Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Iroqda diktator Saddam Husaynni iliq xotiralar bilan yodga olishmoqda
2003 yil 10 aprel kuni Iroq poytaxti Bag‘dod shahri aholisi yangi davrda uyg‘ondi, deyish mumkin. Bir kun avval, ayovsiz janglardan toliqqan amerikalik askarlar shaharni nazoratiga olishgan edi. Mahalliy aholi shahar bo‘ylab Saddam Husaynga o‘rnatilgan haykallarni vayron qilar, uning suratlari tahqirlanar edi. Saddam “podshoh” bo‘lgan davlat ikki haftada qulab, yaqingina diktatorga sodiqlik bo‘yicha qasamyod qilganlar birinchilardan bo‘lib haykallarni buzuvchilar bo‘ldi.
«To‘g‘risini aytganda, Saddam davrida hozirgidan yaxshiroq bo‘lgan edi, — deb yozadi Financial Times muxbiri o‘tgan yili Bag‘dod ko‘chalaridan birida qulog‘iga chalingan suhbatdan parcha keltirar ekan. — Hozir nima bo‘lyapti? Bizda iqtisodiy inqiroz, IShID hamda poraxo‘r rahbarlar son mingta».
Husayn davrini sog‘inganlar ko‘p
Aytish joizki, bugungi kunda Husayn davrini qo‘msaydigan iroqliklar ko‘pchilikni tashkil etadi. Atigi 14 yil muqaddam uning ketishini orzu qilganlar Saddam hukumat tepasida qolganida mamlakat fuqarolik urushi degan baloni chetlab o‘tishini aytishadi. Saddam Husayn oddiy iroqliklar orasida tartibsizliklarga chek qo‘ya oladigan qattiqqo‘llik timsoli bo‘lib bormoqda. Buning esa o‘ziga xos sabablari bor. Saddam Husayn yovuzlik uchun yovuzlik sodir etuvchi deb tanishtirilganlar xilidan farq qilar edi.
Hayoti va siyosatdagi ilk qadamlari
Saddam Husayn Abdulmajid al-Tikritiy 1937 yilda cho‘pon oilasida dunyoga kelgan, ammo Angliya-Iroq urushi qatnashchisi bo‘lgan amakisi qo‘lida voyaga yetgan. Aynan u Saddamning tabiati shakllanishida asosiy o‘rin tutgan hamda yosh Saddamga yaqinlari va qarindoshlari bilan mustahkam aloqada bo‘lish foydasini singdirgan. U umrbo‘yi o‘z yaqinlariga tayandi, suyandi.

Ammo, ta'kidlash joizki, Saddamni hokimiyat tepasiga yaqinlari emas, partiya olib keldi. Yosh Husayn o‘sha vaqtlarda mashhur bo‘lgan «Baas» — Arab ijtimoiy uyg‘onish partiyasiga a'zo bo‘ldi. Saddam harbiy iqtidori va shaxsiy jasurligi sabab tezda yuqoriladi.
Husayn Iroqda vitse-prezident
Iroq prezidenti Abdulkarim Qosimga nisbatan uyushtirilgan, ammo muvaffaqiyatsizlikka uchragan suiqasd uni taniqli shaxsga aylantirdi. Shundan so‘ng, Suriyaga qochgan Saddam 4 yil o‘tgach, Qosim tuzumi qulagach, vataniga qaytdi va siyosat oqimiga qo‘shildi. Uning yorqin ma'ruzasi «Baas» partiyasi yetakchisi Mishel Aflak e'tiborini qozondi. Mishelning qo‘llab-quvvatlashi Saddamni partiyaning xavfsizlik xizmati rahbariga aylantirdi. Bundan tashqari, Saddamning o‘ziga xos sovuqqonligi va jasurligi, siyosatchi sifatidagi iqtidori partiyadagi obro‘sini oshirdi. 1968 yildagi navbatdagi davlat to‘ntarishidan so‘ng, hukumatni qo‘lga olgan partiya a'zosi bo‘lgan Saddam mamlakatdagi ikkinchi muhim shaxs, vitse-prezident lavozimini egalladi.

