Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Orban qaqshatqich mag‘lubiyatga uchradi. Uni Putin va Trampning qo‘llovi ham qutqara olmadi
Rekord darajadagi davomat kuzatilgan saylovlardan keyin Vengriya parlamentida nazorat Peter Madyar boshchiligidagi yangi kuchlar qo‘liga o‘tdi.
Foto: Ekaterina Chesnokova / Sputnik / Profimedia
Muxolifatdagi «Tisa» partiyasi Vengriyada yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida byulletenlarning 98,9 foizi hisoblab chiqilganidan keyin 53,07 foiz ovoz bilan oldinda ekani ma’lum bo‘ldi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, partiya parlamentdagi 199 o‘rindan 138 tasini qo‘lga kiritadi, bu orqali partiya konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish huquqiga ham ega bo‘ladi.
Amaldagi bosh vazir Viktor Orban boshchiligidagi «Fides» partiyasi esa 38,43 foiz ovoz olgan, bu orqali partiya 55 o‘rin oladi. Yana olti o‘rin ultrao‘ng «Bizning vatan» (5,83 foiz ovoz) partiyasiga nasib etadi. Ikki partiya esa besh foizlik barerdan o‘ta olmagan. Saylovdagi davomat mamlakat tarixidagi rekord darajada 79,5 foizni (5,8 milliondan ortiq saylovchi ovoz bergan) tashkil etgan.
Viktor Orban ovoz berish jarayoni yakunlanganidan uch soat o‘tib mag‘lubiyatini tan oldi va «Tisa» yetakchisi Peter Madyarni g‘alaba bilan tabrikladi. «Men g‘olib chiqqan partiyani tabrikladim. Biz endi muxolifatda bo‘lib, Vengriya xalqiga va vatanimizga xizmat qilmoqchimiz», – degan Orban Budapeshtda o‘z tarafdorlariga. U ovoz berish natijalarini «og‘riqli, ammo aniq» deb atadi. Bu Orban uchun so‘nggi 16 yillikdagi va ilk mag‘lubiyatga aylandi.
13 aprel kuni o‘z tarafdorlari qarshisida chiqish qilarkan, Peter Madyar «bu oqshom haqiqat yolg‘ondan ustun kelgani»ni aytdi. «Bugun biz g‘alaba qozondik, chunki vengrlar vatan ular uchun nima qilib bera olishini emas, ular vatan uchun nima qila olishlarini so‘rashdi. Siz javobni topdingiz. Va siz ishni oxiriga yetkazdingiz», – degan u yigirma mingga yaqin tarafdorlari qarshisida. Uning qayd etishicha, Vengriya bu oqshom «Yevropaga „ha“» degan.
Attila Husejnow / SOPA Images / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA
Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen saylov natijalari yuzasidan izoh berarkan, Vengriya «Yevropa yo‘liga qaytgani»ni ta’kidladi. «Vengriya Yevropani tanladi. Yevropa doim Vengriya tomonda. Mamlakat o‘zining Yevropa yo‘lini tiklamoqda. Ittifoq yanada kuchaydi», – deydi u.
Italiya bosh vaziri Jorja Meloni Madyarni birinchilardan bo‘lib tabriklagan. U shuningdek Viktor Orbanni «o‘z do‘sti» deb atab, unga ko‘p yillar mobaynidagi «qiziqarli hamkorlik» uchun minnatdorchilik bildirgan. Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Madyarning g‘alabasini «tarixiy» deb atagan. Uning fikricha, «bu nafaqat Vengriya uchun, balki Yevropa demokratiyasi uchun ham tarixiy palladir». Bundan tashqari, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya kansleri Fridrix Mers hamda Polsha bosh vaziri Donald Tusk ham Madyarga g‘alaba munosabati bilan tabrik yo‘llagan. Xususan, Tusk o‘z postida vengrchasiga «Ruslar, qani uyga» (Ruszkik haza!) deya yozgan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham Madyar va uning partiyasini saylovdagi g‘alaba bilan tabriklab, Kiyev «har ikki xalq farovonligi, shuningdek, Yevropadagi tinchlik, xavfsizlik va barqarorlik uchun» Budapesht bilan hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini ma’lum qilgan.
