Jahon | 15:09
3921
15 daqiqa o‘qiladi

Timofey insoniyat ko‘ksiga pichoq urdi - hafta dayjesti

Assalomu alaykum, azizlar. Bugun 21 dekabr, yakshanba. Ortda qolayotgan hafta og‘ir o‘tdi. Moskvada Timofey degan o‘smir butun insoniyat ko‘ksiga pichoq urdi. Uning qotilligi millionlab odamlarni larzaga soldi. Oxirida Odinsovodagi qotillik haqida o‘z fikrimni bildiraman, hozir haftaning muhim voqealarini birgalikda eslaymiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Kupyansk kimniki o‘zi?

Hafta davomida Kupyansk frontning eng muhim qismiga aylandi. Rossiya tomoni kamida ikki marta Ukrainaning Xarkiv oblastidagi bu shahar egallab olingani haqida bayonot bergandi. Lekin o‘tgan hafta Ukraina prezidenti Zelenskiy ruslarni hayron qoldirib shahar kiraverishidan video e’lon qildi. Video yangi edi.

Shundan keyin ham ruslar qaysarlik qilib shahar egallangani haqida navbatdagi marta e’lon qilishdi. Yetmaganiga Putindan «pryamaya liniya» vaqtida bu haqda yana so‘rashdi. Putin go‘yoki bu eski video ekani, Kupyansk stellasi hozir boshqacha ko‘rinishda ekanini aytdi. Lekin Zelenskiy «Ruslar Kupyanskni egallaganini aytyapti, lekin men shu yerdaman», deb video yangi ekanini bildirib bo‘lgandi.

Aslida Putin Zelenskiy Kupyanskka borganini rad etmadi, u borgan joy shahardan 1 km uzoqdaligini aytdi, uning ustidan kulishga urinib «Nega ichkariga kirmading?» dedi. Endi mantiqan o‘ylab qarasak, «shahardan 1 km uzoqdagi joy» shahar ichkarisi degani. Rossiya tomoni ukrainlar Kupyanskda qurshovda ekanini aytmoqda. Lekin butun boshli urushayotgan davlat prezidenti minglab qo‘shinlari qurshovda qolgan, to‘liq dushman egallagan shaharga borishi o‘limga barobar ekanini biladi. Ruslar Kupyanskni chindan nazorat qilayotganida, Zelenskiyni osongina topib, o‘ldirgan bo‘lishardi. Xullas, Rossiya tomonining bayonotlari borgan sari ishonchsiz ko‘rinmoqda.

Putin yevropaliklarni cho‘chqa dedi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat mudofaa vazirligi yig‘ilishida nutq so‘zlab, Bayden ma’muriyatini navbatdagi marta urushni boshlashda aybladi, yevropaliklarni cho‘chqalar deb atadi.

«AQShda avvalgi ma’muriyat ongli ravishda vaziyatni qurolli to‘qnashuvgacha olib keldi. Bu orqali Rossiyani qisqa vaqt ichida parchalab yuborishga umid qilishdi. Yevropalik cho‘chqalar darrov bu ishga qo‘shilib bizning qulashimizdan foyda ko‘rishni umid qilgan», dedi Putin.

Darvoqe, u navbatdagi marta Rossiya arsenalidagi yadroviy qurollar bilan maqtandi. «Yadro kuchlarimizning 92 foizi modernizatsiya qilingan. Biz yangi qurollar, yangi yo‘q qilish vositalari ishlab chiqyapmiz. Boshqa hech kimda bunaqasi yo‘q, yaqin orada bo‘lmaydi ham», dedi Rossiya prezidenti.

Rossiya prezidenti asabiy kayfiyatda yevropaliklarni so‘kib, navbatdagi marta yadro qurolini tilga olganiga qaraganda, frontdagi vaziyat u aytayotganiday yaxshiga o‘xshamaydi. Axir yadroviy davlat yadro qurolini ungacha bo‘lgan barcha vositalar ish bermagandagina ishlatadi.

Sidneyda terakt

Hafta boshida Avstraliyaning Sidney shahrida terakt sodir etildi. Ota-bola Sajid va Navid Akrom o‘qotar qurol bilan sohildagi odamlarga qarata o‘q uzdi. U yerda yahudiylar Hanuki bayramini nishonlayotgandi. 50 yoshli ota politsiyachilar bilan otishma vaqtida halok bo‘lgan, 24 yoshli o‘g‘il og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Terakt oqibatida kamida 16 kishi halok bo‘lgani ma’lum.

