O‘zbekiston | 01:03 / 28.01.2017
9080
3 daqiqa o‘qiladi

«Yangiariq tekstil» yiliga 6 million dollarlik mahsulot eksport qiladi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev xalq bilan muloqot qilish va joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol bilan yaqindan tanishish maqsadida 27 yanvar kuni Xorazm viloyatiga safar qildi. U tashrifi chog‘ida Yangiariq tumanida tashkil etiladigan ip-gazlama ishlab chiqarish korxonasi loyihasi bilan tanishdi. Avvalgi “Yangiariq tekstil” mas'uliyati cheklangan jamiyati binosida ish boshlaydigan yangi korxonada yiliga qariyb 20 million kvadrat metr mahsulot ishlab chiqarish, 6 million dollarlik mahsulot eksport qilish, 150 ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan, deb yozadi O‘zA agentligi. 

Shu tumanda yana bir istiqbolli loyiha – zamonaviy tipdagi chorvachilik kompleksini ishga tushirish mo‘ljallanmoqda. Xalq banki krediti asosida “Tillo domor” xususiy korxonasi tomonidan tashkil etiladigan ushbu majmuada 2 ming bosh qoramol boqish, yiliga 4 ming 100 tonna sut, 200 tonna go‘sht tayyorlash rejalashtirilgan. Kompleksda 90 ga yaqin ish o‘rni yaratiladi.

“O‘zbekneftgaz” kompaniyasi tomonidan tashkil etilayotgan plastmassa zavodi loyihasi ham namoyish etildi. Bu yerda 3,5 ming tonna polietilen va polipropilen granulalarini qayta ishlash asosida turli sig‘imli suv idishlari, shuningdek, yashik va qutilar ishlab chiqarish mo‘ljallanmoqda. 

Prezidentimiz ushbu loyihalarning rentabelligi bilan qiziqdi. Bunday korxonalarni boshqa tumanlarda ham tashkil etish, odamlarni ish bilan ta'minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. 

Shavkat Mirziyoyev Xorazmga tashrifi doirasida Bog‘ot tumanida 200 gektar maydonda tokzor tashkil etish loyihasi bilan tanishdi. “O‘zvinosanoatxolding” xolding kompaniyasi tizimidagi “Xorazm uzumi tayyorlov savdo” mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan barpo etiladigan bog‘da yiliga 3 ming tonna uzum yetishtirish, 210 kishini ish bilan ta'minlash ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 200 gektar maydonda gurvak, kichkintoy, gulobi, zar gulobi kabi eksportbop qovun navlari ekish rejalashtirilgan. 

Bog‘ot tumani Mirishkor qishlog‘idagi xonadonlarda issiqxona tashkil etib, limon, yong‘oq, pomidor, bodring kabi xaridorgir mahsulotlar yetishtirish borasida olib borilayotgan ishlarga ham e'tibor qaratildi. 

 

Mavzuga oid