Iqtisodiyot | 15:59
584
5 daqiqa o‘qiladi

“Boj to‘lovlari yuqori bo‘lmaydi” – O‘zbek-Iroq biznes forumida nimalar muhokama qilindi?

Iroq iqtisodiyoti neftga bog‘liqlikdan chiqish va mavjud infratuzilmani yangilash bosqichida turibdi. O‘zbekiston esa “Markaziy va Janubiy Osiyo bog‘liqligi” konsepsiyasi doirasida yangi bozorlarni qidirmoqda. Toshkent hamda Samarqandda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Iroq investitsiya va biznes forumi ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasini yaqin yillarda 500 million dollarga yetkazish uchun muhim platforma bo‘lishi kutilmoqda.

Forum doirasida 150 dan ziyod iroqlik va o‘zbek tadbirkorlari o‘rtasida B2B uchrashuvlar tashkil etildi. Maqsad sheriklik aloqalarini rivojlantirish, sanoat mahsulotlarini Iroq bozoriga yetkazishni yo‘lga qo‘yish va savdo ayirboshlash hajmini oshirishdan iborat.

“Hozirgi kunda O‘zbekistonning Iroq bozoridagi ulushi juda kichik va bu sanoat salohiyati bilan solishtirganda yetarli emas. Shu sababli biz mamlakatingizdagi yirik zavodlarga bordik. Zavodlar raqobatbardosh mahsulotlarga ega , tovarlaringiz Bag‘dodda o‘z o‘rnini topishiga ishonchim komil”,– deydi Iroq savdo vaziri Atir Davud al-G‘urayri.

Uchrashuvning eng muhim jihati – bu faqatgina oldi-sotdi bilan cheklanish emas, qo‘shma korxonalar tashkil etish hamdir. Xususan, biznes forumda o‘zbekistonlik tadbirkorlarning Iroq davlatida ishlab chiqarish liniyalarini yo‘lga qo‘yishi va iroqlik sarmoyadorlarning O‘zbekiston erkin iqtisodiy zonalariga jalb qilinishi muhokamalarning asosiy mavzusiga aylandi.

“Ushbu konferensiya o‘zbek tadbirkorlari bilan uchrashib, muzokaralar olib borishimizga katta imkoniyat berdi. Bu yerdagi biznes sektori yaxshi rivojlangan. Biz zavodlarni ko‘rdik. Asosiy qiziqishimiz qurilish materiallariga. Shisha, matolar va to‘qimachilik mahsulotlari juda yoqdi. Oziq-ovqat zavodlariga ham bordik, u yerdagi pechenedan tatib ko‘rdim, mazali edi. Biz o‘zbekistonlik investorlarni Iroqqa taklif qilamiz. Ular Iroqni qayta tiklashda bizga yordam berishi kerak, chunki 23 yil davomida mamlakatimiz to‘liq barqaror bo‘lmagan. Ushbu tashrifimiz faqat bir uchrashuv emas, uzoq muddatli hamkorlikning dastlabki qadami bo‘lishiga umid qilaman”, – deydi Iroq Ishbilarmon ayollar huquqlarini himoya qilish jamg‘armasi vitse-prezidenti, tadbirkor Songul Umar Ismoil Chapuk.

O‘zbekistondan Iroqqa mahsulot yetkazishda hozircha jiddiy to‘siqlar mavjud emas, biroq amaliy jihatdan bir qator muammolar uchraydi. Eng asosiy masala – logistika. Ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri transport yo‘nalishlari mavjud emasligi sababli yuklar asosan Eron, Turkiya yoki Kavkaz davlatlari orqali tranzit qilinadi. Bu esa yetkazib berish muddati cho‘zilishi va transport xarajatlari oshishiga olib keladi.

Tranzit davlatlardagi siyosiy yoki bojxona tartib-taomillaridagi o‘zgarishlar ham yuk oqimiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Forum davomida aynan shu masalalar muhokama qilindi. Iroq savdo vazirining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston mahsulotlarini Iroq bozoriga olib kirishda solinadigan boj (import to‘lovi) kam yoki o‘rtacha darajada bo‘ladi, tadbirkorlarga imtiyozlar taqdim etiladi.

O‘zbek mahsulotlari uchun yuqori boj yoki import to‘lovlari mavjud emas. Iroqning deyarli 90% yoki undan ortiq iste’moli import hisobiga qoplanadi. Barcha davlatlardan import hajmi 85 milliard dollardan oshadi. Shu sababli to‘siqlar yo‘q, bojlar o‘rtacha darajada. Masalan, oziq-ovqat sektorida O‘zbekistondan boradigan mahsulotlar uchun bojlar 5% dan oshmaydi. Bundan tashqari, importni qo‘llab-quvvatlash va osonlashtirish bo‘yicha katta imkoniyatlar mavjud, ayniqsa, o‘zbek mahsulotlari uchun”, – deydi Atir Davud al-G‘urayri.

Toshkentdagi biznes forum yakunlangandan so‘ng, iroqlik tadbirkorlardan iborat delegatsiya «Urgut» erkin iqtisodiy zonasi faoliyati bilan yaqindan tanishish, shuningdek, navbatdagi biznes-forumda ishtirok etish maqsadida Samarqandga jo‘nab ketdi. U yerda to‘qimachilik, metallurgiya, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga press-tur tashkil etildi.

“Milliy mahsulotlaringizga bizda qiziqish baland. Narxlar ham boshqa mamlakatlarga nisbatan arzonroq. Mahsulotlaringizni Iroq ichida ishlab chiqarish uchun investitsiya qilish taklifini ilgari suryapmiz va shu bo‘yicha kelishuvlarga erishmoqchimiz”, – deydi Al Wazzan GT and Commercial Agencies kompaniyasi vakili Qays Hamid Hasan.

Mavzuga oid