Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp urushni tugatdi, Kim «Amerikagacha boradigan» raketa ko‘rsatdi – hafta dayjesti
Assalomu alaykum, azizlar. Bugun 12 oktyabr, yakshanba. Ortda qolayotgan hafta tarixiy bo‘ldi. AQSh prezidenti Trampning bosimi bilan G‘azodagi urush tugadi. Endi chindan tugadi. Tramp Isroilni ham, HAMASni ham «tinchlikni buzganingni ko‘maman», deb ogohlantirdi. Va bu oxirgi ogohlantirishdan keyin asirlarni olib o‘tirgan HAMAS ham, odam o‘ldirib charchamagan Isroil ham «mo‘mingina bo‘lib» kelishuvni imzoladi. Quyida haftaning shu va boshqa muhim voqealarini birgalikda eslaymiz.
Urush tugadi
Endi bemalol aytishimiz mumkin, G‘azodagi urush tugadi. Trampning bosimi bilan Isroil va HAMAS kelishuv imzoladi. Sharm ash-Shayx kurortidagi muzokaralarda HAMASning Qatardagi qimmatbaho villalarda yashaydigan rahbariyati va Isroil tomonidan tashqari, Turkiya razvedkasi rahbari hamda Qatar bosh vaziri ham ishtirok etdi. Donald Tramp har ikki tomonni aniq-tiniq qilib ogohlantirdi: «kim mening rejamni buzsa, keyin o‘zidan o‘pkalasin», dedi.
Amerika shuncha vaqt ikki tomonni ham diplomatik chaqiruvlar orqali muzokara stoliga o‘tirishga undab keldi, lekin tomonlarning bepisandligi davom etavergach, aftidan endi Vashington tahdid yo‘liga o‘tdi. Zamon shunaqa bo‘lib qoldi axir, odamlar diplomatiya tilini emas, kuch tilini tushunadigan bo‘lib qoldi. Amerikada esa kuchdan istalgancha bor.
Kelishuvga ko‘ra, HAMAS barcha isroillik asirlarni (o‘ligi-yu tirigini) qaytarishi kerak. Trampning aytishicha, hozir HAMASchilar asirlarni to‘playotgan ekan. Oldinroq Trampni tuppa-tuzuk bloger degandik, ko‘rdingizmi, u endi HAMAS nimalar qilayotgani haqida insayd ma’lumotlar ulashmoqda. Yomon emas, mister Tramp.
Isroil ushbu kelishuvga ko‘ra, qo‘shinlarini belgilangan hududgacha olib chiqishi kerak edi va shunday bo‘ldi. Hozircha har ikki tomon ham o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga amal qilmoqda. Aytgancha, Tramp Tel-Aviv rejimni buzmasligini nazorat qilish uchun Isroilga 200 nafar amerikalik harbiy yuboribdi. Axir Tramp Isroilni juda yaxshi biladi.
Urushni tugatish yo‘lida Tramp Isroilga jiddiy bosim qilishiga to‘g‘ri kelganini aytish kerak. Isroilni ko‘ndirish uchun Tramp yahudiy kuyovi Jared Kushner va milliarder do‘sti Uitkoffni yubordi. Aftidan, «Cho‘qintirgan ota» asarida aytilganiday, ikkovlon Netanyahuga «shunday narsa taklif qilishganki, u rad qila olmagan». Shu tariqa kechagina «G‘azoni bosib olamiz», «Falastin terror davlati» deb yurgan Netanyahu kelishuvni bayram kabi qarshilashga majbur bo‘ldi.
Aliyev va Putin uchrashdi
Hafta davomida Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Dushanbeda uchrashdi. Rossiya va Ozarboyjon o‘rtasidagi munosabatlar ozarlarning samolyoti ruslar tomonidan o‘qqa tutilganidan keyin juda keskinlashgandi. Shundan keyin Aliyev Rossiya manziliga shunaqa gaplarni aytdiki, MDHga a’zo davlat lideri Putinga bunaqa deyishini bir necha yil avval tasavvur qilib bo‘lmasdi.
Lekin tovarish Putin bu gal ham ruschasiga aytganda «doljnom obrazom» kechirim so‘ragani yo‘q. «Ha, Ilhom Haydarovich, sizning samolyotingizni bizning harbiylar bilmay urib qo‘yishdi, bu uchun kechirim so‘rayman», degani yo‘q, demaydi ham. Putin shunchaki «Fakt faktligicha qoladi» dedi. Yana o‘sha vaqtda Ukraina dronlari osmonda bo‘lganini qo‘shimcha qilib, aybni biroz bo‘lsa ham «Kiyev tomonga burishga» harakat qildi.
Isroilning ritorikasi o‘zgardi
Donald Tramp urushni to‘xtatish uchun jiddiy bosim kampaniyasi o‘tkazgani fonida Isroilning urush haqida ritorikasi keskin o‘zgardi. Binyamin Netanyahu «bu Isroil uchun buyuk kun bo‘lgani, qo‘shnilar bilan tinchlikka erishish uchun harakatda davom etishini» aytdi. Qo‘shni deb Falastinni nazarda tutdi. Xuddi shu Netanyahu bir necha kun avval Nyu Yorkdagi BMT minbarida nutq so‘zlab, Falastinni «terror davlati» deb atagandi.
E’tibor qilgan bo‘lsangiz, Isroil hukumatidagi ikki millatchi – Itamar ben Gvir va Betsalel Smotrich ham jim, ko‘kragiga urib Netanyahuga hukumatni tarqatish bilan tahdid qilmayapti. Demak ular ham kuchning tilini juda yaxshi tushunisharkan.
Nega hozir?
G‘azodagi urush tugashi juda muhim mavzu, shu sabab bugungi dayjestda unga ko‘proq to‘xtalamiz. E’tibor berdingizmi, G‘azodagi urushni tugatish jarayoni juda tezlashib ketdi. BMT majlisida Tramp Falastin davlatini tan olganlarni tanqid qilib chiqqanida, vaziyat butkul boshqacha edi. Trampning bu gapini ko‘rib unga orqa qilish mumkin degan xulosaga borgan Isroil bosh vaziri «Bizning boshimizga terror davlatini olib kelolmaysiz», deb Yevropa davlatlariga tahdid qilgandi.
Lekin Tramp barchasini butkul o‘zgartirib, yarash-yarash jarayonini tezlashtirib yubordi. Isroilga yahudiy kuyovini, HAMAS bilan uchrashuvga yana kimnidir yubordi-da, urush boshlanganining ikki yilligida hammasini hal qilib yubordi. Nega Tramp hozir urushni tugatishni istab qoldi? Bu ishni avvalroq qilishi ham mumkin edi-ku.
Menimcha, gap «Nobel» mukofotida ham, urushning ikki yilligida ham emas. Tramp AQSh prezidenti bo‘lganiga o‘n oy bo‘ldi. U saylov kampaniyasi davomida juda ko‘p va’dalar berdi, lekin hozircha uning ishlarida natija ko‘rinmayapti. Hamma noqonuniy migrantlarni quvib solaman degandi, lekin Amerika federal davlat ekani, shtatlar Trampning gapiga emas, ichki qonunlarga bo‘ysunishini hisobga olmagan ko‘rinadi – migrantlarni haydab solish oson bo‘lmayapti. Va haydalganlar yana qaytib Amerikaga borgan holatlar ham uchrab turibdi.
Ukrainadagi urushni bir kunda tugataman degandi, urush hali-beri tugaydiganga o‘xshamaydi. Amerika hamma qo‘shnilariga tahdid qilib, yomonotliqqa, zo‘ravonga chiqdi. NATOdagi ittifoqchilariga ochiqchasiga «siz uchun turib bermaymiz», dedi. Oqibatda Amerika ortiq G‘arb lideri sifatida qaralmayapti.
