‘zini osib vafot etgani, marhumning yaqinlari u o‘zini osgani haqidagi izohga shubha bilan qarayotgani, o‘lim hodisasi yuzasidan Qarshi maxsus prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotgani haqida xabar berilgandi.
Qashqadaryo prokuraturasi holat yuzasidan Kun.uz’ga qo‘shimcha ma'lumot taqdim etdi.
2021 yil 28 mart kuni soat 16:30da Qarshi maxsus prokuraturasiga Qashqadaryo viloyati, Shayxali qo‘rg‘onida joylashgan 2-sonli jazoni ijro etish koloniyasidan, ushbu koloniyada JKning 164-moddasi 4-qismi “a,v” bandlarida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanib, 13 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan, 2017 yil 10 yanvardan jazo muddatini o‘tab kelayotgan Sh.A'zamovning o‘z joniga qasd qilgani yuzasidan ma'lumot kelib tushgan.
Voqea joyiga soat 16:50da yetib borgan Qarshi maxsus prokurori boshchiligida tezkor-tergov guruhi tomonidan kechiktirib bo‘lmaydigan protsessual harakatlar amalga oshirilgan.
Jumladan, Qarshi maxsus prokurori adliya maslahatchisi D.To‘rayev tomonidan mahkum Sh.A'zamovning murdasi to‘liq ko‘zdan kechirilganida, uning bo‘yin sohasidagi strangulyatsion egatdan tashqari, tanasining boshqa biror qismida jarohat izlari aniqlanmagan.
Bu haqda shu joyning o‘zida murdani ko‘zdan kechirish bayonnomasi rasmiylashtirilib, xolislar ishtirokida imzolanib, ko‘zdan kechirish jarayoni to‘liq fotosuratga tushirilgan.
Qashqadaryo viloyati Sud-tibbiyot ekspertizasi markazi xulosasiga ko‘ra, marhum Sh.A'zamovning o‘limiga, uning bo‘yin qismidan osilishi natijasida yuzaga kelgan mexanik asfiksiya sabab bo‘lgan. Marhum Sh.A'zamovning tanasida boshqa bironta jarohat aniqlanmagan.
Holatga aniqlik kiritish maqsadida o‘limidan bir necha daqiqa oldin marhumning yonida bo‘lgan mahkumlar bilan suhbatlashilganida, ular temirchilik sexida marhum bilan birgalikda ishlab kelishganini, shu kuni Sh.A'zamov shaxsan o‘zi koloniya rahbariyatidan sexga chiqib ishlashga ruxsat so‘raganini, ular birgalikda temir payvandlash ishlari bilan shug‘ullanganliklarini, Sh.A'zamov atrofdagilar bilan har kungiday muomalada bo‘lganini, uning harakatlarida bironta o‘zgarish kuzatmaganlarini, soat 15:30larda u o‘zi yasayotgan pechka uchun bir bo‘lak metall topish maqsadida alebastr saqlash omborxonasi yonidagi metall bo‘laklari saqlanadigan joyga borib kelishini aytganini, 10 daqiqa o‘tib qaytib kelmagani sababli ularni nazorat qilib turgan harbiy qism nazoratchisi Sh.A'zamovni qidirib ketganini, oradan 2-3 daqiqa o‘tib, nazoratchining baqirgan tovushi eshitilgani, shundan keyin Sh.A'zamov alebastr saqlash omborida o‘zini osib qo‘ygani haqida bilishgani ma'lum bo‘ldi.
Bundan tashqari, mahkum Sh.A'zamov bilan bir turkumda jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar so‘zidan ayon bo‘lishicha, 2021 yil 24 mart kuni mahkum oila a'zolaridan posilka qabul qilib, yonidagi mahkumlarga shirinliklar ulashgan, hodisa sodir bo‘lishidan ikki kun oldin, ya'ni 26 mart kuni esa belgilangan tartibda koloniyada mahkumlar uchun o‘rnatilgan telefon orqali oila a'zolari bilan suhbatlashgan.
Mahkumning onasi bilan 26 mart kunidagi telefon suhbati, koloniyada mahkumlarga telefon orqali ulanishni tashkillashtiruvchi operator – safdor B.Botirov tomonidan amalga oshirilgan.
Tergovga qadar tekshirish jarayonida to‘plangan hujjatlarga ko‘ra, koloniya xodimlari yoki mahkumlar tomonidan marhumga nisbatan tazyiq o‘tkazish, jismoniy yoki ruhiy ta'sir etish holatlari kuzatilmagan.
Mahkum Sh.A'zamov tomonidan sodir etilgan jinoyat o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar turkumiga kirib, uyushgan guruh tarkibida sodir etilgani bois, u o‘ziga tayinlangan jazo muddatini hech qanday qisqartishlarsiz o‘tashi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ushbu muddat 2030 yilning 1 yanvar kuni yakunlanadi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi JIKning 113-moddasiga asosan mahkum Sh.A'zamovni manzil koloniyasiga o‘tkazish masalasi 2021 yilning may oyida muhokama qilinishi va JIEK maxsus komissiyasi tomonidan ijobiy tavsiflangan taqdirdagina bu amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan.
Biroq, uni aynan qaysi viloyatdagi manzil koloniyasiga o‘tkazish masalasi JIKning 57-moddasiga talablariga ko‘ra Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi.
Namangan viloyatida birorta manzil koloniyasi mavjud emasligi bois, Sh.A'zamovning onasi tomonidan Kun.uz sayti muxbirlariga o‘g‘lini 2021 yilda Namangan viloyatidagi manzil koloniyasiga o‘tkazilishi to‘g‘risida berilgan intervyusidagi ma'lumotlar haqiqatga mos kelmaydi, deyiladi Qashqadaryo viloyat prokuraturasining tahririyatga taqdim etgan munosabatida.
Mavzuga oid
22:11 / 30.01.2026
2025 yilda O‘zbekistonda qariyb 19 ming kishi ozodlikdan mahrum qilindi
18:22 / 10.11.2025
Fransiya sobiq prezidenti Sarkozi qamoqdan ozod etiladi
14:08 / 29.10.2025
Shvetsiyada 13–14 yoshlilar uchun hibs markazlari joriy etiladi
20:47 / 29.09.2025