Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Peter Madyar kim va undan nima kutish kerak?
U ham populistmi? Vengriya endi Rossiyaning ittifoqchisi emasmi? Budapesht Ukrainani qo‘llaydimi?
Jakub Porzycki / NurPhoto / Getty Images
12 aprel kuni Vengriyada parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi: ovoz berish jarayoni yakunlariga ko‘ra «Fides» partiyasi va uning yetakchisi, mamlakatni 16 yil mobaynida boshqargan Viktor Orban og‘riqli mag‘lubiyatga uchradi. Muxolifatdagi «Tisa» partiyasi g‘alaba qozondi. Ushbu kuchlar parlamentda konstitutsiyaga o‘zgartirishlar imkonini beradigan darajada ko‘pchilik o‘rinlarni qo‘lga kiritdi, partiya rahbari Peter Madyar esa mamlakatning yangi bosh vaziri bo‘ladi. «Meduza» u haqda nimalar ma’lumligi va uning boshqaruvi davrida Vengriyaning Rossiya hamda Ukraina bilan munosabatlarida qanday o‘zgarishlar bo‘lishi mumkinligi haqida yozdi.
Peter Madyar kim o‘zi?
45 yoshli Madyar Vengriya siyosatiga chuqur bog‘langan oilada tug‘ilgan. Uning onasi Monika Eryosh oliy sud bosh kotibi bo‘lib ishlagan, amakivachchasi Ferens Madl esa 2000-2005 yillarda Vengriya prezidenti lavozimini egallagan. Madyar ham huquqshunoslik sohasida diplom olgach, siyosiy karerasini qurishga kirishgan.
2000-yillar boshida u bolaligidan o‘zi havas qilgan Viktor Orbanning «Fides» partiyasiga qo‘shilgan. 1989 yilda hali yosh huquqshunos bo‘lgan Orban sovet qo‘shinlarini mamlakatdan olib chiqish va erkin saylovlar o‘tkazishni talab qilib, Vengriyada kommunistlarga qarshi harakat qahramoniga aylangandi. 1990-yillarda, shunday saylovlar bo‘lib o‘tganida Orban parlament deputatligiga saylanadi va «Fides» rahbariga aylanadi, Madyar esa (o‘shanda u hali to‘qqiz yoshda bo‘lgan) uning fotosuratini xonasi devoriga osib qo‘yadi.
«Fides»ga qo‘shilganidan keyin Madyar Vengriya TIVda hamda mamlakatning Yevroittifoq qoshidagi vakolatxonasida ishlaydi, ammo yuqori lavozimlarga ko‘tarilmaydi. Uning rafiqasi Yudit Varganing karerasi muvaffaqiyatliroq chiqadi (ular 17 yillik turmush davomida uch farzandni tarbiyalashgan). 2019 yilda u Orban hukumatida adliya vaziri lavozimini egallagan. 2023 yilda ular ajrashishgan.
U qanday qilib Viktor Orbanni mag‘lub etoldi?
2023 yil yanvarida, Varga bilan ajrashishidan ikki oy oldinroq, Madyar rafiqasi bilan suhbatini yashirincha yozib oladi, unda Varga Orban ma’muriyati rahbari Antal Roganning yordamchilari prokuraturadan o‘z boshlig‘ining ismini korrupsiyaga oid shov-shuvli jinoiy ish materiallaridan chiqarib tashlashni so‘raganini aytadi. 2024 yil martida, Varga boshqa mojaro tufayli iste’foga chiqqanida, Madyar u bilan o‘sha suhbati yozuvini feysbukka joylashtiradi. Uning posti ikki million marta ko‘riladi.
Xuddi shu vaqtda Madyar «Fides» bilan aloqani uzgani va kichikkina «Tisa» partiyasi boshqaruviga o‘tganini e’lon qiladi, tez orada bu partiya uning rahbarligida katta mashhurlikka erishadi. «Fides» Vengriyadagi eng yirik nashrlarni nazorat qilgani tufayli Madyar asosiy e’tiborni ijtimoiy tarmoqlarga va mamlakat bo‘ylab safarlarga qaratadi. U chekka qishloqlar aholisi hamda xorijdagi etnik vengrlar bilan muntazam uchrashuvlar o‘tkazadi – ushbu ikki guruh ham azaldan «Fides» elektorati hisoblangan.
Bundan tashqari, Madyarga uni tizimdan chiqqan, uning zaif tomonlarini biladigan, shuning uchun Orbanni mag‘lub eta oladigan nomzod sifatida qabul qilishgani ham qo‘l keldi. «Biz „Tisa“ uchun emas, balki „Fides“ga qarshi ovoz beramiz. Hamma gap shunda. Vengrlar hozirgi kunda Orbanga qarshi nomzodini qo‘yadigan bo‘lsa, echkiga ovoz berishga ham tayyor», – degandi Politico nashriga Yashillar partiyasidan parlamentga saylangan deputat Timea Sabo. Uning o‘zi ham avvaliga saylovda qatnashmoqchi bo‘lgan, ammo «Tisa» nomzodi foydasiga poygadan chiqqandi.
U Budapeshtning Kiyev va Moskva bilan munosabatlarini qanday o‘zgartiradi?
