Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Islomoboddagi muvaffaqiyatsiz muzokaralar: nega bunday bo‘ldi va buyog‘iga nima bo‘ladi?
Anadolu via Getty Images
Pokiston poytaxtida bo‘lib o‘tgan dastlabki yuzma-yuz muzokaralarda AQSh va Eron delegatsiyalari qandaydir kelishuvga kela olmadi. Vitse-prezident Jey Di Vens Eron tomonidan yon berilishiga erisha olmagani kutilmagan holat emas: muzokaralar boshlanishi arafasida tomonlarning bayonotlarida ziddiyat shu qadar kuchli ediki, muzokaralar mavzusi amalda nima bo‘lishi oxirigacha tushunarsiz qolayotgandi.
Tahlilchilar qayd etishicha, Islomoboddagi muzokaralar ham fevral oyida Jyenevadagi muvaffaqiyatsiz yakunlangan muzokaralar bilan bo‘lgani kabi sxemada boshi berk ko‘chaga kirib qolgan – undan farqi, bu safar Eron yadro dasturiga Tehron qo‘lidagi kuchli qurol bo‘lib chiqqan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ham qo‘shilgan.
Endi Tramp ma’muriyati yoqimsiz variantlardan birini tanlash qarshisida qolgan: Tehron bilan uning yadroviy dasturi kelajagi haqida uzoq davom etadigan muzokaralar yoki urushni qaytadan boshlash (bu urush esa allaqachon keng ko‘lamli energetika inqiroziga olib kelgan), shuningdek, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan nazorat uchun uzoq davom etadigan kurash.
Bu ssenariylarning har biri muhim strategik va siyosiy kamchiliklarga ega.
Vens muzokaralar tafsilotlariga to‘xtalmadi, faqat Eron tomoniga yadro dasturini butunlay to‘xtatishni nazarda tutuvchi taklifni yetkazgani va bu taklif rad etilganiga ishora qildi.
«Biz qizil chiziqlarimiz qayerdan o‘tishini aniq qilib tushuntirdik. Ularga qaysi masalalarda yon berishga tayyorligimizni ham. Ular esa shartlarimizni qabul qilmaslikka qaror qilishdi», – dedi Vens jurnalistlarga.
«Biz bu yerdan juda oddiy taklif bilan ketyapmiz, bu bizning o‘zaro kelishuvga erishish uchun eng yaxshi va yakuniy taklifimiz. Ko‘ramiz, eronliklar uni qabul qilarmikin», – deya qo‘shimcha qilgan u.
Eron esa muzokaralardagi muvaffaqiyatsizlikni tomonlar o‘rtasida o‘zaro ishonch yo‘qligi bilan bog‘ladi.
Eron parlamenti spikeri, Pokistondagi muzokaralarda Tehron delegatsiyasiga rahbarlik qilgan Muhammad-Boqir G‘olibof AQSh uchun «eronliklar ishonchini qozonish yoki yo‘qligini hal qilish vaqti kelgani»ni aytgan.
U X ijtimoiy tarmog‘idagi postida muzokaralardan oldin aytgan gaplarini eslagan: Eronda «diyonat va iroda» bor, ammo oldingi urushlar tajribasi tufayli unda «qarama-qarshi tomonga ishonch yo‘q».
Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron delegatsiyasi «istiqbolli tashabbuslarni ilgari surgan, biroq qarama-qarshi tomon muzokaralarning ushbu bosqichida Eron delegatsiyasining ishonchini qozona olmagan».
Eron TIV rasmiy vakili Ismoil Baqoiy esa «ikki yoki uchta muhim masala»dagi kelishmovchilik kelishuv tuzishga to‘sqinlik qilgani haqida gapirgan.
Baqoiy yakshanba kuni IRIB davlat telekanaliga bergan intervyusida tomonlar ayrim masalalarda kelishuvga erishganini aytib, boshqa masalalarda esa «qarashlardagi ixtiloflar mavjudligi»ni qayd etgan.
Baqoiy «diplomatiya yo‘li hech qachon tugamasligi»ni qo‘shimcha qilgan. «Muzokaralarning bir bosqichidayoq kelishuvga erishib bo‘lmasligi oldindan ma’lum edi. Kimdir shunday bo‘lishini kutgan deb o‘ylamayman», – degan u.
Shu bilan birga, Erondagi Fars davlat axborot agentligi muzokarachilar delegatsiyasiga yaqin manbasiga tayanib, Eronda hozirgi vaqtda «muzokaralarning keyingi bosqichini o‘tkazish bo‘yicha reja yo‘qligi»ni xabar qildi.
«Eron shoshilmayapti va AQSh oqilona kelishuvga rozi bo‘lmagunicha, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi vaziyat o‘zgarishsiz qoladi», – degan agentlik manbasi.
OAVda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi masalasi Eronning yadroviy dasturi bilan birgalikda ushbu muzokaralarda kelishuvga erishishda asosiy to‘siq bo‘lmoqda.
Islomoboddagi uchrashuvni ta’riflar ekan, Eron hukumati muhokama qilinadigan masalalar ro‘yxatida Ho‘rmuz bo‘g‘ozini birinchi o‘ringa qo‘ygan. «So‘nggi 24 soat ichida asosiy mavzularning turli jihatlari, jumladan, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi, yadro muammosi, harbiy reparatsiya, sanksiyalarni bekor qilish va Eronga qarshi urushni to‘liq to‘xtatish bo‘yicha muhokamalar bo‘lib o‘tdi», – deyiladi Eron Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
E’tiborli tomoni, Eron bilan oldingi muzokaralarda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi muammosi yo‘q edi. Ammo AQSh va Isroil 28 fevral kuni Eron hududini bombalashga kirishgach, Amerika harbiy mashinasiga simmetrik javob berish imkoniyatiga ega bo‘lmagan Tehron o‘zining eng qudratli qurolini – iqtisodiy qurolni ishga soldi.
Eron parlament vitse-spikeri Hoji Boboiy bo‘g‘oz Tehron uchun «qizil chegara» hisoblanishini ma’lum qildi, deb xabar beradi Mehr axborot agentligi. U bo‘g‘oz to‘lig‘icha Eron nazoratida ekani va «undan foydalanganlik uchun yig‘im Eron milliy valutasi hisoblangan riyolda to‘lanishi kerakligi»ni aytgan.
AQSh prezidenti Donald Tramp esa shanba kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida qoldirgan postida bo‘g‘oz «tez orada ochilishi»ni yozgan.
AQSh qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi ham shanba kuni suv yo‘lini minalardan tozalashga qaratilgan keng qamrovli amaliyot doirasida Amerikaning ikkita esminetsi Ho‘rmuz bo‘g‘ozini kesib o‘tgani haqida e’lon qildi. Eron tomoni esa bu ma’lumotni rad etib, «harbiy kemalarning Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tishga bo‘lgan har qanday urinishi qat’iyat bilan to‘xtatilishi»ni ma’lum qildi.

Tehron bilan har qanday muzokaralarda doimo ko‘tariladigan asosiy masala esa yadroviy dastur bilan bog‘liq. Islomobodda bu masalada ham oldinga siljish kuzatilmadi. Tehron va Vashington o‘rtasida Obama ma’muriyati davrida erishilgan so‘nggi yirik kelishuv uchun ikki yil sarflangandi. Va u murosalarga to‘la edi, jumladan, Eronga yadroviy arsenalining kichik bir qismini saqlab qolishga ruxsat berilgan va 2030 yilgacha uning yadroviy faoliyatiga qo‘yilgan cheklovlarni bosqichma-bosqich olib tashlash ko‘zda tutilgandi (shundan keyin Eronga Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq ruxsat etilgan har qanday yadroviy faoliyatni amalga oshirishga ruxsat berilardi).
Ammo Tramp 2018 yilda AQShni ushbu kelishuvdan olib chiqadi, endi esa Tehrondan yadro dasturidan to‘liq voz kechishni talab qilmoqda. Eron kelishuv tuzishga shoshilmayapti va shu tufayli fevral oyida Jyenevada bo‘lib o‘tgan muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchragan, shundan keyin Amerika prezidenti harbiy harakatlarni boshlashga buyruq bergandi.
Fevraldagi muzokaralarda eronliklar o‘z yadroviy amaliyotlarini bir necha yilga «to‘xtatib turish»ni taklif qilishgan, ammo boyitilgan uran zaxiralaridan (bu zaxiralar yadro quroli ishlab chiqarish uchun yetarli deb hisoblanadi) hamda o‘z hududida uranni boyitish imkoniyatidan butunlay voz kechishga rozi bo‘lishmagan.
Eron Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomani (u hech qachon yadroviy qurol yaratmaslik majburiyatini yuklaydi) imzolagan davlat sifatida uranni boyitish ishlarini amalga oshirishni o‘z huquqi deb biladi. AQSh esa buni Eron doim yadro quroli yaratish imkoniyatiga ega bo‘lishni istashi sifatida ko‘radi.
Tramp Eron AQSh harbiy qudrati qarshisida (Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, 13 000 dan ortiq nishonga zarba berilgan) taslim bo‘lishini kutgan edi. Eronliklar esa Amerika har qancha bomba yog‘dirmasin, taslim bo‘lmasligini ko‘rsatishga qat’iy qaror qilishdi.
AQSh Davlat departamentining Yaqin Sharq bo‘yicha sobiq muzokarachisi Aaron Devid Miller ular buning uchun yaxshi imkoniyatlarga ega deb hisoblaydi.
«Menimcha, ularda hali ham yuqori darajada boyitilgan uran bor. Ular geografik joylashuvdan qurol sifatida foydalana olishlarini namoyish etishdi, ular Ho‘rmuz bo‘g‘ozini nazorat qilmoqda va boshqarmoqda. Rejim omon qoldi. Ular xavfsizlik va barqarorlikka putur yetkazishdek dahshatli qobiliyatni namoyish etishdi. Bularning barchasi katta kuzirlar», – Miller CNN telekanaliga bergan intervyusida.
Tramp vaqtinchalik sulh rasman tugashini kutmasdan (ikki haftalik muddat 21 aprelda tugaydi) ham harbiy kartani o‘ynashda davom etishi mumkin. Ammo bu ssenariy nafaqat harbiy, balki siyosiy jihatdan ham juda foydasiz – Tehrondagilar buni yaxshi tushunishadi.
Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilgach, yuzaga kelgan og‘ir iqtisodiy oqibatlarni yumshatish (bo‘g‘oz yopilgach, jahon bo‘ylab tashiladigan neftning 20 foiz qismi o‘tmay qoldi, natijada AQShning o‘zida ham benzin narxi keskin ko‘tarildi, boshqa muhim resurslar qatorida yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish uchun geliy tanqisligi yuzaga keldi) uchun uchun otashkesim e’lon qilgandi, deb eslatadi New York Times. Vaqtinchalik sulhdan keyin bozorlarda o‘sish kuzatildidi. Agar urush qaytadan boshlansa, bu o‘sishlarning barchasi to‘xtaydi va AQShda allaqachon 3,3 foizga yetgan inflatsiya yanada oshishi muqarrar.
Biroq endi Tehron bo‘g‘oz ustidan nazorat masalasini boshqa talablar, jumladan, AQSh zarbalari natijasida yetkazilgan zarar qoplanishi va mamlakatga qarshi yigirma yildan ortiq vaqt davomida amal qilgan sanksiyalar bekor qilinishi bilan bog‘lamoqda. Amerika Qo‘shma Shtatlari, aftidan, bo‘g‘ozni muzokaralar orqali ochish imkoniyatini ko‘rib chiqmayapti. Fors ko‘rfaziga Amerikaning ikkita harbiy kemasi kelishi Vashington buning uchun boshqa vositalardan foydalanishga tayyorlanayotganidan dalolat beradi.
Ko‘rinishidan, AQShning mintaqadagi eng yaqin ittifoqchisi Isroil ham Eron rejimiga qarshi amaliyotlarini to‘xtatish haqida o‘ylamayapti: Islomobodda muzokaralar davom etayotgan bir paytda bosh vazir Binyamin Netanyahu Isroilning Eronga qarshi harbiy kampaniyasi hali tugamaganini aytdi. «Isroil mening rahbarligim ostida Eron terrorchi rejimi va uning gumashtalariga qarshi kurashni davom ettiradi», – deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘idagi postida.
Vensning Islomobodga safari har ikki tomon ham o‘zini birinchi raund g‘olibi deb hisoblashini aniq ko‘rsatdi: Qo‘shma Shtatlar Eronga shuncha bomba yog‘dirgani, eronliklar esa bunga bardosh bergani uchun. Tomonlarning hech biri murosaga borishga tayyor emasdek ko‘rinmoqda.
Mavzuga oid
10:10
AQSh vitse-prezidenti: Eron keyingi yo‘lni o‘zi tanlaydi
22:20 / 13.04.2026
Tramp Eron portlarining to‘liq dengiz qamali boshlanganini ma’lum qildi
22:16 / 13.04.2026
Sud Trampning WSJ nashriga 10 milliard dollarlik da’vosini rad etdi
20:22 / 13.04.2026