Saylovlar arafasida 2010 yildan buyon mamlakatga rahbarlik qilib kelayotgan bosh vazir Viktor Orbanni Amerikaning hozirgi ma’muriyati ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlagandi. Donald Tramp agar Orban lavozimini saqlab qoladigan bo‘lsa, Vengriyaning «gullab-yashnashi»ga o‘z hissasini qo‘shishga tayyorligini bildirgan, uning vitse-prezidenti Jyey Di Vens esa shu kunlarda Vengriyaga tashrif buyurib, bosh vazirni qo‘llagan holda chiqish qilgandi.
Orban Vladimir Putinning ham Yevropadagi asosiy hamkorlaridan biri hisoblanardi. Financial Times nashriga ko‘ra, Kreml Orban va uning «Fides» partiyasiga saylovlarda yordam berishga qaratilgan axboriy kampaniyani ma’qullagandi. Moskvadagilar buni rasman rad etishgan. «Meduza» nashri manbalaridan biri «Rossiya prezidenti administratsiyasida kimdir Orban kampaniyasini boshqarmasligi, lekin ijtimoiy tarmoqlar orqali kampaniyaga yordam ko‘rsatilishi»ni aytgandi.
RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 13 aprel kungi brifingda jurnalistlarning savollariga javob berarkan, Kreml vengrlar tomonidan qilingan tanlovga «hurmat bilan qarashi» va «Rossiya hukumati Vengriyaning yangi rahbariyati bilan pragmatik aloqador davom etishi»ni kutayotganini aytdi.
«Biz muloqotga tayyorlik haqidagi bayonotlarni eshitdik. Albatta, bu Moskva uchun ham, Budapesht uchun ham foydali bo‘ladi. Vengriyaning yangi rahbariyati qanday harakat qiladi? Ehtimol, sabr qilib, nima bo‘lishini kutish kerakdir. Yana bir bor takrorlayman, biz Yevropaning barcha mamlakatlari kabi Vengriya bilan ham yaxshi munosabatlar o‘rnatishdan manfaatdormiz», – dedi Dmitriy Peskov.
Shu bilan birga, Kreml Madyarni tabriklamaslikka qaror qilgan. Dmitriy Peskov buni Vengriya «nodo‘st davlatlar» qatorida ekani, ushbu davlat Rossiyaga qarshi sanksiyalarni qo‘llab-quvvatlagani bilan izohlagan.
Vengriya Yevroittifoqning boshqa mamlakatlari kabi Rossiya hukumati tomonidan 2022 yil 5 mart kungi farmon bilan «nodo‘st davlatlar» ro‘yxatiga kiritilgandi. Ammo 2022 yil aprelida Putin Viktor Orbanga «o‘z rahbarligidagi partiya koalitsiyasining Vengriya Davlat majlisiga saylovlarda g‘alaba qozongani munosabati bilan tabrik telegrammasi» yuborgandi.
Madyardan saylov arafasidagi intervyuda Rossiya va Vladimir Putin bilan munosabatlari qanday bo‘lishi haqida so‘rashgandi. «Albatta, agar vaziyat shunday bo‘lsa, Rossiya prezidenti bilan muzokaralar stoliga o‘tirishga to‘g‘ri keladi. Rossiyaning ham, Vengriyaning ham geografik o‘rni o‘zgarmaydi. Va bizning energiya qaramligimiz ham ma’lum vaqt saqlanib qoladi. Diversifikatsiyani kuchaytirish kerak, lekin bu bir kunda bo‘lmaydi. Zarur bo‘lsa, muzokaralar olib boramiz, lekin do‘st bo‘lmaymiz», – degandi u. U Vengriyadagilar «Ukraina tarafdori bo‘lgan hukumatni emas, Vengriya tarafdori bo‘lgan hukumatni xohlashi»ni qo‘shimcha qilgandi.
Vashingtondagilar hozircha Vengriyadagi saylov natijalari yuzasidan munosabat bildirmadi.
Mavzuga oid
09:48
Madyar: Vengriya Ukraina uchun 90 mlrd yevroni bloklamaydi
21:14 / 13.04.2026
Peter Madyar kim va undan nima kutish kerak?
18:36 / 13.04.2026
Kreml Orbanning mag‘lubiyati ortidan Vengriyani «do‘stona bo‘lmagan mamlakat» deb atadi
08:37 / 13.04.2026