Bugun «Mendirman Jaloliddin» seriali namoyishi boshlanadi
Bugun, 14 fevral kuni soat 20:30da «Milliy» telekanalida O‘zbekiston va Turkiya hamkorligida suratga olingan «Mendirman Jaloliddin» seriali premerasi bo‘ladi. Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, serial loyihasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘z kanalidagi postida ushbu tarixiy serial tomoshabinlarga manzur kelishiga ishonch bildirdi.
«Xudo xohlasa, bugun, 14 fevral kuni soat 20:30da «Milliy» telekanalida uzoq kutilgan «Mendirman Jaloliddin» serialimizning premerasi bo‘ladi.
Serial efirga uzatilmasdanoq odamlarda katta qiziqish uyg‘otdi va qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Bu – tabiiy. To‘laqonli kino ko‘rinishidagi tarixiy serial olish amaliyoti bizda deyarli yo‘lga qo‘yilmagan. Demak, bu – biz uchun yangilik. Yangi havo esa har qanday jamiyatni doim to‘lqinlantiradi.
Serialimiz kimgadir yoqishi, kimgadir ma'qul kelmasligi ham tabiiy holat. Biz premeradan so‘ng fikrlar turli-tuman bo‘lishiga tayyormiz. Odamlar o‘z mulohazasini erkin bildirishi jamiyatning ochiqligi belgisidir.
Masalan, eng ko‘p savol filmda nega bosh rolga turk aktyori taklif etilgani haqida bo‘ldi. Asosiy maqsad serial orqali aktyorlarni tanitish emas, balki taniqli aktyorlar orqali jahonga millatimiz qahramonlarini namoyon qilishdir.
Serial to‘qima obrazlar va voqealar bilan boyitildi. Serialning asosiy maqsadi — tomoshabinlarda tarixiy qahramonlarga, tarixiy voqealarga qiziqish uyg‘otish. Odamlar o‘zimizning boy tariximizga qiziqib, uni o‘rganishlari — serialning eng katta maqsadi. Serial, hujjatli filmlardan shunisi bilan farq qiladi.
«Ancha budjet mablag‘i sovurilibdi», degan gaplar ham bo‘ldi. Ammo bu ta'na asossiz. Serial to‘liq homiylar ko‘magida ishlandi. Buning uchun bosh homiy «Orient Finans Bank»ga minnatdorlik bildiramiz.
Azizlar, bugun «Mendirman Jaloliddin» filmi ijodkorlari va bu loyihani qo‘llab-quvvatlagan barcha uchun uzoq kutilgan bayram! Keling, maza qilib serialni tomosha qilaylik. Serialimiz sizga yoqadi, degan umiddamiz», degan u.
Chingizxon boshchiligidagi mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi kurashgan shahzoda Jaloliddin Manguberdiga bag‘ishlangan «Mendirman Jaloliddin» seriali Turkiyaning «Tirilish-Ertug‘rul» va «Qurilish-Usmon» kabi seriallari bilan mashhur bo‘lgan «Bozdag film» kompaniyasi tomonidan suratga olingan.
Turkiyadagi 30 gektar maydonda barpo etilgan «Bozdag film» platosida O‘zbekistonning XIII asrga oid muhiti jonlantirilgan. 1200 nafar ishchi-xizmatchining mehnati bilan 3500 kvadrat maydonda balandligi 5,5 metr bo‘lgan ikki qavatli Xorazmshoh saroyi qad ko‘targan. Gurganj ko‘chalari, aholi yashaydigan uylar, katta bozor ham davrga uyg‘un tarzda bunyod etilgan. Istanbuldan 750 kilometr masofadagi Oqsaroy muzofotida sahro jang sahnalari suratga olingan. Liboslar ustida esa 200dan ortiq kishi mehnat qilgan.
Serialda bosh qahramon Jaloliddin Manguberdi rolini turk aktyori Emre Kiviljim ijro etgan. Shuningdek, bir qator o‘zbekistonlik aktyor va aktrisalar - Tohir Saidov, Javohir Zokirov, Akbarxo‘ja Rasulov, Saida Rametova, Rayhon Ulasenova, Ra'no Shodiyeva, Feruza Normatova va Yulduz Rajabova ham ushbu loyihada ishtirok etishgan.
Serialning ilk mavsumi 13 qismdan iborat.