Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Innovatsion faoliyat qonun bilan qo‘llab-quvvatlanadi
«Innovatsion faoliyat to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilindi, unda mazkur sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, uning sub'yektlari, obektlari, infratuzilmasi, sohani tartibga solish tizimi va uni moliyalashtirish mexanizmi belgilangan.
Norma’ning yozishicha, innovatsion faoliyat sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
- innovatsion rivojlantirishning huquqiy jihatdan tartibga solinishini ta'minlash;
- ustuvor yo‘nalishlarni belgilash;
- zarur shart-sharoitlar va infratuzilmani yaratish;
- innovatsion faoliyat sub'yektlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish;
- respublika, tarmoq va hududiy davlat dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
- investitsiyalarni jalb etishga ko‘maklashish;
- davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish;
- kadrlarni tayyorlashni, qayta tayyorlashni va ularning malakasini oshirishni tashkil etish;
- xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
Davlat innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlashni quyidagi yo‘llar bilan amalga oshiradi:
- innovatsion rivojlantirish strategiyalarini qabul qilish va amalga oshirish;
- normativ-huquqiy bazani takomillashtirish;
- innovatsion faoliyat sub'yektlariga soliq, bojxona imtiyozlari va preferensiyalar berish;
- respublika Davlat budjeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan innovatsiyalarni yaratishga oid davlat buyurtmasini bajarish;
- innovatsion faoliyatni moliyalashtirishga xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar mablag‘larini jalb qilish uchun shart-sharoit yaratish;
- ilm-fan yutuqlariga asoslangan mahsulotning va ilg‘or texnologiyalarning davlat xaridlarini tashkil etish;
- innovatsion faoliyat sohasida kadrlarni tayyorlashga, qayta tayyorlashga va ularning malakasini oshirishga ko‘maklashish.
Innovatsion rivojlanish vazirligi innovatsion faoliyat sohasidagi vakolatli davlat organidir.
Qonunda «innovatsiya», «innovatsion faoliyat», «innovatsion loyiha», «innovatsion infratuzilma», «texnologiyalar transferi» singari tushunchalarga ta'rif berilgan.
Innovatsiya – fuqarolik muomalasiga kiritilgan yoki shaxsiy ehtiyojlar uchun foydalaniladigan, qo‘llanilishi amaliyotda katta ijtimoiy-iqtisodiy samaraga erishishni ta'minlaydigan yangi ishlanma. Qonunda mahsulotga, jarayonga, marketingga oid, tashkiliy innovatsiya turlari ajratib ko‘rsatilgan.
Innovatsion faoliyat – yangi ishlanmalarni tashkil etish, shuningdek ishlab chiqarish sohasida ularning o‘tkazilishi va amalga oshirilishini ta'minlash bo‘yicha faoliyat.
Innovatsion loyiha – yangi ishlanmalar yaratish uchun bajarish muddatlarini, ijrochilarni, moliyalashtirish manbalarini va tegishli infratuzilmani shakllantirishni nazarda tutuvchi tadbirlar majmui.
Innovatsion faoliyat sub'yektlari quyidagilardan iborat:
- innovatsion faoliyatni amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar;
- innovatsion faoliyat sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etuvchi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar;
- yangi ishlanmalarni yaratadigan, joriy etadigan va innovatsiyalardan foydalanadigan ilmiy, ilmiy-tadqiqot, oliy ta'lim, ishlab chiqarish tashkilotlari va boshqa tashkilotlar;
- innovatsiyalar ishlab chiqaruvchilar va foydalanuvchilar manfaatlarini ifodalovchi va himoya qiluvchi nodavlat notijorat tashkilotlari;
- innovatsion faoliyat jarayonida amalga oshiriladigan va foydalaniladigan intellektual mulk obektlariga bo‘lgan huquq egalari;
- innovatsion faoliyatga investitsiya qilishni amalga oshiruvchi investorlar va tadbirkorlik sub'yektlari.
