Toshkent shahrining Yunusobod tumanida yashovchi Saidabuvi Jo‘rayevadan kelib tushgan murojaatning qisqacha mazmuni quyidagicha:

“Toshkent shahar hokimining 2018 yil 29 yanvardagi “Yer maydonida obodonlashtirish va buzish ishlarini olib borish haqida”gi 146-sonli va Yunusobod tumani hokimining 2018 yil 31 yanvardagi 235-sonli qarorlariga asosan, menga tegishli bo‘lgan Yunusobod tumani Yangi shahar va Chinobod ko‘chasida joylashgan 264-sonli uy-joyim buzilish hududiga tushib, 790 kv.m.li hovlimda 7 xonali uy-joyim buzildi. Buzish uchun tuman hokimi va tayinlangan komissiya kelib, uy-joyim o‘rniga Yunusobod tumani, 8-mavze, Farog‘at 1-tor ko‘chasi bo‘ylab, maydoni 400 kv.m. bo‘lgan 2-sonli yer uchastkasi ajratilishini bildirdi va qo‘shimcha kvartira ajratish masalasida Toshkent shahar hokimidan ruxsat olib berish va'da qilindi.

Yuqorida aytilgan 2-sonli yer uchastkasini tuman yer tuzish va kadastr xodimlari olib chiqib ko‘rsatishganda u joy menga ma'qul bo‘ldi. Shundan so‘ng o‘g‘lim, kelinim va uch nafar nevaramning hozirda uy-joyi yo‘qligi sababli qo‘shimcha ravishda kvartira ajratish sharti bilan yuqoridagi yer uchastkasini olishga rozilik arizasi berdim. “Ertaga, indinga, shu hafta” degan va'dalar bilan oradan 7 oy o‘tib tumanga yangi hokim tayinlangandan so‘nggina qaror chiqdi.

Lekin bizga tuman yer tuzish va kadastr xodimlari olib borib ko‘rsatgan joy emas, umuman boshqa joy ajratilgan ekan. Bu ajratilgan yer uchastkasi faqatgina tomorqa qilib, bog‘ sifatida foydalanishga yaraydi, chunki u yer uchastkasi ko‘p qavatli uyning shundoqqina tagida joylashgan, bir tomoni pastlikka to‘g‘ri kelib qolgan. Tabiiyki biz bu yerni olishni rad qildik. O‘g‘lim 3 nafar voyaga yetmagan farzandlari bilan 1 yil davomida ijarada yashadi, shundan so‘ng tumanimiz hokimi yerga chiqarilgan qarorni bekor qilib, bitta 3 xonali va bitta 2 xonali kvartira ajratish bo‘yicha tuman mutasaddilariga topshiriq berdi.

Kvartira ajratish masalasi 2021 yilning 1-choragiga qadar ham hal bo‘lmadi. Uch yildan ortiq davr ichida biz murojaat qilmagan idora qolmadi, desak bo‘ladi. 2018 yil qaror kutish bilan, 2019 yil idora tashkilotlarga shikoyat arizalari yozib, rasmiy javoblar olish va tuman hokimiyatida tortishuvlar bilan o‘tib ketdi. 2020 yil pandemiya va karantin bo‘lganini vaj qilib, ishlarimiz yechim topmadi. Bizning xatomiz tuman hokimligining va'dalariga ishonib, uy-joyimizni buzishlariga rozi bo‘lganimiz bo‘ldi, “Oldin bizga bering, keyin biz beramiz” qabilida ish tutganimizda, uch yildan ortiq sarson-sargardonlikda yurmagan bo‘lar ekanmiz.

Shu davr ichida Yunusobod tumanida uch marta hokim o‘zgardi, hokimlikning hozirgi xodimlarining ham aksariyati yangi kelgan. Tumandagi mutasaddi tashkilot rahbarlari ham almashib ketganligi sababli mening uyim buzilishi jarayonida qatnashgan rahbar va ishchi xodimlar, menga va'da bergan insonlar hozir umuman boshqa ishga o‘tib ketgan yoki boshqa joylarda. Bugungi kundagi rahbar va ishchi xodimlar bu narsalardan bexabarligi ishimizni ortga suryapti, kerak bo‘lganda zarur hujjatlarni topish, nusxa olish ham qiyin bo‘lyapti.