Sajid Akrom Avstraliyaga 1998 yil talaba vizasi bilan borgan. Uning o‘g‘li Navid esa Avstraliyada tug‘ilgan, ikkisi ham Avstraliya fuqarosi. Politsiya Navid Akrom IShIDga aloqadorlikda gumon qilinganini ma’lum qildi. Voqea joyidagi ota-bolaning mashinasidan harakat bayrog‘i topilgan.

Qurollangan shaxslardan birini suriyalik muhojir Ahmad al Ahmad to‘xtatib qolgan. U miltiqni hech qanday qurolsiz olib qo‘yib, o‘zi ham ikki yeridan o‘q yegan. Butun dunyoda Ahmadni qahramon deb atashmoqda. Xayriya tashkilotlari tomonidan bu inson uchun katta miqdorda xayriya pullari yig‘ildi.

Belarus muxolifati ozodlikda

Hafta davomida yaxshi ishlar ham bo‘ldi. Masalan, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 123 nafar mahbusni ozod qildi. Ularning aksari 2020 yildagi hukumatga qarshi namoyishlarda qatnashgani uchun qamalgan siyosiy mahbuslar edi. Ozod qilinganlarning 114 nafari Ukrainaga yuborildi va o‘sha yerda matbuot anjumanida ishtirok etdi. Ozod bo‘lganlar orasida Viktor Babariko, Mariya Kolesnikova kabi Lukashenkoga qarshi namoyish yetakchilari, amalda Belarus muxolifati liderlari ham bor edi.

Uy bekalariga maosh berilsin!

Hindistonda ajoyib yangilikka qo‘l urishdi, hozircha tajriba sifatida bo‘lsa ham. Xullas, hukumat mamlakatdagi uy bekalariga pul to‘lash ustida bosh qotirmoqda. Sinov doirasida 118 millionga yaqin uy bekasiga 12 dollardan 30 dollargacha pul to‘lab beriladi. Bu bir qarashda ozdek ko‘rinishi mumkin, lekin aslida kam ta’minlangan aholi qatlami hayotini keskin o‘zgartirishi mumkin.

Hindistondagi bu islohot uy mehnatining tan olinishi hisoblanadi. Hindlar yosh bolalar, qariyalarni parvarish qilayotgan uy bekalariga ko‘proq pul to‘lamoqchi. Birinchi bosqichda sinov 12 ta shtatda amalga oshiriladi. Bu butun dunyoda kuzatilgan eng yirik ijtimoiy sinov bo‘ladi.

Dastur tashabbuskorlarining aytishicha, bu bir qarashda arzimagan pul millionlab hind ayollarining umrida ishlab topgan birinchi puli bo‘ladi va bu ularning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshiradi. Dunyoda ayollarning uyda qiladigan ishlari hech qanday statistikaga qo‘shilmaydi, uy bekalarining oddiy bo‘lmagan mehnatlari uchun chek berilmaydi, lekin uy yumushlari ayollarga pul to‘lanadigan mehnat bilan shug‘ullanishga to‘sqinlik qiladi.

Ajoyib taklif, shunday emasmi? Bizda ham shunday loyihalar ustida ishlashsa yaxshi bo‘lardi. Uy bekalarining ko‘pchilik anglamas mehnatlari mamlakatdagi oilalar tinch, ro‘zg‘or egalari xotirjam ishlashini ta’minlaydi. Oilalar tinch bo‘lsa, mamlakat tinch bo‘ladi.

Suvosti kemasiga hujum

Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urush boshlanishidan avval Ukraina harbiy dengiz floti haqida eshitganmisiz? Menimcha, yo‘q. To‘g‘ri, Ukrainada flot bor edi, lekin Rossiya floti bilan solishtirganda yo‘q hisob. Birgina Qora dengiz flotining o‘zi butun Ukrainani yo‘q qilishga yetarlidek ko‘rinardi vahimasidan. Lekin bunaqa emaskan.

