Jahon | 16:53 / 04.06.2026
12666
11 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniyada 18 yoshli talaba o‘limi tufayli namoyish va tartibsizliklar ro‘y berdi

Politsiyachilar qotilning so‘zlariga ishonib, yarador Genri Novakni hibsga olishgan. Qotil voqea joyiga yetib kelgan politsiyachilarga o‘zini jabrlanuvchi sifatida ko‘rsatgan, politsiyachilar esa og‘ir ahvolda yerda yotgan haqiqiy jabrlanuvchining qo‘liga kishan solishgan.

Foto: Novak family

Buyuk Britaniyada 2025 yil oxirida Sauthemptonda halok bo‘lgan 18 yoshli talaba Genri Novak ishi atrofidagi mojaro avj olmoqda. Unga 23 yoshli Vikram Digva bir necha bor pichoq tiqqan. 1 iyun kuni sud Digvani umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Ma’lum bo‘lishicha, mojaro joyiga yetib politsiyachilar avvaliga Digvani irqchilik hujumiga uchragan jabrlanuvchi deb hisoblashgan va yarador Novakni hibsga olishgan. Ko‘p o‘tmay u og‘ir jarohatlardan vafot etgan. Digvaga sud hukmi e’lon qilingan kuni politsiyachilarning bodikamerasidan olingan, Novakning hayotining so‘nggi daqiqalari aks etgan video namoyish etildi. Videoda talaba pichoqlangani va nafas olishga qiynalayotganini aytadi, ammo politsiyachilar Novakning so‘zlariga ishonishmaydi va uning qo‘llariga kishan taqishadi. Video e’lon qilingach, Sauthemptonda ultrao‘ng faollar va o‘ng konservativ siyosatchilar ishtirokidagi norozilik aksiyasi o‘tkazildi. Namoyish politsiya bilan to‘qnashuvlarga ulangan. Quyida Genri Novakning o‘ldirilishi, Britaniya jamoatchiligi va siyosatchilarining ushbu ishga  reaksiyasi haqida nimalar ma’lum ekani keltiriladi.

Sauthempton universiteti birinchi kurs talabasi, 18 yoshli Genri Novak 2025 yil 3 dekabr kuni halok bo‘lgan. O‘sha oqshom u do‘stlari bilan uchrashuvdan keyin yotoqxonaga qaytayotgandi. Yotoqxona yaqinida unga belbog‘iga xanjar osib olgan 23 yoshli Vikram Digva hujum qiladi. Novak va Digva uchrashuvi va hujumga guvoh bo‘lganlar yo‘q. Qo‘shni uylarda yashovchilar Novakning qichqirig‘ini eshitishgan, u tig‘ zarbasidan keyin jon berayotgandi.

Ayblov tomoni ma’lumotiga ko‘ra, Digva Novakka besh marta pichoq urgan, o‘pka sohasiga berilgan zarba uning taqdirini hal qilgan. Hujumdan keyin Digva onasi Kiran Kaurga qo‘ng‘iroq qilgan va politsiya kelgunicha xanjarni olib ketishni so‘ragan. Keyinroq qurol oilaning uyidan topilgan.

Digva voqea joyiga yetib kelgan politsiyachilarga o‘ziga nisbatan irqchilik ruhidagi hujum amalga oshirilganini aytgan. Talabani hibsga olishgan Ularning muloqoti va Novak hayotining so‘nggi daqiqalari politsiyachining libosiga o‘rnatilgan registratorga yozib olingan. Videoyozuv 1 iyun kuni politsiya tomonidan e’lon qilindi.

Yozuvda to‘rt nafar politsiyachi hovlisida bir necha kishi bo‘lgan uyga yaqinlashayotganini ko‘rish mumkin. Ulardan biri Novakni devor yoniga o‘tqazgani, chunki u gandiraklayotgani va og‘zida qon borligini aytadi. Shu payt talaba zaif ovozda nafas ololmayotganini bildiradi.

Kamerasi bor politsiyachi Novakdan o‘rnidan turishni va ismini aytishni so‘raydi. Talabaning javobi tushunarsiz chiqadi. Shunda politsiyachilar Digvadan yana jabrlanuvchilar bormi, deb so‘rashadi. U esa Novak unga hujum qilib, boshidan sallasini tushirib yuborgani va sochidan tortganini aytadi. «Ko‘zimning mana bu joyi shishgan, mana bu joyida ko‘karish bor», – deya qo‘shimcha qiladi Digva.