Kelgusi bir necha yillar mobaynda Saddam etnik, ijtimoiy va diniy ko‘rinishlariga ko‘ra parchalangan Iroqni birlashtira olgan siyosatchi sifatida dong taratdi. Bunda u rag‘batlantirish va jazolash qoidasini o‘z o‘rnida qo‘llay bildi.
Isyonlarni shafqatsiz bostirish va YuNeSKO
Neftning 1973 yildagi energetika inqirozidan so‘ng qimmatlashgani, neft sanoatini mahalliylashtirgan Iroqqa pul oqimini kuchaytirdi. Buning oqibatida partiya hukumati bepul tibbiy xizmat va ta'limni joriy qildi, fermerlar ziyonini qopladi, armiyani kuchaytirdi va o‘z tarafiga og‘dirdi. Mamlakat bo‘ylab yo‘llar barpo etildi, elektr toklari o‘tkazildi, sanoat va iqtisodiyot katta sur'atlarda o‘sdi. Iroq barcha jabhada yetakchiga aylana bordi. Fuqarolar turmush darajasi shunchalik yuqoriga chiqdiki, 1982 yilda Saddamga YuNeSKOning maxsus mukofoti topshirildi.
Shu bilan birga, Saddamning qattiqqo‘lligidan norozi bo‘lganlar qamalishi yoki osib o‘ldirilishi mumkin edi. Umuman, uning boshqaruvi davrida ichki terrordan kamida 250 ming kishi o‘lgani taxmin qilinadi.
Yakkahokim Saddam Husayn
Asta-sekinlik bilan hokimiyatni o‘z qo‘lida birlashtirgan Saddam 1970 yillar o‘rtalaridan amalda mamlakatni boshqarib keldi. 1979 yilda Suriya bilan birlashishni istagan prezident Al Bakrani qonsiz ag‘darishi ham fikrimiz isboti bo‘la oladi. Davlat to‘ntarishidan so‘ng, o‘ziga qarshi bo‘lgan yuzlab partiyadoshlarini o‘ldirishga buyruq berdi.

Saddam, dastlabki vaqtlarda tashqi siyosatda ham barchasini to‘g‘ri bajarishga intildi. U Eron bilan kelishib, kurd milliy-ozodlik harakatini bostirishga erishdi. Ayrim ziddiyatli hududlardan voz kechish, oyatulloh Xomeyni va tarafdorlarini mamlakatdan chiqarib yuborish evaziga Tehron kurd isyonchilarini qo‘llab-quvvatlamadi. Husayn bilan sobiq sovetlar mamlakati ham Vashington ham birdek yaxshi munosabatlar o‘rnatishga urindi. Bundan tashqari, uning hadya ulashishni xush ko‘rishi ko‘plab mamlakatlar bilan hamkorlik qilishiga yordam berdi.
Iroq-Eron urushi: mag‘lubiyatga teng bitim
Qayd etish kerak, 1979 yil qo‘shni Eronda hokimiyatni oyatulloh Xomeyni tarafdorlari egallaganidan so‘ng, inqilobning Iroqqa ham ko‘chishidan xavfsiragan Saddam Tehron bilan diplomatik munosabatlarni uzdi hamda fursatdan foydalanib, Xuzistonga bostirib kirdi va uni Iroqning ajralmas qismi deb e'lon qildi.
Husayn oyatulloh hukumati tezda qulaydi, deb o‘ylab xato qilgan edi. Biroq Saddamni Fors ko‘rfazining arab mamlakatlari qo‘llab-quvvatladi. Ular ham Eron Islom inqilobining tarqalishidan xavotirlanishdi. Sovet ittifoqi Bag‘dodni qo‘llab-quvvatlamadi, aksincha qurol-aslahalarni ikki tomonga ham sotdi.

1984 yilda AQSh Iroqqa yordam bera boshladi. Vashington Eron g‘alabasi mintaqa barqarorligiga rahna soladi, degan xulosaga kelgan edi. Prezident Reygan Iroq bilan savdo cheklovlarini bekor qildi. Pentagon iroqliklarga sun'iy yo‘ldosh suratlarini taqdim etgan bo‘lsa, GFR va AQSh firmalari kimyoviy qurol ishlab chiqarish texnologiyalarini yetkazib berdi. Ommaviy qirg‘in quroliga ega bo‘lib olgan Saddam eronliklar va isyon ko‘targan kurdlarni qirg‘in-barot qildi.
Iroq qo‘poruvchilikni qo‘llab-quvvatlaydigan davlatlar ro‘yxatidan chiqarildi. Keyinchalik, bu holatni AQShning o‘sha vaqtdagi mudofaa vaziri yordamchisi Noel Kox Husaynning Eronni mag‘lub etishini juda ham xohlaganliklari bilan izohladi.
Ammo, iroqliklar g‘alaba qozona olmadi. Eron iqtisodiyoti urush tufayli parokandalikka yuz tutmadi. 1988 yilda imzolangan shartnomaga muvofiq, Iroq urushdan chiqdi. Lekin, deyarli mag‘lub bo‘lgan edi. yuz minglab o‘ldirilgan harbiylar, front yaqinidagi neftga boy tumanlarning vayron bo‘lgan infratuzilmalari, ulkan qarzdorlik. Mamlakatni tiklash uchun katta miqdorda mablag‘ zarur edi.
Bo‘g‘zigacha qarzdor Iroq navbatdagi urush sababchisi
Husayn bunday mablag‘ni mittigina qo‘shni mamlakatdan topa oldi. Quvayt amirligi o‘tgan yillar mobaynida Bag‘dodni 30 mlrd dollarga qarzdor qilib qo‘ygandi. Biroq, Saddam qarzlardan voz kechishni iltimos qilganida, quvaytliklar ham bo‘sh kelmadi. Bundan tashqari, ular net narxini oshirish maqsadida qora oltin qazib olish hajmini qisqartirishga ham rozi bo‘lishmadi. Shundan so‘ng, Bag‘dod Quvayt Iroqning baxtli tasodif tufayli neftga boy bo‘lgan va ajralib qolgan viloyati, degan xulosaga kelishdi. Shundan ekan, uni vataniga qaytarish lozim. 1990 yil 2 avgustda Saddam qandaydir inqilobchilarni qo‘llab-quvvatlash bahonasida Quvaytga bostirib kirdi. 4 avgust kuni «ozod Quvaytning muvaqqat hukumati shakllantirildi». 4 kundan keyin esa, Quvaytning Iroqqa qo‘shilgani e'lon qilindi.

Saddam bu harakatini AQSh qo‘llab-quvvatlaydi, degan xom xayolga borgan edi. Saudiya Arabistoni Quvayt tarafini olgan bir vaziyatda amerikaliklar Bag‘dod siyosatini yoqlashi dargumon edi. O‘sha vaqtdagi ikkinchi buyuk davlat SSSR ham Quvayt bilan yaxshi munosabatlarda bo‘lgani sababli Iroqqa qarshi chiqdi. Shu sababli, Varshava shartnomasi mamlakatlari tarixda ilk marotaba NATO kuchlari bilan birgalikda agressor mamlakatga qarshi kurashga otlandi.
Saddamning arab dunyosi fikrini o‘zgartirishga qaratilgan qator urinishlari samara bermadi. Iroq armiyasi yashin tezligida tor-mor etildi, mamlakat kimyoviy va biologik qirg‘in qurollaridan ayrildi. Shunga qaramay, Husayn hokimiyat tepasida qoldi.
Saddam bu urushdan so‘ng, mag‘lubiyat alamini isyon ko‘targan kurdlar va shialardan oldi. Saddam, shuningdek, ko‘rfazdagi urushda o‘zini g‘olib deb e'lon qildi, chunki u deyarlibutun dunyo yopirilib kelganiga qaramay, hokimiyatni saqlab qolgan edi. Ayni shu narsa, uni dohiylikka ko‘tardi. Saddam suratlari va haykalari mamlakatni to‘ldirdi, shifoxonalar, maktablar va universitetlar uning nomi bilan ataldi. Uning vakolatlarini kengaytirishga doir ikkita referendumda yuksak natijalar qayd etildi. Ammo, mamlakat iqtisodiyotiga havas qilib bo‘lmas edi. Sanktsiyalar tufayli odamlar och qolar, osmondan vaqti-vaqti bilan amerikaliklar bomba yog‘dirib turishardi. Vashingtonning bosh maqsadi Saddamni o‘z xalqi ag‘darishiga sharoit yaratishdan iborat edi.
Saddam Husayn nochor ahvolda topildi
Hammasi 2003 yilda poyoniga yetdi. Avvalroq, 2002 yilda AQSh prezidenti Jorj Bush kichik Iroqni «yovuzlik manbalari»ga kiritdi. U Bag‘dodni ommaviy qirg‘in qurollari ishlab chiqish hamda terrorchilar bilan aloqada aybladi. 2003 yil martida Rossiya prezidenti Vladimir Putin topshirig‘i bilan Yevgeniy Primakov Bag‘dodga keldi va o‘z xohishi bilan iste'foga chiqishni tavsiya qildi. Saddam bu taklifi rad etdi va qaysarligida davom etdi. 3 kundan so‘ng, amerikaliklar uydirmalar va BMT XK ruxsatisiz Iroqqa bostirib kirdi. Bir necha haftadan so‘ng, tuzum quladi. Saddam Husayn davriga chek qo‘yildi. Iroq armiyasi parokanda bo‘lib ketdi.

Saddam Husaynning o‘zi 2003 yil dekabr oyida ona shahri Tikrit yaqinida topildi va 2006 yil 30 dekabrda, garchi u bir necha marotaba otishlarini talab qilgan bo‘lsa-da, osib o‘ldirildi. Saddam saroyi talon-taroj bo‘ldi.
Mavzuga oid
18:39 / 19.01.2026
AQSh Iroqdan qo‘shinlarini olib chiqish jarayonini yakunladi
15:59 / 16.01.2026
“Boj to‘lovlari yuqori bo‘lmaydi” – O‘zbek-Iroq biznes forumida nimalar muhokama qilindi?
12:34 / 15.01.2026
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari Iroqqa eksport qilinadi
18:10 / 14.01.2026