Urush boshlanganidan buyon ukrainlar ruslarning istalgan turdagi qurollarini yo‘q qildi: tanklar, samolyotlar, kemalar, kreyserlar, hatto «stoyanka»da turgan strategik bombardimonchilargacha. Lekin hozirgacha suvosti kemasi yo‘q qilinishi bilan bog‘liq holat kuzatilmagandi. Buni qarangki, qo‘shnisiga qarshi to‘rt yildan beri urushayotgan ukrainlar suv ostida jang qilishni ham o‘rganib olibdi.

SBU ma’lumotiga ko‘ra, Sub Sea Baby suvosti droni yordamida Rossiyaning «Varshavyanka» degan suvosti kemasi yo‘q qilingan. Seab Baby bu o‘sha ukrain chilangarlari yasagan qo‘lbola suvusti dron. Sub Sea Baby o‘sha dronning suv tagida harakat qiladigan versiyasi, Pro Max varianti tushunarliroq bo‘lishi uchun. Uning nomidagi Sub submarina degani.

Yo‘q qilingan suvosti kemasida «Kalibr» qanotli raketalarini uchirishga moslashgan to‘rtta moslama bo‘lgan. Kemaning narxi 400 million dollarga baholanmoqda.

Grin-karta to‘xtatildi

AQSh prezidenti Donald Tramp birinchi muddatidan beri harakat qilayotgan orzularidan biriga erishdi. Grin-karta lotereyasi to‘xtatildi. Esingizda bo‘lsa, Braun universitetida otishma sodir bo‘lib, o‘zbek talaba halok bo‘lgandi. Ana o‘sha otishmani sodir etgan shaxs AQShga grin-karta lotereyasini yutib borgan ekan. Oq uy shuni bahona qilib har yili minglab odamlarga Amerikada yashash va ishlash huquqini beradigan dasturni bekor qilib yubordi. O‘zbekchasiga aytganda, burgaga araz qilib ko‘rpani yoqishdi.

Tramp birinchi muddatida ham «grin-karta umuman keraksiz dastur ekani» haqida ko‘p gapirardi. Shu tariqa bu yil katta ehtimol grin-karta lotereyasi uchun ariza topshirish boshlanmaydigan bo‘ldi. Bu cheklov Trampning muddati yakunlanguncha saqlanib qolsa ham ajab emas. Donald Tramp Vashingtondan turib birgina buyruq bilan Samarqanddagi butun boshli grin-karta industriyasini to‘xtatib qo‘ygan ko‘rinadi.

Tojik bolani o‘ldirishdi

Haftaning eng dahshatli voqeasi Rossiyada sodir bo‘ldi. Moskvadagi maktablardan birida 15 yoshli Timofey degan o‘smir o‘quvchi pichoqli hujum amalga oshirdi. O‘zi o‘qiydigan maktabga xavfsizlik nimchasi va kaska kiyib, pichoqda qurollanib borgan Timofey avval unga ko‘p tanbeh bergan o‘qituvchini qidirgan, topolmagach yo‘lidan chiqqan kichik sinf o‘quvchilaridan ularning millatini so‘ragan. O‘qituvchi darrov o‘quvchilarni panaga olgan, lekin bir bola omon qolish uchun zinaga qarab yugurgan...

Qotil Timofey sovuqqonlik bilan bolaning orqasidan yugurib, unga pichoq urib o‘ldirgan. Barchasini sovuqqonlarcha videoga olgan, oxirida o‘zi o‘ldirgan 10 yoshli bola fonida rasmga tushgan. Bolakay o‘limidan oldin bir gap aytishga ulgurgan: dada! Vaholanki 10 yoshli tojikistonlik Qobiljonning dadasi o‘lgan, shu maktabda farroshlik qiladigan beva onasi u va egizagini yolg‘iz katta qilayotgandi. O‘g‘il bola shunaqa, dadamga o‘xshayman deydi, og‘ir damida dadasini chaqiradi, hatto dadasi o‘lgan bo‘lsa ham...

Qotil Timofey maktabga turli ommaviy qotilliklarga ishora qiladigan yozuvlar tushirilgan kaskada borgandi. Bir kun avval maktab chatida natsistik kayfiyatdagi xabar ham qoldirgan. Bu dahshatli qotillikdan keyin Rossiyada markaziy osiyolik muhojirlarga munosabat masalasi navbatdagi marta kun tartibiga chiqdi.