Shundan so‘ng kadrda yana devor ostida ingrab yotgan yotgan talaba ko‘rsatiladi. Politsiyachi uni shimining tasmasidan ushlab, sudrayotganida, Novak takrorlay boshlaydi: «Meni pichoqlashdi. Yordam bering. Tez yordam chaqiring. Meni pichoqlashdi». Politsiyachi avvaliga qayeringa urishdi, deb savol beradi va keyin deydi: «Seni pichoqlashgan deb o‘ylamayman, og‘ayni».

Muloqot davomida talabani o‘tqazishga harakat qilishadi, lekin u yerga yiqilib tushaveradi. Natijada, politsiya xodimlari yotgan holatida uning qo‘llarini qayirib, kishan solishadi, Novak esa ulardan yordam so‘rashda davom etadi. Video oxirida politsiyachilar Novakni ko‘zdan kechirib, unga huquqlarini eslatib, u hujum uchun hibsga olinganini bildirishadi.

Sud Vikram Digvani umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Novakni hibsga olgan politsiyachilarga hozircha ayblov qo‘yilmagan

Keyinroq sudda ma’lum bo‘lishicha, hibs vaqtida Novak hushini yo‘qotib bo‘lgandi. Hempshir grafligi va Uayt oroli politsiyasi xodimlar darhol jonlantirish amallariga kirishgani, ammo talabaning hayotini saqlab qola olishmaganini ma’lum qilgan. Sudda chiqish qilgan sud-tibbiy eksperti politsiyachilarda Novakni qutqarib qolish imkoni bo‘lmagani – jarohat chuqur bo‘lib, ichki qon ketishi kuzatilganini aniq qilib aytdi, deya ta’kidlaydi idora.

Tergovda aniqlanishicha, Digva Novakka 21 santimetr uzunlikdagi tig‘li xanjar bilan jarohat yetkazgan. O‘zi bu qurolni sikhlarning diniy an’anasiga amal qilish uchun yonida olib yurganini aytgan. Sikhlar jamoasi esa bu xanjar kirpan (sikhlarning uchi to‘mtoq bo‘lgan va marosimlarda taqiladigan xanjari) deb hisoblab bo‘lmasligini ma’lum qilgan.

Vikram Digva
Hampshire Police / AP / Scanpix / LETA

1 iyun kuni sud Digvani qotillikda aybdor deb topdi. U umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi, u faqat 21 yildan keyin muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilinishi mumkin. Mahkumning onasi Kiran Kaur esa jinoyatga sheriklikda ayblangan. Unga 17 iyun kuni hukm o‘qiladi.

Genri Novakning oilasi politsiyaning talabaga nisbatan qilgan harakatlarini «g‘ayriinsoniy va tahqiromuz» deb baholadi. «Genri nafas ololmayotgani haqida politsiyachilarga to‘qqiz marta aytgan. Pichoqlangani haqida to‘rt marta. Genrini esa shag‘al ustida sudrashgan, qo‘llarini qayirib, kishan solishgan», – deydi uning otasi Mark Novak. U politsiyachilarning o‘g‘liga va Digva bilan qanday muomilada bo‘lganini kuzatishga «chiday olmagani»ni aytadi. Shu bilan birga, u Genrining oilasi uning o‘limidan o‘zaro nafratni kuchaytirishda foydalanilishini istamasligini qo‘shimcha qilgan.

Politsiya Novakning oilasidan rasman uzr so‘radi. Biroq, hozircha chaqiruvga chiqqan birorta ham politsiyachiga ayblov qo‘yilmagan. Politsiya nazorati mustaqil boshqarmasi (IOPC) xodimlarga nisbatan tergov davom etayotganini ma’lum qildi. Hempshir politsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, ulardan uch nafari o‘z faoliyatini davom ettirmoqda, to‘rtinchisi esa iste’foga chiqqan. Ularning barchasi ish bo‘yicha guvoh hisoblanadi, ularga nisbatan hech qanday cheklov qo‘llanmagan.

