Toshkent tumanida it yosh bolani o‘ldirib qo‘yay dedi. Uning egasi 370 ming jarima bilan qutulib ketadi
Onasi va opasi bilan ketayotgan bolakayga bahaybat it tashlanib, bo‘yniga jarohat yetkazgan. Yaxshiki, holatni yo‘ldan o‘tayotgan yo‘lovchilar ko‘rib qolib, yordamga kelgan va itni haydab yuborgan. Bu kabi holatlar uy hayvonlarini boqayotgan fuqarolarning mas’uliyatini oshirish uchun javobgarlikni kuchaytirish zarurati borligini ko‘rsatmoqda.
Toshkent tumanida it yosh bolani taladi. Holat 16 oktyabr kuni soat 07:35 larda tumanning Sabzavot mahallasida sodir bo‘lgan.
Onasi va opasi bilan ketayotgan yosh bolaga kutilmaganda katta it tashlanib qolgan. U bolani yiqitib, ustiga chiqib olgan holda talay boshlagan. Onaning esa uni haydashga kuchi yetmagan.
Shu paytda yo‘ldan Damas avtomobilida o‘tib ketayotgan yo‘lovchilar yordamga kelib, itni haydashgan.
“Odamlar hayvonlariga juda ehtiyot bo‘lishlari lozim. Bunday holatlar jiddiy oqibatlarga olib borishi mumkin. Kecha mahalla profilaktika inspektoriga murojaat qilganimda it egasiga nisbatan faqatgina 370 ming so‘m jarima undira olishini, bundan ortig‘ining iloji yo‘qligini bildirdi”, dedi Kun.uz’ga bolaning otasi.
Ta’kidlash joiz, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 110-moddasi (it va mushuk boqish qoidalarini buzish) 2-qismiga ko‘ra, aholi punktlarida it va mushuk boqishning qoidalarini buzish fuqarolarning sog‘lig‘iga zarar yetishiga olib kelsa, fuqarolarga BHMning ikkidan bir qismidan bir baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa bir baravaridan ikki baravarigacha miqdorda jarima qo‘llanadi.
Yaxshiki, bolaning jarohatlari jiddiy emas. Ammo shu hodisada jiddiyroq oqibat keltirib chiqarsa nima bo‘lardi? Afsuski, oqibati har qancha jiddiy bo‘lmasin itni egasi o‘sha arzimas jarima bilan qutulib qolaveradi.
Jinoyat kodeksida hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish uchun javobgarlik bor. Biroq hayvonlarning (shu jumladan uy hayvonlarining) odamlarga nisbatan shafqatsizligi uchun ularning egalariga nisbatan hech qanday jazo yo‘q. Shunday ekan, uy hayvonlarini boqayotgan fuqarolarning mas’uliyatini oshirish uchun javobgarlikni kuchaytirish haqida o‘ylab ko‘rish foydadan xoli bo‘lmaydi.
Mavzuga oid
14:32 / 16.11.2024
AQShda juftlik to‘yi uchun to‘plagan pullarni uysiz itning operatsiyasiga sarfladi
16:47 / 29.10.2024
Hindistonlik biznesmen deyarli butun boyligini itiga meros qoldirdi
15:54 / 29.10.2024
Toshkent tumanidagi qariyb 43 ming xonadonda noma’lum muddatga gaz o‘chiriladi
23:40 / 09.10.2024