Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda sud qanchalik mustaqil va erkin? – faollar bilan suhbat
“Har bir sohada ma’lum bir masalani yechuvchi — xoh bu sud bo‘lsin, xoh bu OAV — yoqmaydigan taraflari bo‘lishi mumkin”, “tuman, viloyat darajasidan ko‘ra Oliy sudda ishlar, adolatliroq, qonuniyroq ko‘riladi”, “qanaqadir darajada ozgina korrupsiyalashgan, sog‘ bo‘lmagan bir muhit bor”, “qachonki hokimiyatning uchga bo‘linish prinsipi to‘g‘ri amalga oshirilsa, sud ham yaxshi ishlab ketishi mumkin”… Kun.uz studiyasida sud tizimidagi vaziyat muhokama qilindi.
Unda jinoyat ishlari bo‘yicha sudya Sarvar Mamadiyev, advokat Jahongir Mutalibov, inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov hamda siyosatshunos Hamid Sodiq ishtirok etdi. Quyida suhbatdan qisqa sharh keltiriladi.
“[Sud] qaroriga ta’sir qilishga harakatlar bo‘ladi” – sudya
Dastlab Mamadiyev sudning mustaqilligini tushuntirarkan, hech bir tashqi yoki ichki ta’sirlarsiz, aynan qonunda belgilangan tartib, asoslar bilan ish ko‘rilishi uni ta’minlashdagi yagona omil ekanini aytdi.
“Bu mustaqillikka ta’sir bo‘lyaptimi, deganda, albatta, har bir sohada ma’lum bir masalani yechuvchi yoki ma’lum bir dolzarb muammoni ko‘taruvchi xoh bu sud bo‘lsin, xoh bu ommaviy axborot vositalari bo‘lsin, xoh bir jamoat tashkilotlari bo‘lsin, qandaydir buning yoqmaydigan taraflari, yoqmaydigan kuchlari bo‘lishi mumkin. [Bunda sud] qaroriga ta’sir qilishga ham harakatlar bo‘ladi”, – deydi u.
Kun.uz'ning e’tibor qaratishicha, hududlar kesimida sud raisi lavozimlari mavjud ekani ham sudyalar va ularning qarorlariga ta’sir o‘tkazishi mumkin bo‘lgan nuqta bo‘lib qolmoqda. Sarvar Mamadiyev bu fikrga qo‘shilmasligini, aynan tashkiliy masalalarda tuman va shahar sud raislari sudyalarga yordam qilishini bildirdi.
“Sud ikkita yo‘nalishda ishlaydi. Birinchidan, tashkiliy masalalari bor, ikkinchidan, protsessual masalalari bor. Protsessual masalalarda sudya mustaqil. Tashkiliy masalalarda ishga kelib-ketish, odob-axloq qoidalariga rioya qilish, sudyalik maqomida o‘zini to‘g‘ri tutishi, bu holatlarda nazorat amalga oshiriladi. Lekin aynan ko‘rilayotgan ish yuzasidan uni nazorat qilishga haqqimiz yo‘q.
Sud nazorati bor tushuncha. Bu qanday yo‘l bilan amalga oshiriladi? Taraflardan kelib tushgan shikoyat yoki protest asosida sud hukmlarni nazorat qiladi. Faqat bu ham protsessual tartibda. Bu shikoyat yoki protest bo‘lmaydigan bo‘lsa, uni o‘zidan o‘zi kelib, mana bu ishing bo‘yicha menga tushuntirish ber, deyishga haqli emas, qonunda taqiqlab qo‘yilgan.
Lekin yana bir takror aytaman, albatta bir tashkilot bo‘lgandan keyin u tashkilotda albatta rahbar bo‘lishi kerak. Bu yerda faqatgina protsessual masalalar emas, tashkiliy masalalar hal etiladi: bino, u yerga odamlarning kelib-ketishi, fuqarolarning murojaati masalasi. Sudya o‘zi ko‘rayotgan ish bo‘yicha qandaydir norozilik bo‘lib, fuqaro murojaat qilaman desa, o‘sha sudya bilan hali qaror qabul qilinmasdan turib gaplashishga haqqi yo‘q.
Yoki, masalan, ko‘rilayotgan ish bo‘yicha intervyu berishga haqqi yo‘q. Bu holatlarda o‘sha rais holatni muvozanatda ushlab turadi va fuqarolardan kelayotgan murojaatlar, sudyani qiynayotgan tashkiliy masalalar, misol uchun o‘sha binoning hozir bo‘lishi, binoda hamma ishtirokchilarga sharoit teng yaratilgan bo‘lishi, sudyalarning o‘zining o‘sha tashkiliy masalalardagi kompyuteri, uning qog‘ozi, har bir holatini sudya o‘zi tashkil qilmaydi. Demak, sudning raisi va o‘sha rahbariyat mana shu masalalarni to‘ldirib turadi”, – dedi sudya.
Uning qo‘shimcha qilishicha, raislik lavozimlari bundan keyin tayinlanmaydi, sudyalar orasida ovoz berish yo‘li bilan saylanadi. “Bunda demak davlat ham va o‘sha sudyalar hamjamiyati ham masalaning og‘riqli joylari borligini sezdi va bu masalani hal qilishga qaratilgan qarorlar qabul qilindi”, – deya birinchi savolga javobini yakunlaydi Mamadiyev.
“Tuman, viloyat darajasidan ko‘ra, Oliy sudda ishlar adolatliroq ko‘riladi” – advokat
Jahongir Mutalibovga ko‘ra bugungi kunda ko‘plab advokatlar sud chiqargan qarorlari bilan kelishmaydi. Ularning fikricha, tuman va shahar sud raislarining hukmlarga ta’siri yo‘q emas, bor. Mutalibov buni tushunish mumkin bo‘lgan holat sifatida tasvirlagan.
“Shu holatlarda eshitganmiz ham, “rais bilan maslahat qilamiz” degan joylari bor. Hozir unaqa gaplar kamayib qoldi, avvallari ko‘p edi. Sudyalar ustidan jamoatchilik nazorati ham, ommaviy axborot vositalari ham u darajada kuchli emas edi, shu paytda albatta bundan foydalanishardi. Endi rais degan nomi bor, qaysi tashkilotga borsangiz ham rahbar — rahbar-da. Endi rahbar ham o‘zining qo‘l ostidagi xodimning baribir bo‘ysunishini xohlaydi, aytganini qilishini xohlaydi. Raisning ham tanishlari bor, unga ham o‘ziga yarasha bosim o‘tkaziladi. Shu holatda tabiiyki, u o‘z qo‘l ostidagi sudyani chaqirib, unga bosim qilib “mana shunday qaror chiqarasan” demasa ham, o‘zining vaziyatini tushuntiradi yoki ishda kelib chiqishi mumkin bo‘lgan muammoli holat yuzaga kelishini tushuntiradi. Shu orqali baribir ta’sir qiladi. Bu narsaning mutlaqo ta’siri yo‘q deb ayta olmayman”, – deydi u.
Advokatning fikricha, quyi instansiyalardan ko‘ra, Oliy sudda o‘tadigan jarayonlar adolatli va qonuniyroq bo‘ladi.
“Men har doim aytaman, tuman, viloyat darajasidan ko‘ra Oliy sudda ishlar, adolatliroq, qonuniyroq ko‘riladi, mening nazdimda. Shunaqa tuman sudi darajasida yoki viloyat sudi darajasida ish ko‘rilayotgan bo‘lsa, ba’zida ochiq-oydin aytamiz. Men ayrim viloyatlarni ham, misol uchun, bilaman, amaliyoti har xil. Qaysidir viloyat og‘irroq amaliyot bilan hukm chiqarsa, qaysidir viloyat boshqacha, bir xil amaliyotning o‘zi yo‘q. Shundan kelib chiqib, advokatlar ko‘pchiligi viloyatda ishning, aytaylik, qonuniy, asosli, ya’ni advokat o‘zi keltirgan dalillar asosida bo‘lishini taxmin qila oladigan darajaga chiqdik. Shuning uchun men ko‘p odamga aytaman, Oliy sudgacha yetib borish ehtimolingiz bor. Chunki Oliy sudda baribir endi tuman sudyasiga bo‘layotgan bosim bilan Oliy sud sudyasiga bosim unaqa bo‘lmaydi. Oliy sud sudyasi katta lavozimdagi odam. Unga yetib borishning o‘zi oson emas, shuning uchun u yer bosimlar xoliroq hudud deb hisoblayman. Lekin tuman – eng ko‘p bosim ostida qoladigan joy baribir”, – dedi u.
Ta’kidlanishicha, sudyaga nafaqat raislari, balki boshqa rahbarlar, deylik tuman prokurori, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, Davlat xavfsizlik xizmati vakillarining ham ta’siri kuchli.
“Ma’muriy richag qayerdadir bor” – inson huquqlari faoli
Abdurahmon Tashanov esa bu ro‘yxatga hokimlarni ham qo‘shib, tajribasidan misollar keltira boshladi. Suhbatdoshlarni esa buni ochiq tan olishga, vaziyatni silliqlamaslikka chaqirdi.
“Sudlarga nisbatan o‘sha ma’muriy richaglar borligi bo‘yicha siz gap boshladingizmi, demak, muammo bor. Bekorga bu gapni boshlayotganingiz yo‘q. Men sizni hamkasb sifatida ko‘nglingizdagi gaplarni bilib o‘tiribman va buni hozir tekislab, silliqlab gapirishning ham hojati yo‘q, to‘g‘ridan to‘g‘ri tan olaylik. Bu bor narsa. O‘tgan kuni bitta gap bo‘ldi, qaysidir viloyatga bittasini sud raisi qilib yubormoqchi bo‘lishdi-yu, u “men u yerga bora olmayman, chunki hokim yomon”, dedi. Bunday olib qarasangiz, hokimga nima daxli bor sudning? “Yomon hokim bilan kelisha olmayman men u yerda”, degan, masalan, sud rahbarlaridan bittasining o‘rtasida shunaqangi gap bo‘libdi. Bu gap yetib keldi.
Va biz buni juda yaxshi bilamiz. Masalan, ma’muriy richag qayerdadir bor, rais so‘zi bor yoki uning o‘rinbosarlari degan so‘z bor, demak, o‘sha joyda qanaqadir darajada ozgina korrupsiyalashgan yoki bo‘lmasa, ma’lum darajada nosog‘lom muhit bor. Ayniqsa O‘zbekistonda buni qator misollarda ko‘ramiz, ijtimoiy tarmoqlarda deyarli har kuni o‘qiymiz. Albatta, sudlar bundan xoli emas”, – deydi u.
Tashanov intervyuda sudyalarning hayoti sug‘urtalanishi masalasini ko‘tardi. “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunning 76-moddasiga ko‘ra, sudyalar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish choralari belgilangan. Ammo suhbatdosh bu amalda yetarlicha ishlamayotganini tushuntirishga urindi.
“Mana, bitta misol tariqasida aytib ketay. Yaqinda oliy sud rahbarlaridan birining qabulida bo‘ldim. Biz sudyalardan birining hayoti sug‘urtalanganligi, sug‘urta pulini undirish bo‘yicha qatnashdik. Shuning sug‘urta puli oilasiga ajratilmadi. Oliy sudgacha bordi. Oliy sudda keyin oxiri o‘sha rahbarlardan biri menga aytyaptiki, “sizlar shu masalani ko‘taringlar, sudyalarning hayoti sug‘urtalangan bo‘lsin, o‘sha qonunni mukammallashtirish kerak. Chunki hozirgi mavjud qonunda go‘yoki faqat favqulodda boshiga [holat] tushsa, sug‘urta puli to‘lanadi, aks hollarda to‘lanmaydi”, degan narsani.
Keyin men aytdimki, biz qanday qilib ko‘taramiz? Masalan, Oliy sudning o‘zida qonunchilik tashabbusi bor. U chiqib, shuni nimadir qilishi mumkin. Ya’ni hayot sug‘urtalanganligi sudyaga ishonch beradi, ya’ni u ertasini ko‘p o‘ylamaydi. Ertaga biror narsa bo‘lib qolsa ham xotirjamlik bo‘ladi. Demak, sudyalarning o‘zi himoyalanmagan bo‘lsa… Buning hammasi hayotdan olinadi. Bu narsalar hayotimizda bor.
Masalan, biz buni hozir avaylab gapiramizmi, qattiqroq gapiramizmi, undan qat’i nazar o‘sha ijtimoiy tarmoqlar, boshqalar buni ko‘rsatib turibdi. Endi qonun bor-ku, nima kerak masalan sud raislari yoki bo‘lmasa bunaqangi ortiqcha ma’muriy mexanizmlar nima kerak desangiz, Sarvar akaning gapiga to‘qnash kelasiz. Ya’ni sud bo‘ladimi, boshqa idoralar bo‘ladimi, hamma joyda tashkiliy faoliyat bilan bog‘liq masalalar bor. Balki buni umuman sudlar tizimida texnik jihatdan tartibga solish bo‘yicha departament ham bor, to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘shanga yuklatib ham qo‘yish mumkin”, – deydi Tashanov.
U so‘zining so‘ngida elektron taqsimlanadigan sud ishlari tasodifiylik tamoyiliga asosan berilishini shubha ostiga olib, ayrim “delo”lar tegishli sudyalarga ajratilishini gapirib o‘tdi.
“Bu yerda markaziy masala – sudning qanchalik ko‘proq insonga bog‘langani” – siyosiy tahlilchi
Hamid Sodiq buning siyosiy tomonlariga to‘xtalarkan, sud tizimi ham boshqa sohalar singari sentrallashganiga ishora qildi. Mutaxassis har bir insonda mavjud sudlash huquqi yillar o‘tib davlatga berilganini, jamoatchilik shartnomasi bilan jazolash faqat qonuniy amalga oshirilishi talab qilinganini eslatdi.
“Masala shundaki, agar o‘sha sudlov tizimiga ta’sir ko‘rsatish, deylik, bir kishiga yuklangan yoki 150 kishiga yuklangan, degan dilemma hal qilinmaydigan bo‘lsa, sud tizimi ishlamaydi. Ya’ni ommaviy qabul qilingan, hammamiz bilib turgan, qabul qilingan va o‘sha parlamentga ta’sir ko‘rsata oladigan bir tizim bo‘lmaguncha sud tizimini to‘g‘rilab bo‘lmaydi. Chunki tizimi shunday, olimlar tomonidan shunday qo‘yilgan. Agar mana shu ishlamasa, demak, biz sudlov sohasini isloh qila olmaymiz. Ya’ni bu yerda markaziy masala — sudning qanchalik ko‘proq insonga bog‘langanligi.
Qachonki hokimiyatning mana shu uchga bo‘linish prinsipi to‘g‘ri amalga oshiriladigan bo‘lsa, sud ham bu yerda yaxshi ishlab ketishi mumkin. Shuning uchun bu yerdagi asosiy muammo, men siyosiy deb bilaman va umuman, buning siyosiyligi tabiiy. Chunki sud davlatning qahrini legitimlashtirib beradi, qonuniylashtirib beradi. Va siz bunday tashkilotni, agar davlat demokratik bo‘lmaydigan bo‘lsa, erkin qo‘yib bo‘lmaydi. Umuman boshqa joyga olib ketib qoladi. Siz resurslarni taqsimlay olmay qolasiz. Mana bu resursni bu yoqqa jo‘natishimiz kerak, degan paytingizda sud taqiq qo‘yadi, bu mumkin emas, deydi”, – dedi u.
Suhbat davomida OAVning sudlarni yoritishi, yopiq ishlar, adolatsiz hukmlar uchun jazolash mexanizmi haqida ham gaplashilgan. To‘liq intervyuni yuqoridagi havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
20:50 / 06.01.2026
“Credit House” ishi bo‘yicha zarar summasi hanuz aniq emas – suddan reportaj
18:27 / 30.12.2025
Qozog‘istonda noan’anaviy jinsiy munosabatlar targ‘ibotini taqiqlovchi qonun imzolandi
08:49 / 30.12.2025
Farg‘onada sud boshqaruvchisi yordamchisi pora bilan ushlandi
13:28 / 26.12.2025