Madyar – o‘ng markazchi qarashlarga ega siyosatchi. U Yevroittifoq va AQSh bilan yaqinlashish tarafdori bo‘lib, Orban va Bryussel o‘rtasidagi kelishmovchiliklar tufayli bloklangan milliardlab yevro mablag‘lar blokdan yechilishiga erishishni va’da qilgan. Shuningdek, Madyar mudofaa uchun xarajatlarni YaIMning 5 foizi miqdoriga yetkazmoqchi – bu NATO mamlakatlari yetishi kerak bo‘lgan ko‘rsatkich hisoblanadi.
Shu bilan birga, u migratsiyani qat’iy tartibga solishni yoqlaydi, Kiyevga Rossiya bilan urushi uchun qurol yuborishni ma’qullamaydi va Ukrainaning Yevroittifoqqa kirishini tezlashtirishni qo‘llab-quvvatlamaydi. Madyar Yevroittifoq a’zoligi uchun nomzodlarning barchasi bir xilda baholanishi kerakligi va Ukraina hozircha a’zo bo‘lish shartlariga javob bermasligini aytadi. «Agar yillar o‘tib vaziyat o‘zgaradigan bo‘lsa, Vengriya Ukrainaning Yevroittifoqqa a’zolik arizasini ma’qullash masalasini referendumga qo‘yadi, deya va’da bergan Madyar.
Shunday ritorikasiga qaramay, Yevroittifoqdagilar yaqin istiqbolda Ukraina va Vengriya munosabatlaridagi keskinlik yo‘qolishidan umid qilmoqda. Xususan, Berlin allaqachon Budapeshtni Kiyev uchun 90 milliard yevrolik kreditga Orban tomonidan qo‘yilgan vetoni bekor qilishga chaqirgan. Shu bilan birga, fevralda «Tisa» vakillari Yevroparlamentda ushbu kredit ajratilishiga qarshi ovoz berishgandi.
Madyar Rossiya bilan munosabatlar «pragmatik» bo‘lishi kerakligini aytgan. Shu bilan birga, u aniq qilib Vengriyani Kremlga energetik qaramlikdan xalos qilish hamda mamlakatning g‘arb tomon kursini mustahkamlash nistida ekanini aytgan. «Keling, Sharq va G‘arb o‘rtasidagi paromlar to‘g‘risidagi debatlarni bas qilib, butun umrga G‘arbga qo‘shilaylik!» – deyiladi «Tisa» partiyasining siyosiy dasturida.
Madyar – Orban kabi populistmi?
Siyosiy metodlariga ko‘ra Madyarni populist deb hisoblash mumkin, ammo u Orbanning «avtoritar populizmi»ga qarshi «demokratik populizm»ga namunadir, deb hisoblaydi vengriyalik politolog Zoltan Adam. U Madyar va «Tisa»ning parlament saylovlaridagi g‘alabasi Vengriyaga demokratiyani tiklash umidini beradi, shu bilan birga, avtokratiya chuqurlashishi xavfini ham tug‘diradi. Parlamentda konstitutsiyaviy ko‘pchilikka erishgan «Tisa»ni endi tiyib turuvchi demokratik institutlar yo‘q, chunki ular «Fides» tomonidan yo‘q qilingan. Bu esa shuni anglatadiki, Madyar ham xuddi Orbanda bo‘lgani kabi to‘liq hokimiyatga egalik qiladi va bundan qanday foydalanish uning o‘ziga havola bo‘ladi.
Shu bilan birga, Madyar baribir o‘tmishdoshi tayyorlagan cheklovlarga duch keladi. «Fides» tomonidan muhim lavozimlarga qilingan tayinlovlar, OAV nazorati va hatto Orbanga yaqin hisoblangan prezident Tamash Shuyok ham ta’sir ko‘rsatish dastagi bo‘lib qolmoqda.
Vengriya muxolifati Madyarni Orbanga qarshi kuch sifatida keng qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa-da, uning «Fides»dagi o‘tmishi, shuningdek, uning yetakchilik uslubi (u «bir kishilik shou» deb ta’riflanadigan «Tisa» partiyasini yakka o‘zi boshqaradi) ba’zilarni xavotirga solmoqda. Muxolifatchilarning 2022 yilgi saylovlarda Orbanga yutqazgan nomzodi Peter Marki-Zai Politico nashriga Madyarni «manman», «xudbin» va «pastkash» deb hisoblashini aytadi. Ammo Orbanga qarshi turish uchun aynan shunday xususiyatlar kerakligini qo‘shimcha qilgan. «Biz unga turmushga chiqmoqchi emasmiz. Bizga shunchaki Orbanni o‘tmishda qoldiradigan odam kerak. <...> Agar u o‘z va’dalarini bajarmasa, biz unga toqat qilmaymiz», – deydi Marki-Zai.
Mavzuga oid
22:47 / 14.04.2026
Orban yutqazdi. Tramp, Putin va Netanyahuning qo‘lloviga qaramay
21:18 / 14.04.2026
“Viktor Orban Yevroittifoq ichidagi eng katta chayqovchi edi” - siyosatshunos
09:48 / 14.04.2026
Madyar: Vengriya Ukraina uchun 90 mlrd yevroni bloklamaydi
19:25 / 13.04.2026