Ichki siyosatda ham Trampning ishlari yaxshi emas. Hali xavfsizlik bo‘yicha mulozimlari harbiy zarbalarni ishchi chatda muhokama qilishadi, hali sog‘liqni saqlash vaziri Kennedi g‘alati-g‘alati chiqishlar qiladi. Xullas, ketma-ket omadsizliklar fonida Trampga natija kerak edi. Ruschasiga aytganda «rezultat»! Axir keyingi yil Amerikada orqaliq saylovlar bor, unga hozirdan tayyorlanish kerak. Va urushning ikki yilligida bor kuchini ishga solib, uni tugatib qo‘ya qoldi. Bu mening shaxsiy fikrim, albatta.
Putinga «sovg‘a»
Hafta davomida ko‘pchiligingiz yaxshi ko‘radigan Vladimir Putin 73 yoshni qarshi oldi. 150 yoshga kirish haqida o‘ylayotgan Vladimir Vladimirovichning tug‘ilgan kunida urush boshlanganidan beri doim nimadir voqea sodir bo‘ladi. Bir yili ukrainlar Qrim ko‘prigini portlatgandi, ikki yil avval HAMAS Isroilga hujum qilib, G‘azoda urush boshlandi. Bu yil esa Ukraina Putinning tug‘ilgan kunida Rossiya bo‘ylab urush davridagi eng yirik dron hujumlaridan birini amalga oshirdi. Ikki yuzdan ortiq dron Rossiyaning 12 oblastiga hujum qildi.
Oldinroq Rossiya ham Ukrainani yoppasiga bombalagandi. Bu hujumdan keyin yana javob hujumi amalga oshirdi. Har ikki davlat qish boshlanishi oldidan bir-birining energo obektlariga zarba berishni kanda qilmayapti. Bundan esa har ikki tomonda ham oddiy aholi jabr ko‘rmoqda. Bitmas-tuganmas nefti bor Rossiya dunyoning narigi chekkasidagi Koreya-yu Singapurdan benzin olmoqchi bo‘lib yurganining o‘zi vaziyat qanchalik ekanidan dalolat bermoqda.
Kobulda portlash
Afg‘oniston poytaxti Kobulda Pokiston toliblari yetakchisi Nur Vali Mahsud o‘ldirildi. OAV qo‘mondon Pokiston aviazarbasi natijasida o‘ldirilganini yozmoqda. Afg‘oniston «o‘z havo hududi tajovuzkorlik bilan buzilganini» ma’lum qildi. 9 oktyabr kuni Kobulda bir nechta portlashlar sodir bo‘lgan. Mahalliy aholi bilan gaplashgan jurnalistlar aviazarba natijasida portlagan Land Cruiser mashinasi ichida «Tahriki Toliboni Pokiston» harakati lideri Nur Vali Mahsud bo‘lganini aniqlagan.
Afg‘oniston hozir bunaqa hodisalarni mustaqil tekshirish imkonsiz bo‘lgan davlatga aylangan. Hodisa haqida qandaydir rasm yo video ham amrimahol. Oldingi videolarimizdan birida aytganimizdek, Afg‘onistonda g‘alati ishlar bo‘lyapti.
Dam oling va ko‘paying
Haftaning eng zo‘r xabariga yetib keldik. Janubiy Koreya yangi prezidenti Li Che Myon mamlakatda tug‘ilish sonini ko‘paytirishning ajoyib yo‘lini topdi. Uning fikricha, ish haftasini to‘rt kungacha qisqartirish orqali bunga erishish mumkin ekan. Yevropada allaqachon to‘rt kunlik ish haftasiga o‘tish boshlangan, lekin ular buni ko‘payish bilan bog‘lamaydi. Koreyslar 2030 yilgacha ish haqi kamaymagan holda 4 kunlik ish haftasiga o‘tishni reja qilmoqda. Prezident Myon «ish va shaxsiy hayot o‘rtasidagi muvozanatni saqlash uchun jiddiy siyosiy qadam tashlash kerak» deb hisoblamoqda.