O‘ng populistlar politsiyani ikki xil standartlarda oq tanlilar huquqlari poymol etilishida aybladi. Sauthemptonda Novakni hibsga olgan politsiyachilarga qarshi norozilik aksiyasi tartibsizlikka aylanib ketdi

2 iyun kuni registratorlardan olingan video e’lon qilingach, Sauthemptondagi markaziy politsiya bo‘limi oldida norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi. Mingga yaqin namoyishchi Buyuk Britaniya bayroqlari hamda «Qo‘lingiz Genrining qoniga belangan», «Bolalarimizni qutqaring» va «Voqea joyidagi politsiyachilar qamalsin» shiorlari yozilgan plakatlar bilan keldi. Odamlar «Irqchi politsiya, ko‘chalarimizdan yo‘qol», «Sharmandalar», «Men nafas ololmayapman» deya hayqirishgan.

Sauthemptondagi politsiya uchastkasi oldidagi namoyishchilar, 2026 yil 2 iyun
Finnbarr Webster / Getty Images

O‘ng qanot faoli Tommi Robinson miting haqida anons bergan va uni qo‘llab-quvvatlagandi. U namoyishchilar qarshisida so‘zga chiqib, Hempshir politsiyasini oq tanli britaniyaliklarga nisbatan irqchilikda aybladi. «Agar Genri oq tanli bo‘lmaganida, unga kishan solinmasdi», – deydi faol. Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat oq tanli britaniyaliklarni «ikkinchi navdagi fuqarolar» deb hisoblamoqda. «Oq tanli bo‘lish imtiyozi? Genri yerda yotganida oq tanlilar imtiyoziga ega odamga o‘xsharmidi?» – deya qo‘shimcha qiladi Robinson.

Bir necha yuz kishi Digvaning uyi yaqinidagi Novak o‘ldirilgan joyga borishga uringanidan so‘ng, norozilik namoyishlari tartibsizliklar va politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketdi. Namoyishchilar politsiyachilarga shishalar, pivo bankalari, chiqindi qutilari va hatto elektr skuterlarini otishdi. To‘qnashuvlar oqibatida 11 nafar politsiyachi va xizmat iti jarohatlangan. Tartibsizliklarda ishtirok etgan ikki kishi qo‘lga olingan.

Sauthemptondagi norozilik aksiyasi, 2026 yil 2 iyun
Lab Ky Mo / SOPA Images / LightRocket / Getty Images
Finnbarr Webster / Getty Images
Finnbarr Webster / Getty Images

Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Novakning o‘ldirilishi va ish tafsilotlarini «dahshatli va karaxt qiluvchi» deb atadi. Bosh vazir 17 yoshli o‘smirning otasi sifatida politsiyachilar registratoridagi kadrlarni ko‘rganida o‘zini yomon his qilganini ta’kidlagan. «Politsiya bir qator jiddiy savollarga javob berishi kerak», – deya qo‘shimcha qiladi u.

Starmer norozilik namoyishlari paytida politsiyachilarga qilingan hujumlarni, shuningdek, siyosiy raqibi, Reform UK partiyasi yetakchisi Nayjyel Farajning bayonotlarini qoraladi. Muxolifatchi politsiya kameralaridan olingan video e’lon qilingandan so‘ng, Britaniya jamiyatini Novak ishiga «sovuq g‘azab» bilan javob qaytarishga chaqirgandi.

«Irqchi deb atalishdan qo‘rqish Genri Novakning o‘ldirilishini aniqlash istagidan kuchliroq bo‘lib chiqdi», – dedi Faraj politsiyachilarning harakatlariga baho berib. U mamlakatdagi institutlar «oq tanlilar huquqlari va imtiyozlari etnik ozchiliklar huquqlaridan kamroq ahamiyatga ega» bo‘lgan ikki xil standartlardan foydalanishini ta’kidlagan.

Bosh vazir parlamentning 3 iyun kungi yig‘ilishida Reform UK yetakchisini amalda Novakning o‘limidan siyosiy maqsadlar va nafrat qo‘zg‘atishda aybladi.

Konservatorlar yetakchisi Kemi Badenok ham avvalroq Farajni jamiyatdagi bo‘linishni kuchaytirishda ayblagan. U politsiya kelib chiqishi va terisining rangidan qat’i nazar, barcha fuqarolarga bir xil munosabatda bo‘lishi kerakligini qayd etgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid