Davlat amaldorining “ipakdan to‘qilgan” biznes to‘ri. Soha shaxsiy tomorqaga aylantirilganmi?
Kun.uz surishtiruvi ipakchilik sohasining davlat regulyatori ham, shu sohadagi asosiy o‘yinchilardan biri ham ayni bir shaxs ekanini ko‘rsatdi. Ipakchilik qo‘mitasi raisi, yaqingacha qo‘mita bilan birga “O‘zipaksanoat”ni ham boshqarib kelgan Bahrom Sharipov o‘ziga aloqador ko‘plab kompaniyalar orqali ipak sanoatida shaxsiy biznesni yuritayotgani ma’lum bo‘ldi.
Ipak. Dunyodagi eng mayin narsalardan biri. Biroq u – oddiy dehqonlarning qattiq mehnati mahsuli. Ipak pilla qurtini tut barglari bilan boqish asnosida yuzaga keladi. Barglarni yeb kattargan qurtlar o‘z atrofida pilla to‘qiydi. Inson esa pilla ipini qaytarib yechadi va undan mato to‘qiydi.
O‘zbekistonda ipak yetishtirish uzun tarixga ega – qadim-qadimdan yurtimizda ishlab chiqarilgan ipak matolarning dong‘i dunyoga doston bo‘lgan. SSSR davrida ham ipak yetishtirish yurtimizda davom etdi: kolxozchi oilalarga boqish uchun qurtlar tarqatilar edi, tayyor bo‘lgan pilla davlatga topshirilar, davlat fabrikalarida ipakdan matolar to‘qilar edi. Chunki hamma zavod-u fabrikalar davlatniki edi. Xususiy zavod-fabrika yo‘q edi.
O‘zbekiston mustaqil bo‘lgandan keyin bozor iqtisodiyotini qurishni boshladi. Salkam hamma narsa endi davlatning emas, balki xususiy korxonalarda ishlab chiqariladigan bo‘ldi.
SSSR paytida hamma soha davlatniki bo‘lgani bois, pillakor oilalarning mehnatini ham davlat baholardi: “hamma narsa davlatnikimi, demak, mehnat haqini ham davlat belgilaydi-da”.
SSSR tugadi, bozor munosabatlariga o‘tish e’lon qilindi. Endi har bir mahsulotning egasi uni yetishtirgan inson bo‘lishi, narxini esa davlat emas, bozor, ya’ni talab-taklif belgilashi kerak bo‘ldi.
Biroq O‘zbekistonda ba’zi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish sohasi erkinlashtirilmadi. Pilla ham shulardan biri. Pillani kimdir yetishtiradi, narxini esa boshqa kimdir belgilaydi, hamda o‘sha narxda pillani pillaboqardan sotib oladi, qayta ishlaydi va mahsulotni bozor narxida sotadi. Zo‘r-a, xomashyoni xalqdan o‘zing belgilagan narxda olasan, qayta ishlab, bozor narxida sotasan?
Kim o‘sha – “kimdir”?
Ipakchilik tarmog‘ini tartibga soluvchi idora – Ipakchilik va jun sanoati qo‘mitasi, 2020 yilda tashkil etilgan. Ammo qo‘mitadan tashqari 2017 yilda asos solingan “O‘zipaksanoat” uyushmasi ham bor. Uning tarkibiga ipakchilik sanoati korxonalari, shuningdek, “Agropilla” ipak qurti pillasini tayyorlash tuzilmalari kiradi.
Bundan tashqari, uyushmaning vazifa va funksiyalari keyinroq tashkil etilgan Ipakchilik va jun sanoati qo‘mitasiniki bilan deyarli bir xil. Sohani boshqarishda mahalliy hokimiyatlar ham chekada qolmagan – ular pilla yetishtirish bo‘yicha rejalarning bajarilishiga mas’ul qilingan bo‘lib, ma’muriy majburlov bilan shug‘ullanadi – pilla yetishtirish rejasini fermerlar o‘rtasida taqsimlab, bajarilishini nazorat qiladi.
Ipakchilikni boshqarishning yana bir bo‘g‘ini – ipakchilik klasterlari. Ular rasman xususiy tijorat tashkilotlari hisoblanadi, ammo negadir davlat qarori bilan tuziladi, ular ham fermer xo‘jaliklari o‘rtasida pilla yetishtirish bo‘yicha rejalarni majburiy taqsimlashda ishtirok etadi, “O‘zipaksanoat” kvazidavlatuyushmasining majburiy a’zolari hisoblanadi, uyushmaga a’zo sifatida imtiyoz va preferensiyalar oladi. Uyushma tarkibida sohaga ixtisoslashgan 74 ta tijorat tashkiloti, xususan klasterlar bor.
Klasterlar to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki “Agropilla” uyushmasining tuman bo‘limlari orqali, mahalliy hokimiyat va turli “jamoat tashkilotlari”ning yordamida fermerlar bilan shartnomalar tuzadi, fermerlar esa mahalliy aholi va fermer xo‘jaliklari ishchilariga ipak qurti urug‘i tarqatadi, o‘z oilalarida ham pilla yetishtiradi. Bundan tashqari, pilla urug‘i MFYlar va bandlik agentliklari orqali kam ta’minlangan oilalarga to‘g‘ridan to‘g‘ri tarqatiladi.
Endi sohani boshqarayotgan shaxs haqida...
Ipakchilik va jun sanoati qo‘mitasiga (dekabr oyida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuriga o‘tkazilgan) tashkil qilinganidan beri unga Bahrom Sharipov raislik qilib keladi. Bu odam shu yil fevral oyigacha parallel ravishda “O‘zbekipaksanoat” uyushmasini ham o‘zi boshqarib kelgan.
Soha va Bahrom Sharipov shaxsini o‘rganish jarayonida biz qiziq faktlarga duch keldik.
Ipakchilik sohasi deyarli shaxsiy monopoliyaga qarab ketayotganga o‘xshaydi. Butun boshli tizimni “qo‘lida ushlab” kelayotgan Bahrom Sharipov o‘zbek ipagidan “o‘rgimchak to‘ri” to‘qib olgan desak adashmagan bo‘lamiz. Buni u va uning yaqinlari nomida bo‘lgan firmalar misolida ham ko‘rish mumkin.
Gapning boshida davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi qonunchilikda taqiqlanganini esga olamiz. Ammo qonunning bu talabi Bahrom Sharipovga taalluqli emas ko‘rinadi. U Ipakchilik va jun sanoati qo‘mitasi raisi bo‘lgan holda bir nechta MChJ rahbari va ta’sischiligini saqlab qolmoqda.
Ochiq manbalarga yuzlanamiz. Bahrom Sharipov, davlat xizmatchisi bo‘laturib, Surxondaryo viloyatining Angor tumanida ro‘yxatdan o‘tgan “Karomat-Oyijon-Surxon” fermer xo‘jaligiga rahbarlik qilib kelmoqda.
Shuning barobarida qo‘mita raisi “1001 Nighs” MChJning 50 foiz ulushiga ham egalik qiladi. Faoliyat turi mehmonxonalar va shunga o‘xshash yashash joylari bo‘lgan mazkur MChJ 2019 yilda Buxoro shahrida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Bahrom Sharipovning biznes tuzilmalari asosini uning turmush o‘rtog‘i hisoblangan Sayyora Sharipova nomida ochilgan firmalar tashkil qiladi. Oila bekasi bir emas, ikki emas, o‘ndan ortiq MChJlarda ulushdor.
Jumladan, Sayyora Sharipova ipakchilikka ixtisoslashgan jamiyatning egasi ekani e’tiborni tortadi. Qo‘shma korxona shaklidagi “Silk Road-Tex” MChJning 74,40 foiz ulushiga bevosita u egalik qiladi. Ustav fondi 1 mln AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan korxona ip gazlama ishlab chiqarish faoliyat turiga ixtisoslashgan. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi mansubligida "O‘zbekipaksanoat" uyushmasi degan yozuv turadi.
Faoliyat turi jun tolalarini tayyorlash va yigirish bo‘lgan “Inter Silk Pro” MChJning 82,50 foiz ulushiga ham Sayyora Sharipova egalik qiladi. Ushbu MChJning ustav kapitali qariyb 7,5 mlrd so‘m. Bu korxonada ham “O‘zbekipaksanoat” uyushmasiga begona emasligini ko‘rsatuvchi belgi qo‘yilgan.
51,90 foiz ulushi Sharipovaning “qo‘lida” bo‘lgan navbatdagi MChJ – “Huashen Silkworm Pro”. Faoliyat turiga ko‘ra, bu MChJ ipak qurtini ko‘paytirish bilan shug‘ullanadi. Davlat reyestrida bu firmaning ham “O‘zbekipaksanoat” uyushmasiga aloqador ekaniga oid belgi bor.
2021 yilda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan, faoliyat turi to‘qilgan va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘lgan “Dream Silk” MChJning 98 foiz ulushi ham rasman soha rahbarining rafiqasiga qarashli.
Shuningdek, Sayyora Sharipova ipakchilik sohasiga aloqador “Surxon Ipagi” MChJ (95,20 foiz) va “Dream Silk-Textile” ishlab chiqarish kooperativi (33,40 foiz) kabi tadbirkorlik sub’yektlariga ham egalik qiladi.
