Jahon | 17:20 / 02.01.2018
6756
2 daqiqa o‘qiladi

O‘tgan yilda Liviyada yuzlab kishilar sudsiz qatl etilgan

Foto: Anadolu

2017 yilda Liviyada qurolli to‘qnashuvlar, zo‘ravonlik harakatlari va sudsiz hukmlar oqibatida jami 433 kishi qurbon bo‘lgan. Shundan 79 nafari bolalar va 10 ayol. Bu haqda Inson huquqlari bo‘yicha Liviya Milliy qo‘mitasi hisobotida keltirilgan.

Hujjatga ko‘ra, o‘tgan yilda Brak ash-Shati, al-Abyar, Kanduf, al-Berika, al-Xira, Tarxun va Vershefan hududlarida sudsiz qatl bo‘yicha 201ta holat qayd etilgan.

Shuningdek, Bengazi, Derne va Sirtda teraktlar oqibatida tinch aholi vakillari bo‘lgan 157 kishi halok bo‘lgan. Yana 75 kishi Tripoli, Shebhe, Bengazi, Az-Zaviyya va Sabratedagi zo‘ravonlik aksiyalari vaqtida qurbon bo‘lgan.

143 kishi noqonuniy ravishda hibsga olingan, jurnalist va huquq himoyachilari bo‘lgan 186 kishi o‘g‘irlab ketilgan.

2017 yilda Bengazi, Shebxa, Zaviyya, Tripoli, Vershefan va Dernedagi tibbiyot muassasalariga 15 marta zarba berilgan. 

«Liviya aholisining uchdan ikki qismi gumanitar inqiroz holatida yashamoqda. Mamlakatda xavfsizlik sharoitlari va tibbiy xizmat yo‘q. Yordamga muhtoj kishilar soni 3,5 mln nafardan ortadi, shundan 391,4 ming kishi jon saqlash o‘z uy-joylarini tashlab ketishga majbur bo‘lgan», - deyilgan hujjatda.

Mamlakatda siyosiy va iqtisodiy beqarorlik saqlanib qolmoqda, shuningdek tinch aholiga zo‘ravonlik holatlari davom etmoqda.

Mavzuga oid