O‘zbekiston | 16:53 / 23.05.2016
14505
3 daqiqa o‘qiladi

Internetda Toshkent shahri nomi dunyoning yashash uchun eng yomon shaharlari ro‘yxatidan olib tashlanishi uchun imzo to‘planmoqda

Sauses.com saytida Toshkent shahri nomini The Independent nashrida e'lon qilingan "Dunyoning yashash uchun eng yomon shaharlari ro‘yxati"dan olib tashlash tashabbusi bildirilgan arznoma joylashtirildi. Bunday tashabbus Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Sherzod Shermatov tomonidan bildirilgan.

«Mercer va Independent, iltimos, baholashda noxolislikka yo‘l qo‘ymang.  Dunyodagi yashash uchun eng xavfsiz shahar bu Toshkent!», — deyiladi arznomada.

«Mercer degan konsalting kompaniyasi dunyodagi chet elliklar uchun yashash qulay bo‘lgan shaharlar reytingini tuzgan ekan. U yerda eng asosiy urg‘u aynan xavfsizlikka qaratilgan. Lekin ushbu reytingda 230ta shaharlar ichida Toshkent 205-o‘rinni egallabdi!

Buni Britaniyaning Independent degan nashri dunyoning 33 ta yashash uchun eng yomon shaharlari deb chiqarib, Toshkentni 26chi o‘rinda ko‘rsatgan. Asosiy sabab Toshkentda oxirgi paytda teraklar ko‘p bo‘layapti va hatto AQSh elchixonasiga hujum uyushtirilgandi deb ta'kidlab o‘tgan.

Bu albatta g‘irt yolg‘on xabar ekanligini bilamiz, lekin, afsuski, chet elliklar shunga o‘xshagan xabarlarga ko‘proq ishonib, Toshkent haqida noxolis fikrga ega bo‘lib qolishadi.

Hukumatimiz tomonidan hozirgi vaqtda turizmni rivojlantirishga hamda xorijiy ekspertlarni davlat korxonalariga jalb etishga shuncha harakat bo‘layotgan davrda bu kabi yolg‘on xabarlarni salbiy oqibatlarini kamaytirishga o‘z hissamizni qo‘shaylik!

Ushbu masalada ommaviy norozilik bildirib Toshkentni bunday yomon ro‘yxatdan olib tashlash uchun quyidagi onlayn petitsiya yaratildi. Toshkentning xalqaro imijiga befarq bo‘lmagan barcha insonlarni ushbu havola orqali o‘tib petitsiyani ma'qullashlarini so‘rayman», — deydi rektor feysbukdagi Maslahat.uz guruhiga joylashtirilgan murojaatida.

Bundan oldinroq, Toshkent shahri Mercer xalqaro konsalting kompaniyasi versiyasi bo‘yicha turmush darajasi eng yomon shaharlar reytingida 33 shahar orasida 26-o‘rinini egallagani haqida xabar berilgandi.

Reytingdagi shaharlar siyosiy, ijtimoiy-madaniy soha, ta'lim, tibbiy yordam, xizmat ko‘rsatish sifati va boshqa mezonlar bo‘yicha baholangan.

O‘zbekiston poytaxtining bu ro‘yxatga kiritilishiga esa o‘tgan yili AQShning Toshkentdagi elchixonasiga noma'lum kishining hujumi asosiy sabab bo‘lgan. 

Ayni vaqtga kelib bu arznomaga 254 kishi qo‘shilgan. Arznomaga jami 1000 kishi qo‘shilishi talab etiladi va yana 746 kishining ovozi yetishmayapti.

Ma'lumot uchun, 2015 yilda Economist Intelligence Unit tadqiqotchilik kompaniyasi Toshkentni yashash tarzi yuqori bo‘lgan shaharlar orasiga kiritgandi. 140 ta shahardan iborat bu ro‘yxatda Toshkent 116-o‘rinni egallagandi.