O‘zbekiston | 16:27 / 25.03.2026
1372
2 daqiqa o‘qiladi

Qurilish sohasida ekologik talablar kuchaytiriladi

“Toza havo” umummilliy loyihasi doirasida energetika va sanoat tarmoqlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Endi qurilish sohasida ham ekologik talablar kuchaytiriladi, deb bayonot berdi Maxsus komissiya. Kuni kecha Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva hamda Ekologiya qo‘mitasi va Maxsus komissiya raisi Aziz Abduhakimov davlat rahbariga ustuvor ekologik choralarni taqdim qilgandi.

2025 yil noyabrda Toshkent shahar hokimligi e’lon qilgan videodan kadr

Ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha Maxsus komissiya “Toza havo” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar haqida axborot berdi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda Toshkent, Navoiy, Farg‘ona, Chirchiq va Termiz shaharlarida havoning ifloslanish darajasi belgilangan me’yordan yuqori bo‘lishi holatlariga – sanoatning o‘sishi, uglerod yoqilg‘ilaridan keng foydalanish, transport vositalari sonining ko‘payishi, tabiiy omillar va nazoratning yetarli emasligi sabab bo‘lmoqda.

Shu sababli 2030 yilga qadar atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar hajmini qisqartirish, sanoat obektlarida tashlamalarni ushlab qolish ulushini oshirish, transportdan chiqadigan zararli moddalarni kamaytirish hamda PM2,5 bo‘yicha me’yordan oshish kuzatiladigan kunlar sonini pasaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Bu borada, “Toza havo” loyihasida energetika va sanoat tarmoqlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Masalan, endilikda qurilish sohasida ham ekologik talablar kuchaytiriladi:

  • yangi quriladigan yirik obektlarni loyihalashtirishda ko‘kalamzorlashtirish darajasini oshirish;
  • qurilish materiallarini yopiq sharoitda saqlash;
  • chiqindilarni maxsus quvur va konteynerlar orqali tushirish;
  • maydonlarni himoya to‘siqlari bilan o‘rash;
  • onlayn kuzatuv kameralarini o‘rnatish kabi talablar belgilanmoqda.

Bu chora-tadbirlar nafaqat ekologik barqarorlikni ta’minlaydi, balki atmosfera tozaligi, aholi salomatligi va shahar infratuzilmasining uyg‘un rivojlanishiga ham xizmat qiladi, deyiladi Maxsus komissiya bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, 23 mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan ustuvor umummilliy loyihalar yuzasidan taqdimot bo‘lib o‘tgan edi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid