Energetika sohasi mutasaddilari ma’lum qilishicha, ushbu qaror «O‘zgidromet» tomonidan taqdim etilgan ob-havo prognozlari asosida qabul qilingan. Unga ko‘ra, mart oyining dastlabki o‘n besh kunida mazkur hududlarda havo haroratining me’yordan past bo‘lishi kutilayotgani qayd etilgan.

Aholini qo‘llab-quvvatlash, uy-joylarni barqaror isitish imkoniyatini ta’minlash hamda qo‘shimcha moliyaviy yuklamani yumshatish maqsadida prezident topshirig‘iga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tegishli qaror qabul qilingan.

Ma’lumki, isitish mavsumi davrida belgilangan bazaviy me’yor doirasida iste’mol qilingan tabiiy gaz uchun to‘lovlar amaldagi tariflar bo‘yicha hisoblanadi. Mazkur me’yordan ortiqcha sarflangan hajm esa belgilangan tartibda yuqori tarif asosida to‘lanadi. Shu bois, bazaviy me’yorning uzaytirilishi aholi uchun qo‘shimcha yengillik yaratadi.

Mutaxassislar aholini xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilish, gaz jihozlaridan to‘g‘ri va tejamkor foydalanishga chaqirmoqda.