Uchrashuvda Sasseks universiteti rahbariyati O‘zbekiston bilan ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirib, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini tashkil etish, ilmiy tadqiqotlar hamda malaka oshirish yo‘nalishlarida hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qildi.

Muzokaralar yakunida universitet rahbariyati O‘zbekistonda o‘z kampusini tashkil etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga tayyor ekanini qayd etdi.

Tashrif doirasida Sasseks universiteti tadqiqotchilari va professorlari ishtirokida davra suhbati ham o‘tkazilib, unda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, ta’lim tizimidagi yangilanishlar, investitsiya muhiti va “yashil” iqtisodiyot sohasidagi loyihalar haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, Brayton-Sasseks tibbiyot maktabi (BSMS) rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tibbiyot sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Britaniya tomoni O‘zbekistonning tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bilan, ayniqsa pediatriya, endokrinologiya va yuqumli kasalliklarni davolash yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish bildirdi.