Sodda tilda aytganda, uyda ko‘proq dam oling, oilangiz bilan ko‘proq vaqt o‘tkazing, ikki kun emas, uch kun dam oling. Va, albatta, doim ham bekor o‘tirmay foydali ishlar bilan shug‘ullaning va ko‘proq koreyslarni dunyoga keltiring, demoqda janob prezident. Ajoyib taklif prezident Myon.
«Amerikagacha boradigan» raketa
Koreya orolining janubida dono koreyslar ko‘proq dam olish haqida o‘ylayotgan bir vaqtda orol shimolida nima bo‘lyapti deb o‘ylaysiz? To‘g‘ri topdingiz, urushga tayyorgarlik. Xayoliy dushmanga qarshi urushga tayyorlanayotgan Shimoliy Koreya lideri Kim Chen In Pxenyandagi paradda yangi «Xvason-20» qit’alararo ballistik raketasini namoyish qildi. Emishki, bu raketa «Amerikagacha yetib borarkan». Shimol davlat nashrlari bu qurolni «eng kuchli yadroviy strategik qurol» deb ataganiga qaraganda, raketa yadroviy kallakni ham o‘zi bilan olib ucha oladi. Janob Putin aytganiday, dunyoda chinakam yadroviy qurollanish poygasi boshlandi.
Tramp xafa
Hafta omadsizi deb AQSh prezidenti Donald Trampni aytsak bo‘ladi. U G‘azodagi urushni tugatish uchun shuncha yelib-yugurdi, Isroilga bosim qildi, HAMASga bosim qildi, urushni tugatishga erishdi. Oldinroq Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni tugatish uchun rosa harakat qildi, urushni bir kunda tugata olmagan bo‘lsa-da, Putin bilan olti marta telefonda, bir marta jonli gaplashdi, u bilan rasmga tushdi.
Orada u prezidentlikka kelguniga qadar tugab bo‘lgan Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi urushni «tugatdi», hatto hech qachon urushmagan Ozarboyjon va Albaniya o‘rtasida urushni «tinchitdi». Lekin Nobel mukofotini topshiradigan «noshukur» norvegiyalik vikinglar tinchlik yo‘nalishiga mukofotni Venesuela muxolifati yetakchisi Mariya Machado xonimga topshirib o‘tiribdi. Darvoqe, Tramp bu ayolni qizg‘in qo‘llab keladi. Shu sabab Nobel tashkilotchilari juda ajoyib qaror qabul qilishdi deyish mumkin.
Tramp tinchlik bo‘yicha «Nobel» mukofoti olishni juda istayotgandi. Bu haqda bir necha marta ochiq gapirdi ham. Lekin nasib qilmagan ekan. Xafa bo‘lmang, mister Tramp, bu juda kurashadigan mukofot emas. O‘z vaqtida Adolf Hitler bu mukofotni olish uchun nomzod bo‘lgan. Albatta, fyurer dastlabki saralash bosqichidayoq nomzodlar qatoridan olib tashlangan, o‘sha yili mukofot hech kimga berilmagan, lekin fashistlar Germaniyasi lideri mukofotni olish uchun nomzod sifatida ko‘rsatilgani fakt.
Janob Tramp, biz sizni ko‘p tanqid qilamiz, axir siz tanqid oddiy qabul qilinadigan jamiyat liderisiz. Albatta, sizning bizga juda yaqin urushni tugatish bo‘yicha ishlaringiz o‘xshamayapti, lekin Isroilga bosim qilib urushni tugata olganingiz chindan katta natija. Bu uchun maqtovga ham, ordenga ham munosibsiz. Janob Tramp, siz yaxshisi katta-katta investitsiyalar bilan O‘zbekistonga keling. Biz sizga o‘zingiz munosib ordenni beraylik...
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.
Mavzuga oid
15:09 / 21.12.2025
Timofey insoniyat ko‘ksiga pichoq urdi - hafta dayjesti
14:39 / 14.12.2025
Zelenskiy front chizig‘ida, Tramp hammadan xafa - hafta dayjesti
14:21 / 07.12.2025
AQSh va Rossiya kelisha olmadi, G‘azoda ommaviy to‘y - hafta dayjesti
15:55 / 30.11.2025