«Angren» ko‘mir konidan reportaj: Sifatli ko‘mir qanday qazib olinadi?
O‘zbekistonda qazib olinadigan ko‘mirning 85 foizi «Angren» ochiq koni hissasiga to‘g‘ri keladi. Xo‘sh, bu yerda ko‘mir qanday qazib olinmoqda, uning sifati qay darajada?
Shu savollarga javob olish maqsadida «Angren» ko‘mir havzasiga OAV uchun media-tur tashkil etildi.
«Angren» - bu qalinligi 60 metrgacha va chuqurligi 130dan 150 metrgacha bo‘lgan ko‘mir koni bo‘lib, ko‘mir qatlamlariga yetish uchun xavfsizlik choralariga rioya etgan holda to‘g‘ri harakat qilish kerak. Zero, ko‘mirni ochiq usulda qazib olishda katta miqdordagi tog‘ jinslarini olib tashlash, ya'ni ustki qatlamni ochish, turli ko‘chkilarga yo‘l qo‘ymaslik talab qilinadi.
Media-tur davomida ko‘mir qaizb olish jarayoni bilan bevosita tanishdik. U yerda ishlab, mehnat qilayotgan insonlar bilan suhbatlashdik.
«Hozir konda qazib olish jarayoni 250 metr chuqurlikda olib borilmoqda. Buning uchun barcha zarur texnikalar jalb etilgan. Maxsus ekskavatorlar elektr toki orqali ishlaydi. Ko‘mir konida ish to‘xtovsiz davom etadi. Hozirda konda bir kunda 10-12 ming tonnagacha ko‘mir qazib olinmoqda», – deydi «Angren» ko‘mir koni bosh energetigi Farrux Otajonov.
Shundan so‘ng ko‘mir qazib olinayotgan maydonga bordik. 200-220 metr chuqurlikda ekskavatorlar bilan ko‘mir olinib, «Belaz» rusumli yuk mashinalarida tashilmoqda. Maxsus tashilgan joydan ishchilar ko‘mirni saralab, toshlarini olib tashlashmoqda. Mayda ko‘mir parchalari yuqoriga maxsus moslamada chiqarilmoqda.
Media-tur davomida jurnalistlar ko‘mir qatlamini ochish va qazib olish, saralash jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.
Ma'lumki, ko‘p hollarda sifatli ko‘mir sifatsiz xomashyo (ko‘mir kukuni) bilan aralashtirib yuborilar va shu holda elektr stansiyalariga ham, aholiga ham yetkazib berilar edi. Bu ayniqsa uyini qishda ko‘mir bilan isituvchi xonadon egalarini qoniqtirmasdi. Sababi, ko‘mir kukuni uy pechlarida yaxshi yonmaydi va ko‘mirga qaraganda ancha kam issiqlik beradi.
Ko‘mirning donadorligini ta'minlash ancha murakkab ish. Jigarrang ko‘mir, nisbatan yumshoq bo‘lib, qazib olish, yuklash, tushirish, qayta yuklash jarayonida zarbalardan oson parchalanadi.
Hozirda ushbu kondan yiliga o‘rtacha 1 million tonna kaolin qazib olinmoqda. Bu mamlakatning ushbu cho‘kindi mineralga bo‘lgan ehtiyojini qoplaydi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, respublika budjet tashkilotlari uchun joriy yilning 1 noyabrigacha 405,4 ming tonna, aholi ehtiyojlari uchun 1 dekabrgacha 600 ming tonna ko‘mir yetkazib berish rejalashtirilgan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, respublika ehtiyoji uchun yiliga 6 million tonna ko‘mir kerak. Joriy yilda «Angren» koni ana shu talabning 3 million 700 ming tonnasini qondiradi. Bu esa ehtiyojga yarasha ko‘mir qazib olish uchun ochiq konda ko‘mir ustki qatlamini ochishni jadallashtirishni taqozo etadi.
Mavzuga oid
14:36 / 13.11.2024
Imtiyozli narxlarda tarqatilishi lozim bo‘lgan ko‘mirni sotayotgan shaxslar ushlandi
10:02 / 19.10.2024
Surxondaryoda aholiga tarqatilishi kerak bo‘lgan 1 400 tonna ko‘mir talon-toroj qilindi
22:40 / 07.10.2024
Angrenda ko‘mir koni kengaytirilishi sabab uylari ko‘chgan yoki buzilgan aholiga 60 mlrd so‘mdan ortiq pul to‘lanadi
12:08 / 27.09.2024