Qonun bilan texnologiyalar transferi jarayoni – yangi ishlanmani u olinadigan (ishlab chiqariladigan) sohadan amalda qo‘llash sohasiga o‘tkazishga qaratilgan tadbirlar majmui ham joriy etilmoqda. Uning ustuvor yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
mavjud texnologiyalardan foydalangan holda ishlab chiqariladigan o‘xshash mahsulotga nisbatan yuqori sifatli va raqobatbardosh yangi yoki yaxshilangan mahsulot ishlab chiqarish;
yangi ishlanmalar va texnologiyalar asosida mahsulotning yangi turlarini ishlab chiqarish;
o‘xshash texnologiyalarga nisbatan energiyani va resurslarni tejovchi texnologiyalarni joriy etish.
Texnologiyalar transferi shartnoma asosida amalga oshiriladi, intellektual mulkka bo‘lgan huquq mavjudligi va undan tushgan foyda uni tuzishning asosiy sharti hisoblanadi.
Innovatsion faoliyatni moddiy-texnik, moliyaviy, tashkiliy-uslubiy, axborot, konsultativ va boshqa jihatdan ta'minlaydigan korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va ular birlashmalarining majmui innovatsion infratuzilma hisoblanadi. Uning sub'yektlariga quyidagilar kiradi:
1. Innovatsion texnologik park (texnopark) – innovatsion faoliyatni amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratiladigan yagona moddiy-texnika majmuasi bo‘lgan hududga egalik qiluvchi yuridik shaxs. Texnoparkning asosiy vazifasi – uning rezidentlarini qo‘llab-quvvatlash. Uning faoliyat ko‘rsatish muddati 30 yilgacha tashkil etadi, keyinchalik bu muddat uzaytirilishi mumkin. Texnopark rezidentining maqomi tanlov asosida 10 yil muddatgacha beriladi;
2. Texnologiyalar transferi markazi – texnologiyalar transferini va innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirishni ta'minlash maqsadida tashkil etilgan yuridik shaxs;
3. Innovatsion klaster tegishli hududda innovatsiyalarni yaratishda ishtirok etuvchi innovatsion faoliyat sub'yektlarining, innovatsion faoliyat natijalari iste'molchilarining yig‘indisi sifatida yuridik shaxs tashkil etmasdan tuziladi. Ularning asosiy maqsadi samarali hamkorlik qilishdan, quvvatlardan birgalikda foydalanishdan hamda bilimlar, ko‘nikmalar almashishdan, shuningdek texnologiyalar transferiga ulushni ta'minlash orqali innovatsion faoliyatni rag‘batlantirishdan iborat bo‘ladi;
4. Venchur tashkilotlar, fondlar, shirkatlar – asosiy faoliyat turi xavfli innovatsion loyihalar amalga oshirilishini moliyalashtirishdan iborat bo‘lgan, ham yuridik shaxs shaklida tashkil etiladigan, ham yuridik shaxs sifatida tashkil etilmaydigan ixtisoslashtirilgan moliya institutlari.
5. Innovatsiya markazi innovatsion faoliyat sohasida yangi g‘oyalarni yaratishdan yangi ishlanmalarni tijoratlashtirishgacha bo‘lgan to‘liq ishlar turkumini amalga oshirish maqsadida yuridik shaxs shaklida tashkil etiladi.
Qonun bilan innovatsion faoliyatni moliyalashtirish manbalari va ularni sarflash yo‘nalishlari ham belgilangan. Ular jumlasiga quyidagilar kiradi:
- O‘zbekiston respublika budjeti;
- Qoraqalpog‘iston respublika budjeti hamda viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari;
- Innovatsion rivojlanishni va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi;
- innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari;
- venchur jamg‘armalari;
- innovatsion faoliyat sub'yektlarining o‘z mablag‘lari;
- xalqaro grantlar, tijorat banklarining, shu jumladan chet el banklarining va xalqaro moliya institutlarining maqsadli kreditlari;
- xususiy investorlarning mablag‘lari;
- qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Qonun 24.07.2020 yildan kuchga kirgan.
Mavzuga oid
19:07 / 13.01.2026
O‘zbekistonda sud qanchalik mustaqil va erkin? – faollar bilan suhbat
18:27 / 30.12.2025
Qozog‘istonda noan’anaviy jinsiy munosabatlar targ‘ibotini taqiqlovchi qonun imzolandi
12:05 / 26.12.2025
Shavkat Mirziyoyev: iqtisodiyot texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkaziladi
10:20 / 26.12.2025