Sharipovlar oilasi atrofida aylanadigan ismlardan biri – Dildora Adinayevadir.
Tahririyatda bu shaxs Bahrom Sharipovga kim bo‘lishi haqida ma’lumot yo‘q. Ammo uning ismi-sharifi Sayyora Sharipova bilan ayrim MChJlarda hamta’sischi sifatida kesishadi. Adinayeva ipakchilikka aloqador “Saxovat Ipak Servis” MChJ (44,3%), “Andijan Silk Co” MChJ (100%), “Dream Silk-Textile” ishlab chiqarish kooperativi (33,3%), “Ipak Qurti Urug‘I” MChJ (1,3%), “Denov Dream Silk” ishlab chiqarish kooperativi (33,3%) kabi bir nechta tadbirkorlik sub’yektlarida ulushlarga egalik qiladi.
Bahrom Sharipovga borib taqalishini taxmin qilish mumkin bo‘lgan zanjirda yana ikki shaxs bor: Bahromov Mashrabshoh Bahrom o‘g‘li hamda Bahromov Botirbek Bahrom o‘g‘li.
Ushbu shaxslar kim ekani haqida aniq ma’lumotimiz yo‘q. Biroq ular ismi-sharifi hamda yuqorida nomlari zikr etilgan Sayyora Sharipova va Dildora Adinayevalar bilan ko‘plab firmalarda hammuassislik ekani inobatga olinsa, katta e’timol bilan qo‘mita raisi Bahrom Sharipovga begona emas.
Mashrabshoh Bahromov esa “Denov Dream Silk” ishlab chiqarish kooperativida Dildora Adinayeva bilan 33,30 foizdan teng ulushga ega. Shuningdek, u Sayyora Sharipova bilan “Surxon Ipagi” MChJda ulushdor.
E’tibor qaratilsa, Bahrom Sharipovning atrofidagi shaxslar rahbarligida oxirgi yillarda ro‘yxatdan o‘tkazilgan firmalarning aksariyati ipakchilik, jun tolalari, trikotaj mahsulotlari tayyorlash kabi faoliyat turlari bilan shug‘ullanadi. “Denov Dream Silk” hamda “Dream Silk-Textile” ishlab chiqarish kooperativlari, “Surxon Ipagi” va “Andijan Silk Co” MChJlari shular jumlasidan.
Ushbu jadvalga B.Sharipovga aloqadorligi taxmin qilingan shaxslarning ipakchilik sohasiga oid korxonalaridan ayrimlari jamlangan. Bu shaxslarga o‘zaro bog‘lanadigan, ammo faoliyat turi boshqa bo‘lgan yana o‘nlab korxonalar ham mavjud.
2022 yil dekabrida prezident topshirig‘i bilan kelgusi yilda (ya’ni 2023 yilda) pilla yetishtiruvchilarning manfaatdorligini oshirish maqsadida ushbu sohaga ham erkinlik berilishi, yetishtirilgan pilla aholidan jahon birjalaridan kam bo‘lmagan narxda xarid qilinishi belgilangan edi. Ammo afsuski, bunday bo‘lgani yo‘q.
So‘ngso‘z
Bozor iqtisodiyotidan yaxshiroq iqtisodiyot o‘ylab topilmagan – aynan talab-taklifga, moddiy manfaatdorlikka yastangan iqtisodiyot samarali ekani o‘z isbotini topib bo‘lgan. Faqat moddiy manfaatdorlik deganda, moddiy manfaatni davlat bergan vakolatlardan foydalangan holda, jamiyat manfaatini chekkaga surib qo‘yib topish nazarda tutilmaydi.
Shokir Sharipov
P.S. Ipakchilikka mas’ul qo‘mita va uyushma vakillari biz bilan uchrashuvda Bahrom Sharipov aslida tadbirkor bo‘lgani, ipakchilik yo‘nalishida tadbirkorlik faoliyati bilan soha rahbarligiga kelgunga qadar ham shug‘ullanganini ma’lum qildi. Ammo surishtiruvda tug‘ilgan savollarga javob berilmadi.
Mavzuga oid
12:39 / 15.02.2024
Antikorrupsiya agentligi xodimlari 2023 yilda qanday sovg‘alar olgani ma’lum qilindi
22:20 / 31.01.2024
Mansabdor shaxslar jinoyatchiligi bo‘yicha raqamlar ochiqlandi
12:49 / 05.12.2023
Daromad bo‘yicha deklaratsiya topshirishdagi davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi
15:41 / 24.11.2023