Qizig‘i, Rossiyada butun sobiq ittifoq davlatlarini larzaga solgan qotillik bo‘ldi, lekin «pryamaya liniya»da 4,5 soat gapirgan Putindan biror marta bu haqda so‘rashmadi. Bu qotillik chinakamiga millionlab odamlarni shokka tushirdi. Ayniqsa markaziy osiyoliklarni. Chunki mintaqamizning millionlab odamlari Rossiyada mehnat qilib, kun ko‘radi.

Shu kuni Timofey degan natsist 10 yoshli Qobiljonning emas, Rossiyada ko‘p yillar kamsitilganiga qaramay, oilasini boqish uchun sabr qilib kelgan millionlab o‘rta osiyolik muhojirlar ko‘ksiga pichoq urdi. Bu pichoq bir natsist tomonidan emas, o‘rta osiyoliklarni xushlamaydigan jamiyat tomonidan urilgandek bo‘ldi go‘yo. Shu sabab bu zarba juda og‘riqli bo‘ldi.

Albatta, Rossiyadagi barcha es-hushi joyida insonlar Timofeyning ishidan dahshatga tushdi, tojik bola uchun motam tutdi. Chunki hech bir jinoyatda millatning aybi bo‘lmaydi, millatning yomoni bo‘lmaydi.

Bilasizmi, Timofeyga yoki Breyvikka o‘xshashni orzu qiladigan ruhiy manyaklar hamma jamiyatda topiladi. Davlatlar, jamiyatlar ularni tiyib turishi kerak. Lekin har kuni televizorda markaziy osiyolik migrantlar kamsitilsa, butun boshli chinovniklar ularni haydash kerak desa, «Russkaya obshina»ga o‘xshagan millatchi guruhlar muhojirlarni tutib reyd qilsa, jamiyatda bir guruh insonlarga nisbatan total nafrat hukmron bo‘lsa, boyagi zimdan fursat kutib yotgan manyaklar buni o‘ziga berilgan signal, ruxsat deb tushunadi.

So‘zimizni o‘zbekning takrorlanmas shoiri Abdulla Oripovning «Tunislik bola» degan she’ri bilan yakunlamoqchimiz. Shoir Rimda ustidan benzin quyib yoqib yuborilgan tunislik bola haqida olis 80-yillarda ajoyib she’r yozgandi.

Afsus, razolatga botdi bu ochun,

Aybni yaratganga to‘nkamoq nechun?

Senga o‘t qo‘ydilar bir ermak uchun,

Rimga nega kelding, tunislik bola?

Bilaman, sen uchun parcha non qahat,

Zamin mozor bo‘lsa, Afrika lahad.

O‘t qo‘ysa, o‘t qo‘ysin o‘z eling faqat,

Rimga nega kelding, tunislik bola?

Bu shundoq manzilki, do‘stni yovlaydi,

Ota o‘z farzandin avrab tovlaydi.

Bu yurtning sayyodi odam ovlaydi,

Rimga nega kelding, tunislik bola?

Shundoq holga kelmish qadimiy Lotin,

Bulg‘alar sharafin, bulg‘alar zotin,

Chumolicha ko‘rmas odam hayotin,

Rimga nega kelding, tunislik bola?

Ha, olov ostida butkul yer yuzi,

Tutunga to‘lmoqda odamzod ko‘zi,

Yonib ketmasaydi zaminning o‘zi,

Rimga nega kelding, tunislik bola?

Aziz millatdosh, sizga shu yurtning oddiy farzandi sifatida bir iltimosim bor, xushlanmaydigan yerlarga bormang. Bilaman, ish topish qiyin, maosh kam, orzu-havaslar. Lekin ertalab uyg‘onib ko‘chaga chiqqanda sizni xushlamaydigan odamlar do‘q-po‘pisasini emas, xuddi o‘zingiz kabi oddiy qo‘shningiz salomlashishini eshitishga nima yetsin. Mayli, orzu-havasni kamroq qilarsiz, ro‘zg‘or degani shu yerda ham amallab o‘tar... Harakat qilganga Xudo o‘zimizda ham beradi. Omon bo‘ling, azizlar. Haftalik dayjest loyihasi bilan keyingi yakshanbagacha.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi — Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid